Yongan avtobuslardan GPS-nazoratigacha: Toshkent avtobuslari haqida batafsil
Poytaxt infratuzilmasining eng muhim qismlaridan biri yo‘lovchi tashish tizimi hisoblanadi. Toshkent shahrida yo‘lovchi qatnovi metro, avtobus, yo‘nalishli taksi (marshrutka) hamda kira taksilari orqali amalga oshirilib, avtobuslar eng talabgir transport vositasi sanaladi.
«Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik jamiyati mutasaddilari media vakillari uchun uyushtirilgan press-tur davomida Toshkent shahridagi avtobus qatnovi bilan bog‘liq tafsilotlarni bayon qildi.
Ma'lum qilinishicha, Toshkent bo‘ylab jami 1000dan ziyod avtobus 136ta yo‘nalishda harakatlanadi. Bir kunda barcha yo‘nalishlar bo‘yicha 16 049ta qatnov amalga oshiriladi, ya'ni bu avtobuslar xuddi shuncha marta turli yo‘nalishlar bo‘yicha borib kelishini anglatadi.
Avtobuslar orqali bir yilda 200 milliondan ziyod yo‘lovchi tashiladi. Yo‘lovchilarning 47,8 foizi oylik yo‘l chiptalaridan (proyezdnoy) foydalanadi, 2,2 foizini esa imtiyozga ega bo‘lgan (urush faxriylari, harbiylar va h.k) yo‘lovchilar tashkil etadi. Bir oyda aholi tomonidan 60 752ta oylik yo‘l chiptasi va 433 ming dona transport jyetoni xarid qilinadi.
Shahar aholisi har kuni o‘z manziliga qulay va oson yetib borishi uchun «Toshshahartransxizmat» tarkibida 5 274 nafar xodim, xususan, 2 803 nafar haydovchi mehnat qiladi. Avtobus haydovchilari boshqarilayotgan avtobus rusumidan kelib chiqqan holda 1,7-2,7 mln so‘m atrofida oylik maosh olishadi. «Toshshahartransxizmat» AJ raisi Mohir Valiyevning qayd etishicha, tashkilotning yangi nizomi ishlab chiqilayotgan bo‘lib, unda haydovchilar maoshini belgilashning yangi tizimi kiritiladi.
«Tashkilotimiz yagona aksiyador va korporativ boshqaruvga o‘tmoqda. Haydovchilarning oyligini yangi tartib asosida belgilashni rejalashtirganmiz. 8ta darajaga asosan mukofotlash tizimi ishlab chiqilyapti. Haydovchilar berilgan rejaga bog‘liq bo‘lib qolmasligi, maoshidan qoniqishini ta'minlamoqchimiz. Shunda o‘zaro poyga o‘ynash, qo‘pol tormoz berish, tezlikni oshirish kabi holatlarga ham chek qo‘yiladi», ─ deydi Mohir Valiyev.
Shuningdek, avtobuslarning texnik holati, ularga texnik xizmat ko‘rsatish tizimi haqida ham ma'lumot berildi. Aksiyadorlik jamiyati tarkibida bo‘lgan «Toshavtota'mirxizmat» unitar korxonasi barcha avtobuslarning texnik jihatdan soz bo‘lishi bilan shug‘ullanadi. Bir kunda korxona tomonidan o‘rtacha 18ta avtobusga texnik xizmat ko‘rsatiladi, texnik komissiya kuni etib belgilangan seshanba va payshanba kunlarida esa barcha avtobuslar to‘liq texnik nazoratdan o‘tkaziladi.
«Toshshahartransxizmat» AJ axborot xizmati rahbari Ravshan Yoqubjonovning ta'kidlashicha, ilgari tez-tez kuzatilgan avtobuslarning yonib ketishi holatlariga hozirda chek qo‘yilgan.
«Avtobuslarning yonib ketish hollari ularning eskirib qolgani bilan bog‘liq bo‘lgan. Bunday nosozliklarni bartaraf etish, texnik holatni yaxshilash maqsadida 2 mlrd so‘m pul ajratilib, barchasi yaxshilandi. Avtobuslar o‘rtacha 7 yil xizmat qilishga mo‘ljallangan bo‘ladi. Hozir esa 10 yildan beri yurib turgan avtobuslardan ham foydalanilyapti. Yaqin muddatda barcha avtobuslarni to‘liq yangilash rejalashtirilgan», ─ deydi Ravshan Yoqubjonov.
«Toshshahartransxizmat» AJ binosida GPS-nazorati markazi tashkil etilgan, bu yerda avtobuslarning harakati tun-u kun onlayn rejimida kuzatib turiladi.
«Avtobuslarning qaysi yo‘nalishda harakatlanayotgani, tezligi, qaysi bekatda ekani, yo‘l harakati qoidalarining buzilishi kabi hollarning barchasi bu markazda nazorat qilinadi. Javobgarlikdan qochish maqsadida GPS uskunasini ataylab o‘chirib qo‘yadigan haydovchilarga nisbatan keskin intizomiy choralar ko‘riladi», ─ deydi katta dispetcher Dildora Oxunjonova.
Jamiyat mas'ul xodimlarining axborotiga ko‘ra, yaqin muddatda barcha avtobuslarda elektron to‘lov tizimini joriy qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, hozirda majud avtobuslarning 60tasi kuzatuv kameralari bilan, 160tasi konditsioner bilan jihozlangan. Bekatlar nomini ovozli tarzda e'lon qilish tizimi ham sinov tariqasida qo‘llab ko‘rilmoqda. Konditsioner, kuzatuv kamerasi va elektron tablo tizimi barcha avtobuslarda joriy qilinishi kutilmoqda.
Mavzuga oid
18:17 / 22.11.2024
«Toshshahartransxizmat»ga yangi rais tayinlandi
23:59 / 16.08.2024
Toshkentda avtobuslar tezligi 50 km/soatgacha cheklanadi
07:56 / 19.07.2024
Toshkentda «G‘alabaning 40 yilligi» avtobus bekati qulab tushdi
16:31 / 09.04.2024