O‘zbekiston | 12:30 / 21.09.2019
11078
3 daqiqa o‘qiladi

To‘lov tashkilotlariga yangi vakolatlar berish rejalashtirilyapti

Foto: Fotolia / Hamik

2019 yil 19 sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining turli jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta'minlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar.

Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, parlament a'zolari “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda muhokama qildilar.

Ta'kidlanganidek, bugungi raqamli texnologiyalarning rivojlanishi to‘lov xizmatlari bozorini ham taraqqiy ettirishni taqozo qilmoqda. Biroq hozirda yurtimizda to‘lov agregatorlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar ko‘lami cheklangan bo‘lib, ular asosan mobil aloqa, internet, kommunal va boshqa ayrim xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirib kelyapti. Boisi to‘lov tashkilotlari va to‘lov tizimi operatorlarining faoliyati na bank qonunchiligi, na boshqa me'yoriy-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi. To‘lovlar va to‘lov tizimlarini tartibga solish, nazorat qilish borasida aniq bir davlat organining vakolat va majburiyatlari qonunchilikda aniq belgilab berilmagani ham mazkur sohada xatarlarni vujudga keltirmoqda.

Deputatlar muhokama qilgan mazkur qonun loyihasi bu boradagi xavf-xatarlarning oldini olish bilan birga, qator dolzarb masalalarni hal etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Loyiha, avvalo, ushbu tashkilotlar tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarning ko‘lamini kengaytiradi, to‘lov tashkilotlariga mikromoliya xizmatlarini ko‘rsatish, elektron pullar bilan operatsiyalar amalga oshirish kabi xizmatlarni taqdim etish vakolatini beradi. Bu o‘zgarishlar elektron xizmatlar ommabopligini oshiradi, to‘lovchilar uchun qulayliklar yaratadi.

Ana shu muhim jihatlar inobatga olinib, ushbu qonun loyihasi joriy yilning 3 iyul kuni Qonunchilik palatasining yalpi majlisida birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilingan edi. O‘tgan vaqt mobaynida mas'ul qo‘mita hamda ishchi guruh tomonidan bir necha bor muhokamalar o‘tkazildi, tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida loyihaning qoida va normalari takomillashtirildi. Norma ijodkorligi talablaridan kelib chiqib, loyihadan havolaki normalar chiqarilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan moddalar kiritildi.

Majlisda so‘zga chiqqan deputatlar ham, tijorat banklari mutasaddilari hamda to‘lov tizimi operatorlari ham bugungi kunda mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi muhim ahamiyatga egaligi, unga juda katta ehtiyoj mavjudligini ta'kidladilar. Ularning fikricha, loyihaning qabul qilinishi respublika milliy to‘lov tizimlarining uzluksizligini ta'minlashga va barqarorligini oshirishga, banklar va to‘lov tashkilotlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti yaratilishiga, to‘lov tizimi operatorlari hamda to‘lov tashkilotlari xizmatlaridan foydalanuvchilarning huquq va manfaatlarini muhofazalashga xizmat qiladi.

Mavzuga oid