O‘zbekiston | 09:01 / 25.09.2019
8494
4 daqiqa o‘qiladi

Moliya vazirligi ta'lim sohasi uchun ajratilgan mablag‘lar to‘g‘risida ma'lumot berdi

O‘zbekistonda ta'lim sohasini moliyalashtirish uchun 2017-2018 yillarda jami 10,4 trln. so‘m va 13,7 trln. so‘m budjet mablag‘lari ajratilgan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 19,9 trln. so‘mni tashkil etishi kutilmoqda.

Moliya Vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, prezidentning 2018 yil 14 avgustdagi PQ-3907-sonli qaroriga muvofiq, 2018 yilning 1 sentyabridan boshlab shu kunga qadar o‘qituvchilarning ish haqi miqdorlari o‘rtacha 1,6 baravarga oshirildi. Masalan, 2018 yil sentyabrga qadar umumta'lim maktabining 1-toifali o‘qituvchisi bazaviy tarif stavkasi miqdori 1 387,0 ming so‘m bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda 2 216,0 ming so‘mni tashkil etadi.

Bundan tashqari, 2019 yilda «Mehribonlik» uylari, jismoniy va aqliy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari va ayrim fanlarga ixtisoslashtirilgan umumta'lim muassasalari ayrim xodimlarining ish haqi ham ikki bosqichda 2 baravargacha oshirildi.

Masalan: «Mehribonlik» uyi oliy ma'lumotli tarbiyachisining oylik ish haqi 2019 yil 1 martgacha ustama bilan birga 1 180 ming so‘m bo‘lsa, 2019 yil 1 oktyabrdan 2 422 ming so‘mni tashkil etadi. Xuddi shunday, imkoniyati cheklangan bolalar uchun maxsus ta'lim muassasalarining oliy ma'lumotli tarbiyachisi 2019 yil 1 martgacha qo‘shimcha ustama bilan hisoblanganda 1 573 ming so‘m ish haqi olsa, 2019 yil 1 oktyabrdan 2 825 ming so‘mga yetkaziladi.

Umumta'lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy ta'mirlash ishlari uchun 2017-2019 yillarda davlat budjetidan jami 5 464,0 mlrd.so‘m mablag‘ ajratildi. Shundan, 2017 yilda 1 196,2 mlrd. so‘m, 2018 yilda 1 529,1 mlrd. so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2019 yilga kelib 2 738,9 mlrd. so‘m yoki 2017 yilga nisbatan 2,29 baravarga ko‘proq mablag‘ ajratilgan.

Buning natijasida, umumta'lim maktablarini qurilish-ta'mirlash ishlari jadallashtirildi, agar 2017 yilda 486 ta umumta'lim maktablarida qurilish-ta'mirlash ishlari, shundan 12 ta maktablar yangidan qurilgan bo‘lsa, 2019 yilga kelib 762 ta, shundan 51 ta yangi qurilish yoki 2017 yilga nisbatan qurilish-ta'mirlash ishlari 1,6 baravarga, shundan yangi qurilish 4,2 baravarga ko‘paydi.

Mazkur olib borilgan ishlar natijasida oxirgi uch yil ichida qo‘shimcha ravishda 28 304 ta o‘quvchi o‘rinlari yangi qurish hamda 148 228 o‘quvchi o‘rinli qo‘shimcha o‘quv binolari rekonstruksiya qilish orqali foydalanishga topshirildi, 392 ta sport zallar qurildi.

Shu bilan birga, umumta'lim muassasalarini zarur mebel, o‘quv laboratoriya uskunalari va sport anjomlari bilan jihozlash uchun 2017 yilda 69 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, 2018 yilda 90,0 mlrd. so‘m,
2019 yilda esa 100,0 mlrd. so‘m yoki 2017 yilga nisbatan 1,49 baravar ko‘p mablag‘ ko‘zda tutilgan.

2017-2019 yillarda umumta'lim maktablari 20 552 to‘plam sinf xonalari (partalari), 954 to‘plam o‘quv laboratoriya uskunalari, 929 to‘plam sport jihozlari bilan ta'minlanadi.

Hozirgi vaqtda 2018 yilda maktablarni jihozlash uchun ajratilgan mablag‘lardan 7,0 mlrd. so‘mi hamda 2019 yilda ajratilgan 100,0 mlrd. so‘m mablag‘ mavjud bo‘lib, mazkur mablag‘larni ishlatish jarayoni davom etmoqda.

Umumta'lim maktablarini qurish-ta'mirlash va jihozlash uchun 2020-2022 yillarda 7,0 trln. so‘mdan ziyod davlat budjetidan mablag‘lari yo‘naltirish rejalashtirilmoqda.

Mavzuga oid