Jamiyat | 14:35 / 19.09.2019
47922
3 daqiqa o‘qiladi

Qirqdan o‘tgan bo‘lsa-da, hali bo‘ydoq surxondaryolik nogiron aka-ukalarga boshpana va yordam kerak

Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidan tushgan murojaatni o‘rganish uchun, tumanning «Boybuloq» mahallasida bo‘ldik. Bu yerda aka-uka Rustam va Panji Qodirqulovlar juda abgor ahvolda yashashadi.

Tahririyatimizga ularning nomidan akasi Bahodir Qodirqulov murojaat qildi va ukalariga yordam aksiyasini tashkillashtirib berishimizni so‘radi.

Aka-ukalarning otasi Allanazar Qodirqulov 1941 yilda tug‘ilgan va 2003 yilda vafot etgan. Ularning onasi uzoq 1988 yilda vafot etib ketgan. Oilada 6 o‘g‘il ikki qiz voyaga yetgan. Qayd etmoq joizki, ularning barchasi mehribonlik uyida voyaga yetishgan.

Ayni paytda 1973 yilda tug‘ilgan Rustam va 1975 yilda tug‘ilgan Panji Qodirqulovlar otasidan qolgan shu chordevorda yashab kelishmoqda. Ular odamlarnikida kundalik yumushlar bilan band bo‘lib, zo‘rg‘a kun ko‘rishmoqda. Umuman, bu yerda yashash, ishlash uchun sharoit mutlaqo yo‘q. Otadan qolgan eski chordevorni ham tobora termit kemirib bormoqda. Bir parcha tomorqaga suv chiqmaganidan yantoq bosib ketgan.

Masalan, Rustam Qodirqulov hanuz SSSRning pasporti bilan yuribdi. Nogironligi bor, lekin guruhga chiqarilmayapti. Panji Qodirqulov ham nogiron, u nogironlik nafaqasini oladi. Bu ikki aka-uka haligacha bo‘ydoq. Uylanmagan. «Kim ham qiz berardi bu yerga?», deydi akasi.

Ular istiqomat qilayotgan choldevorning yuqorisida qabriston joylashgan va uy qabristonning sanitariya-muhofaza zonasida barpo etilgan.

Biz masalada Sherobod tuman yer resurslari va davlat kadastri idorasiga murojaat qilganimizda, ularga pastroqdan uy qurish uchun va dehqonchilik qilish uchun alohida yer ajratib berilishini ma'lum qilishdi.

Aka-ukalar bu yerga anor ekib, ro‘zg‘orga sabzavotlar yetishtirib, el qatori daromad qilishlari mumkin. Faqat ularga kichikroq va qulayroq boshpana qurib berish kerak. O‘zlarining bunga qurbi yetmaydi.

Mehnatga layoqatli akasi Bahodir Qodirqulov Toshkent shahrida mardikorchilik qiladi. O‘zining oilasidan ortmaydi. Ularning eng katta akasi qamoqda jazoni o‘tamoqda, yana bir akasi vafot etgan. Ukalari Rossiyada mehnat migratsiyasida. Singillar turmush qurib, o‘zlaridan tinchib ketishgan.

Biz Surxondaryo viloyati, Sherobod tumani mas'ullarini, butun O‘zbekiston xalqini ushbu parokanda bo‘lib turgan oilaga yordam qo‘lini cho‘zishga chaqirib qolamiz. Aka-ukalarga ajratib berilayotgan yer uchastkasida yangi imorat barpo etish kerak. Ularga mablag‘ va qurilish materiallaridan yordam kerak.

Bu oilaga yordam qo‘lini cho‘zmoqchi bo‘lgan saxiy insonlar Qodirqulovlarning akasi — Bahodir Qodirqulov nomiga ochilgan plastik kartochkaga pul tashlab berishlari mumkin:

Click/Payme: 8600 0417 2614 0552.

Bahodir QODIRQULOV

Shuhrat ShOKIRJONOV tayyorladi.

Mavzuga oid