Tahririyatga Rossiya Federatsiyasi fuqarosi Egambergen Djabbarovdan murojaat kelib tushdi. Unda bundan bir necha yil avvval o‘ziga qarashli mulk ayrim shaxslar tomonidan atayin bankrotlik yoqasiga olib kelinib, boshqa bir tashkilotga o‘tkazib berilgani haqida yozilgan. Mazkur murojaat asosida jurnalistik surishtiruv o‘tkazildi.

 

Xorazm viloyatida davlat ulushi bo‘lgan, texnikalarni ta'mirlaydigan «Xorazmmaxsustuzatish» ochiq aksiyadorlik jamiyati bo‘lgan. 2007 yilning 21 iyun sanasida jamiyatda ulushga ega bo‘lgan Djabbarovlar oilasi Respublika fond birjasidan davlatning qolgan 25 foiz ulushini ham sotib oladi.

Oradan ikki oy o‘tib, o‘sha vaqtdagi viloyat hokimi Ollobergan Olloberganov asosiy aksiyador Djabbarovni chaqirtiradi. Djabbarovning so‘zlariga ko‘ra, viloyat hokimi jamiyatga bundan keyin A.Xakimov raislik qilishi lozimligini aytib, buning uchun kerakli bo‘lgan hujjatlarni rasmiylashtirishni topshiradi.

Bu vaqtda A.Xakimovga jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan jinoiy ish ochilgan bo‘lgan. U 2002-2003 yillarda «Urganch mashina traktor parki» davlat aksiyadorlik jamiyatida boshqaruv raisi lavozimida ishlagan. Keyinroq 2008 yilning 3 oktyabrdagi sud hukmiga asosan, jinoyat kodeksining «mansabga sovuqqonlik bilan qarash» va «mansab soxtakorligi» bo‘yicha moddalari bilan aybli deb topilgan. Biroq unga amnistiya qo‘llanib, jazodan ozod qilingan. Djabbarov uni korxonani boshqarishga noloyiq deb hisoblagan. Shu bois o‘rtada nizo chiqa boshlagan.

Djabbarovning aytib berishicha, A.Xakimov o‘zining jamiyat raisligi davrida aksiyadorlarning ruxsatisiz 350 million so‘m kredit olgan, aksiyadorlarni bir necha marta tashkilot binosi hududiga kiritmagan va sun'iy ravishda tashkilotni bankrotlik yoqasiga olib kelgan. Shundan so‘ng, Djabbarov Olloberganovning oldiga borib, tashkilotni boshqa shaxsga topshirish kerakligi, yo‘qsa butunlay bankrot bo‘lishlari mumkinligini tushuntiradi. Lekin hokim bunga ko‘nmaydi. Jamiyat esa bankrotlik yoqasiga yaqinlashaveradi.

2009 yilning 24 mart kuni viloyat hokimi Olloberganov «istiqbolsiz korxonalarni tugatish va restrukturizatsiya qilish bo‘yicha 2009 yilga mo‘ljallangan hududiy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida» qaror qabul qiladi. Unga ko‘ra, xo‘jalik sudiga bankrot deb topish bo‘yicha 2009 yilning 6 apreligacha da'vo kiritish, ushbu korxonani tugatish, davlat reyestridan chiqarish va uni yangi investorlarga kim oshdi savdosida sotish belgilanadi.