Namangan shahar hokimi Pokistonda muhim shartnomalar imzolamoqda
O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi tomonidan tashkil qilingan safar davomida Namangan shahri hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov boshchiligidagi delegatsiya Pokistonda bir qancha muhim kelishuvlarga erishgan. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qildi.
Jumladan, Namangan muhandislik-texnologiya instituti va Pokistonning Milliy yengil sanoat universiteti o‘rtasida memorandum imzolandi. Bitimga muvofiq, Namangan shahrida tekstil mahsulotlarini sertifikatlash laboratoriyasi tashkil etiladi. Ikki OTM o‘rtasida qo‘shma o‘quv dasturlari ishlab chiqiladi, hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlari olib boriladi. Yil oxiriga qadar Namanganga universitet professor-o‘qituvchilari va mutaxassislari delegatsiyasi kelishi ko‘zda tutilmoqda.
«Travel Inn Hotel» kompaniyasi tomonidan Namanganda 100 o‘rinli mehmonxona qurish taklifi bildirildi. Buning uchun kompaniya rahbariyati O‘zbekistonga kelib, mavjud shart-sharoitlarni o‘rganadi.
«Marhaba Laboratories LTD» kompaniyasi O‘zbekistonda tabiiy o‘simliklardan ishlab chiqarilgan dori vositalarini Pokistonga eksport qilish masalasiga qiziqish bildirdi. Kompaniya Namanganda shu yo‘nalishda o‘z ishlab chiqarishini ham yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.
Uchrashuvlar davomida mezbonlarga Namangan shahrining salohiyati, turizm va tekstil sohasidagi imkoniyatlari tanishtirildi. «Istiqlol tekstil dizayn» («Ideal» brendi) , «Samira Amir tekstil» hamda «Gabon tekstil» MChJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan tekstil mahsulotlari, tayyor kiyim-kechaklar namunalari targ‘ib qilindi.
Safar davomida Namangan shahri hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Panjob viloyati gubernatori Muhammad Sarvar va Lahor shahri hokimi Muhammad Asif bilan muzokaralar olib bordi.
Pokistonning Neo TV telekompaniyasi «Aap Ki Avaz» tok-shousining Namangan viloyatiga bag‘ishlangan maxsus sonini efirga uzatdi. Uning auditoriyasi 50 milliondan ortiq kishini tashkil etgani aytilmoqda.
Mavzuga oid
20:17 / 13.11.2024
Pokistonda to‘y avtobusi daryoga qulashi oqibatida 22 kishi halok bo‘ldi
19:27 / 13.11.2024
Pokiston va Hindistonni qoplagan tutun koinotdan ko‘rina boshladi
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
21:11 / 11.11.2024