O‘zbekiston | 20:47 / 24.09.2019
9616
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Saudiya Arabistoni Podshohligi milliy kuni nishonlandi

23 sentyab kuni Toshkentdagi Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida Saudiya Arabistoni Podshohligi Milliy kunining 89 yilligi munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Podshohlikning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan tashkil qilingan mazkur tadbirda O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari – moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov, o‘nlab davlat elchixonalari vakillari va boshqa mehmonlar ishtirok etdi.

Tadbirda Saudiya Arabistonining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Hishom bin Mish'al bin Suvaylim Ol Suvaylim so‘zga chiqib, Saudiya Arabistoni Podshohligi e'lon qilingan kun va mamlakatda bugungi kunga qadar amalga oshirilgan o‘zgarishlar haqida gapirdi.

«Podshohlik o‘z hududlari birlashtirilganidan keyin Islom dini tamoyillaridan kelib chiqib, xalqaro munosabatlarda mo‘'tadillik, boshqa davlatlar ishlariga aralashmaslik, tamoyillariga asoslangan siyosat yuritdi, Ikki muqaddas masjidga xizmat qilishni o‘z zimmasiga oldi, ziyoratchilar, umrachilar va hojilar o‘z amallarini emin-erkin ado etishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berdi.

Podshohlik 2016 yilda «2030 yilga Saudiya Arabistonining nazari» nomli iqtisodiy islohotlar va taraqqiyotning keng ko‘lamli rejasini e'lon qildi. Bu yilgi milliy kun «Yuksalish yo‘lida sa'y - harakat» shiori ostida nishonlanmoqda. U Podshohlikni kuchli rahbariyat bilan taraqqiyotning yuqori darajasiga olib chiqqan milliy birlikni aks ettiradi», dedi u.

Hishom bin Mish'al bin Suvaylim Ol-Suvaylim shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni podshohligi o‘rtasidagi aloqalarning bugungi holatiga ham to‘xtalib o‘tdi. 

Jumladan, «Saudiya Arabistoni podshohligi va qardosh O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi aloqalar 1992 yilda o‘rnatilgandan beri o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Bu yil mazkur aloqalar o‘rnatilganiga 28 yil to‘ldi.

O‘zaro aloqalarimiz davomida ikki mamlakat rahbarlari va yuqori darajadagi mas'ullar o‘rtasida qator tashriflar amalga oshirildi va uchrashuvlar o‘tkazildi, bir qator bitimlar imzolandi, turli sohalarda o‘zaro aloqalar yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, ikki mamlakat va birodar xalqni birlashtirib turadigan umumiyliklar ko‘p bo‘lib, ularning orasida din va tarix mushtarakligi hamda quda-andachilik rishtalari alohida ajralib turadi», deya elchining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bayramona tadbir davomida mehmonlarga Saudiya Arabistoni milliy taomlari tortiq qilindi.

Mavzuga oid