Bugun, 19 sentabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Investitsiya va tashqi savdo sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2019 yil 28 yanvarda imzolangan farmoni yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Berilgan ma'lumotlarga qaraganda, investitsiya va tashqi savdo sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirishning muhim yo‘nalishlari, Tashqi savdo vazirligi va Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tashkil etildi va uning asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlari belgilandi. Bu vazirlik investitsiya va savdo faoliyatiga yoki siyosatiga salbiy ta'sir ko‘rsatadigan muammolarni o‘rganish va ularni hal etishda yetakchi bo‘g‘in hisoblanadi.
Vazirlik mutasaddilari savollarga quyidagicha javob berishdi:
– Markaziy Osiyo davlatlari orasida O‘zbekistonning investitsiyalar jalb qilishdagi o‘rni qanday? Qo‘shni davlatlar bilan solishtirganda biz qanday darajalarga erishyapmiz?
– Shubhasiz, so‘nggi yillarda mamlakat investitsiya muhitini tubdan yaxshilash, byurokratik to‘siqlarni bekor qilish, valutani erkinlashtirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar investitsiyalarni, ayniqsa xorijiy investitsiyalar jalb qilishni keskin oshirishda muhim o‘rin egalladi.
Qayd etish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi xorijiy investitsiyalarni jalb qilishning o‘sish sur'atlari bo‘yicha bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlari orasida yetakchi o‘rinni egallab kelmoqda.
Xususan, joriy yilning o‘tgan 8 oyida jalb qilingan xorijiy investitsiyalar 8,3 mlrd. dollardan ortib, o‘tgan 2018 yilning mos davriga nisbatan 3 barobar o‘sdi.
Alohida e'tibor xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda tarmoqlar diversifikatsiyasiga qaratilmoqda. Jahon iqtisodiyotiga, shu jumladan markaziy Osiyo davlatlariga jalb qilinayotgan xorijiy investitsiyalar tarkibi tahlil qilinganda, ular asosan xom-ashyo resurslarini qazib olishga, xususan, neft-gaz tarmog‘iga qaratilganligini kuzatish mumkin.
O‘zbekiston Respublikasida so‘nggi yillarda xorijiy investitsiyalar tarkib jihatdan ham tubdan o‘zgarmoqda va boshqa tarmoqlar o‘rtasidagi diversifikatsiyaga e'tibor qilinmoqda. Jumladan, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishning faol o‘sishi sur'atlari metallurgiya (2,4 barobar), tekstil sanoati (2,7 barobar), farmatsevtika sanoati (6,3 barobar), oziq-ovqat sanoatida (3,1 barobar) kuzatish mumkin.
Xorijiy investitsiyalarni jalb qilishning keskin o‘sish sur'atlarini hududiy ahamiyatga ega bo‘lgan loyihalarda ham kuzatish mumkin. Jumladan, ushbu investitsiyalarning o‘sish hajmi 2018 yilning mos davriga nisbatan 10 barobarni tashkil etdi.









