Jamiyat | 12:42 / 20.09.2019
4180
2 daqiqa o‘qiladi

Pulli avtoturargohlarda elektron to‘lov tizimini joriy etish taklif qilindi

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida pulli avtoturargohlarda elektron to‘lov tizimini joriy etish haqida petitsiya e'lon qilindi.

“Yurtimizdagi barcha pulli avtoturargohlarda elektron to‘lov tizimini joriy qilish kerak. Hozirda yurtimizdagi bozorlar yaqinidagi va boshqa joylardagi pulli avtoturargohlarda to‘lovlar asosan naqd pul orqali amalga oshiriladi”, - deyiladi murojaatda. 

Qayd etilishicha, bu holat ayrim hollarda kunlik va oylik tushumlarning to‘liq ro‘yxatdan o‘tmasligi hamda belgilangan hisobga tushmasligiga olib kelishi mumkin. Natijada, bozor infratuzilmasini yaxshilash uchun sarflanadigan mablag‘larning kamayishiga, shuningdek tushumdan olinadigan soliqlarning to‘liq undirilmasligiga olib kelishi mumkin. 

“Shu maqsadda, barcha pulli avtoturargohlarda elektron to‘lov tizimini joriy qilishni taklif qilmoqchimiz. Hozirda yurtimizda yangidan muomalaga kiritilayotgan “Humo” kartalari kontaksiz texnologiya vositasida to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatini beradi, ya'ni fuqarolar kartani terminalning o‘qish qurilmasiga bir marotaba tekkizishi orqali to‘lovni amalga oshirishlari mumkin. Mazkur kartalar elektron to‘lov tizimini joriy qilish uchun yetarli imkoniyat yaratadi, deb hisoblaymiz”, - deb yozadi petitsiya muallifi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, pulli avtoturargohlarda elektron to‘lov tizimini joriy etish taklif qilingan.

Mavzuga oid