16:00 / 17.09.2019
0
5075

«O‘zbekkino» BBC bilan hamkorlikda O‘zbekiston haqida hujjatli filmlar suratga olish bo‘yicha yirik loyihani amalga oshirmoqchi

Foto: O‘zbekkino

Londonda “O‘zbekkino” Milliy agentligi rahbariyati BBC Broadcasting House kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi. 

Uchrashuv doirasida so‘nggi 3 yil ichida Markaziy Osiyoda yuz bergan tarixiy o‘zgarishlar, jumladan, O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi munosabatlarning qayta tiklanishi va bu o‘zgarishlar oddiy odamlar, umuman mintaqa hayotiga qanday ta'sir ko‘rsatayotgani haqida hikoya qiladigan bir qator hujjatli filmlarni suratga olish bo‘yicha kelishuvga erishildi. 

Bundan tashqari, tarixiy va madaniy yo‘nalishda ham qator filmlar yaratishga kelishib olindi. Bu ro‘yxatda O‘rta Osiyoning birinchi fotosuratchisi va o‘zbek kinosining asoschisi Xudoybergan Devonov haqidagi film yetakchilik qiladi.

Kompaniyaning AQSh va Yevropa davlatlarida biznesni rivojlantirish bo‘yicha rahbari Frederik Durman uchrashuv chog‘ida Bi-bi-si O‘zbekiston bilan jadal va samarali xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdan mamnun ekanligini, yangi loyihalarning amalga oshirilishi nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda Bi-bi-si auditoriyasini kengaytirishini ta'kidladi.

"Kattalangar Qur'oni: Afsona va haqiqatlar" loyihasining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi Bi-bi-si va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning muvaffaqiyatli namunasi bo‘ldi. Ushbu film orqali biz jahon, ayniqsa Yaqin Sharq auditoriyasiga O‘zbekistonning boy madaniy merosi, shuningdek, ma'rifatparvar islom g‘oyalari haqida ma'lumot berishga harakat qildik", dedi Yaqin Sharq mintaqasi bo‘yicha jurnalistika bo‘limi boshlig‘i Salim Patka uchrashuv davomida.

O‘z navbatida, “O‘zbekkino” milliy agentligi bosh direktori F. Abduxoliqov birgalikda nafaqat hujjatli filmlar yaratish, balki O‘zbekistondagi yosh hujjatli kino ustalarining ijodiy saviyasini oshirishga qaratilgan o‘quv seminarlarini muntazam ravishda o‘tkazish muhimligini ta'kidladi. 

“Kino haqida so‘z borarkan, hujjatli kinodek dunyoga mashhur janrni unutmaslik kerak. Bugungi kunda keng auditoriyani jalb qila oladigan hujjatli filmlar yaratishda o‘ziga xos usullar, ijodiy yondashuvlar mavjud. Umid qilamizki, ushbu loyiha dunyoga yangi O‘zbekiston va uning buyuk tarixi haqidagi yangi filmlarni taqdim etish barobarida, O‘zbekiston hujjatli kinosi yosh vakillarining yanada kamol topishi, tajriba orttirishi, yangi ko‘nikmalar hosil qilishida muhim o‘rin tutadi”, deydi F.Abduxoliqov. 

Shuningdek, BBC o‘zbek xizmati O‘zbekiston madaniyati va san'ati haqida 10 daqiqalik haftalik dasturlar berib borishini ma'lum qildi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top