O‘zbekistonga kelayotgan xorijiy fuqarolar uchun yangi kirish vizasi joriy etildi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-5611-son Farmoniga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.
Prezidentning 2019 yil 5 yanvardagi PF-5611-son farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyuruvchi xorijiy fuqarolarning ayrim guruhlari uchun qo‘shimcha (elektron bo‘lmagan) kirish vizalari toifalarini joriy etish ro‘yxatiga 6-band qo‘shildi.
Qo‘shimcha tarzda joriy etilayotgan «Investment visa» — amal qilish muddati uch yilgacha bo‘lgan ko‘p martalik investitsiya vizasidir. U xorijiy investitsiya kiritish vaqtida O‘zbekiston Respublikasida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining kamida 8500 baravarida xo‘jalik jamiyatlarining aksiyalari va ulushlarini sotib olayotgan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga rasmiylashtiriladi.
Shuningdek, viza xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tashkil etish shaklida O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotiga investitsiya kiritganlarga ham beriladi. Bunda ushbu korxonalarning buyurtmasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqmasdan viza muddatini uzaytirish imkoniyati mumkin bo‘ladi.
Investorning oila a'zolari (turmush o‘rtog‘i, ota-onasi va farzandlari)ga «Investment visa» amal qilish muddatiga mos ravishda mehmon vizasi respublikadan chiqmasdan turib uzaytirish huquqi bilan rasmiylashtirib beriladi.
O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyuruvchi xorijiy fuqarolarning ayrim guruhlari uchun qo‘shimcha (elektron bo‘lmagan) kirish vizalari toifalarini joriy etish ro‘yxati shu kunga qadar quyidagicha edi:
«Vatandosh» — O‘zbekiston Respublikasida tug‘ilgan shaxslar va ularning oila a'zolari uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan va uning hududida doimiy yashovchi qarindoshlarining taklifnomasi asosida beriladigan 2 yillik viza;
«Student visa» — O‘zbekiston Respublikasining ta'lim muassasalari, tasarrufida ta'lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning iltimosnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan ta'lim muassasalariga qabul qilingan xorijiy talabalarga beriladigan bir yillik viza;
«Academic visa» — O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasidagi ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, oliy ta'lim muassasalari, vazirlik yoki idoralar iltimosnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasida ilmiy-tadqiqot va pedagogik faoliyatni amalga oshirishni istagan xorijiy shaxslar uchun 3 oydan 2 yilgacha bo‘lgan muddatga beriladigan viza;
«Medical visa» — tibbiy muassasaning taklifiga binoan davolanish uchun O‘zbekiston Respublikasiga kiruvchi xorijiy fuqarolar uchun 3 oygacha bo‘lgan muddatga beriladigan viza;
«Piligrim visa» — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va turistik faoliyat sub'yektlarining arizasiga ko‘ra O‘zbekistonning madaniy-tarixiy va diniy merosi, an'analarini o‘rganish maqsadida kiruvchi xorijiy fuqarolar uchun 2 oygacha bo‘lgan muddatga beriladigan ziyorat vizasi.
Mavzuga oid
23:32 / 13.11.2024
Florensiya «haddan ziyod turizm»ga qarshi kurash bo‘yicha yangi choralar qabul qildi
18:48 / 05.11.2024
Green Card uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish 2 kunga uzaytirildi
21:49 / 04.11.2024
O‘zbekistonliklar 2024 yilda Qozog‘istonda eng ko‘p pul sarflagan xorijliklar qatoriga kirdi
10:26 / 03.11.2024