O‘zbekiston | 12:06 / 25.09.2019
8646
9 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklarning xorijda ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarini O‘zbekistonga qaytarish tartibi e'lon qilindi

Foto: Fotolia

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijda ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarini O‘zbekiston Respublikasiga qaytarish borasidagi faoliyatni takomillashtirish tartibi to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijda ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarini O‘zbekiston Respublikasiga qaytarish tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlanadi.

Belgilanishicha:

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijda ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 3 yoshdan katta yoshdagi bolalarini O‘zbekiston Respublikasiga qaytarish Ichki ishlar vazirligi tomonidan, 3 yoshga to‘lmagan bolalarini O‘zbekiston Respublikasiga qaytarish Xalq ta'limi vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining hamkorligida amalga oshiriladi;

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijda ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarini O‘zbekiston Respublikasiga qaytarishda boshqa davlatlar bilan bog‘liq hujjatlarni rasmiylashtirish O‘zbekiston Respublikasi ishtirokchisi bo‘lgan xalqaro shartnomalarga muvofiq Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tashkil etiladi;

voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyalar, ta'limni davlat tomonidan boshqarish organlari, ta'lim muassasalari, davlat sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish organlari, sog‘liqni saqlash muassasalari, FHDYo, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, boshqa davlat organlari va tashkilotlar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijda ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarini O‘zbekistonga qaytarishni amalga oshirishda ishtirok etuvchilar deb hisoblanadi;

barcha vazirlik va idoralar hamda ularning hududiy va tarkibiy tuzilmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) hokimliklari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijda ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalari bo‘yicha vakolatli organlarining so‘rovnomalarini o‘rganib chiqib, tegishli ma'lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etilishi ta'minlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijda ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarini O‘zbekiston Respublikasiga qaytarish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, vakolatli organlar O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlariga, boshqa normativ-huquqiy hujjatlariga, O‘zbekiston Respublikasi ishtirokchisi bo‘lgan xalqaro shartnomalarga, shuningdek Nizomga muvofiq bolalarni qaytarish borasidagi ishlarni amalga oshiradi.

Bolalarni qaytarish borasidagi faoliyat O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi Bolalarni ijtimoiy himoyalash va qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi tomonidan muvofiqlashtirilib boriladi.

Xorijda ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining bolalari bo‘yicha ma'lumotlar ushbu davlatlarning vakolatli organlaridan O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi muassasasiga kelib tushgan kuni zudlik bilan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamentiga yuboriladi.

Konsullik-huquqiy departamenti O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik muassasasidan xorijdagi bolalar bo‘yicha ma'lumotlarni bir ish kunida vakolatli vazirlik va idoralarga yuboradi.

Konsullik-huquqiy departamenti xorijdagi bolalar bo‘yicha ma'lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi ishtirokchisi bo‘lgan xalqaro shartnomalarda belgilangan tartibda o‘zaro axborot almashish yo‘li bilan ham olishi mumkin.

Konsullik-huquqiy departamenti 3 yoshdan katta bo‘lgan xorijdagi bolalar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni, ularni qaytarish tadbirlarini amalga oshirish uchun Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasiga, 3 yoshgacha bo‘lgan xorijdagi bolalar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni, ularni qaytarish tadbirlarini amalga oshirish uchun Bolalarni ijtimoiy himoyalash va qo‘llab-quvvatlash boshqarmasiga yuboradi.
 
Konsullik-huquqiy departamenti tomonidan yuborilgan xorijdagi bolalarni qaytarish to‘g‘risidagi ma'lumot Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi hamda Bolalarni ijtimoiy himoyalash va qo‘llab-quvvatlash boshqarmasiga kelib tushgan vaqtdan boshlab o‘n besh kun ichida bolaga oid barcha ma'lumotlar jamlanadi.

Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi qaytarilishi lozim bo‘lgan 3 yoshdan katta yoshdagi bola bo‘yicha fuqarolar yig‘inidan oilasi, doimiy yoki vaqtincha yashaganligi, yaqin qarindoshlari, ota-onasi to‘g‘risida, FHDYo organlaridan tug‘ilganlik guvohnomasi, xalq ta'limi bo‘limidan o‘qigan ta'lim muassasasi, xomiy yoki vasiy biriktirilganligi, ushbu bola qaytarilgandan so‘ng unga biriktirilishi lozim bo‘lgan vasiy yoki xomiy belgilanishi to‘g‘risidagi ma'lumotlar olinishini ta'minlaydi.

Ijtimoiy himoyalash va qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi 3 yoshgacha bo‘lgan bola bo‘yicha fuqarolar yig‘inidan oilasi, yaqin qarindoshlari, ota-onasi to‘g‘risida, FHDYo organlaridan tug‘ilganlik guvohnomasi, ushbu bola qaytarilgandan so‘ng, uni Mehribonlik uyiga joylashtirilishi to‘g‘risidagi  ma'lumotlar olinishini ta'minlaydi.

Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi hamda Bolalarni ijtimoiy himoyalash va qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi zarurat tug‘ilganda olib kelinishi lozim bo‘lgan bola yuzasidan davlat organlaridan, boshqa tashkilotlardan hamda fuqarolardan ma'lumotlar, boshqa zarur hujjatlar hamda materiallarni so‘rash va olish huquqiga ega bo‘lib, buning uchun ularga so‘rov xati bilan murojaat qiladi.

Xorijdagi 3 yoshga to‘lmagan bolalarni qaytarish borasidagi tadbirlar Bolalarni ijtimoiy himoyalash va qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Onalik va bolalikni muhofaza qilish bosh boshqarmasi hamkorligida amalga oshiriladi.

Barcha ma'lumotlar to‘plangandan so‘ng, vakolatli organlar rahbariyati Farmoyishiga asosan Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi, Bolalarni ijtimoiy himoyalash va qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi hamda Onalik va bolalikni muhofaza qilish bosh boshqarmasi mas'ul xodimlariga xizmat safari guvohnomasi rasmiylashtiriladi hamda bolalarni qaytarish uchun ushbu bolalar ushlab turilgan davlatga shu kunning o‘zida xizmat safariga yuboriladi.

Xorijdagi bolalarni qaytarish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

1-2 nafar voyaga yetmaganni olib kelish uchun 1 nafar;

3-4 nafar voyaga yetmaganni olib kelish uchun 2 nafar;

5 va undan ortiq voyaga yetmaganni kuzatib borish uchun 3 nafar (vakolatli organlar xodimining umumiy soni) mas'ul xodim ajratiladi.

Bolalarni qaytarishda ikki yoki undan ortiq xodim ishtirok etayotgan bo‘lsa, vakolatli organlar rahbariyati tomonidan guruh rahbari tayinlanadi.

Vakolatli organlar rahbariyati xizmat safariga yuborilayotgan xodimlar bilan xorijdagi bolalarni qaytarish yuzasidan o‘rnatilgan tartibda yo‘riqnoma o‘tkazadi.

Bolalarni qaytarish borasidagi sarf-xarajatlar qonun hujjatlariga muvofiq vakolatli organlar Moliya-iqtisod bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi.

Bolalarni qaytarish borasidagi sarf-xarajatlar qonun hujjatlariga muvofiq vakolatli organlarning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.
 
Xorijdagi 3 yoshdan katta yoshdagi bolalar olib kelingandan so‘ng doimiy yashash joyi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalariga bo‘ysunuvchi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlarga qonun hujjatlariga muvofiq shu kunning o‘zida joylashtiriladi.

Markazga joylashtirilgan xorijdagi 3 yoshdan katta yoshdagi bolalar bilan Markaz psixologi hamda ijtimoiy xodimi tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq profilaktik tadbirlar amalga oshiriladi.

Xorijdagi 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar olib kelingandan so‘ng qonun hujjatlariga muvofiq Mehribonlik uylariga joylashtiriladi.

Qaytarilgan bolalarning ota-onasi O‘zbekiston Respublikasida bo‘lgan hollarda, olib kelingan bolalar qonun hujjatlariga muvofiq ota-onasiga topshiriladi.
 
Bolalarni qaytarish borasida boshqa davlatlar bilan bog‘liq nizoli holatlar O‘zbekiston Respublikasi ishtirokchisi bo‘lgan xalqaro shartnomalarga muvofiq Konsullik-huquqiy departamenti tomonidan hal etiladi.

Bolalarni qaytarish borasidagi xorijiy davlatlar bilan bog‘liq hujjatlar Konsullik-huquqiy departamenti tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq rasmiylashtiriladi.

Mavzuga oid