Jizzax viloyati, G‘allaorol tumanining «Oqtom» mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Jarg‘oq va Boylarovul qishloqlari aholisini bir yo‘l ikkita jiddiy masala tashvishga solmoqda. Qishloq aholisi tomonidan tahririyatga yo‘llangan murojaatda aynan shular haqida so‘z yuritiladi.
Gap shundaki, qishloq o‘rtasidan o‘tgan Sangzor daryosi ustida yolg‘izoyoq ko‘prik mavjud. 1969 yilda bunyod etilgan 226 metr uzunlikka ega mazkur ko‘prik Jarg‘oq, Boylarovul va Olmasuvon qishloqlari aholisi uchun yagona o‘tish yo‘li hisoblanadi. Bundan tashqari, ushbu ko‘prikdan har kuni qishloqning 300 nafardan ziyod maktab yoshidagi bolalari tumandagi 29-maktabga borib qaytishadi.

Ko‘prikning yuza qismi yog‘och qoplamali bo‘lib, uzoq yillar davomida jiddiy ta'mirlanmagani, faqatgina aholining o‘z kuchi bilan joriy ta'mirlanib kelingani sabab bugungi kunga kelib anchagina xavfli holatga kelib qolgan. Hozirga qadar ko‘prikdan yiqilib, jiddiy jarohat olganlar ham bor.



O‘lganning ustiga tepgan deganlaridek, bu hali hammasi emas ekan. Ust qismidagi nuqsonlari kamlik qilgandek, ayrim qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlarning «sharofati» bilan Sangzor atrofidagi qishloqlarda ekologik vaziyat izdan chiqish arafasida turibdi.
Go‘yoki, O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining «ruxsatini olgan» xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar daryo o‘zanida tosh tegirmonlari (drabilka)ni barpo etib, qum-shag‘allarni ayovsiz kavlab olishlari daryoda suv sathi sezilarli darajada pasayib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Buning oqibatida qishloq aholisi foydalanib kelayotgan quduqlar hamda tomorqalarni sug‘orish uchun mo‘ljallangan ariqlar qurib qolmoqda.

Sangzor daryosidan tosh va qumlar tinimsiz kavlab olinishi yana bir jiddiy xavfni keltirib chiqarmoqda: o‘sha 226 metrlik ko‘prikning ost (asos) qismiga shikast yetmoqda. Uning poydevorlari ochilib, avariya holatiga kelib qolgan. Bahor oylaridagi yog‘ingarchilik natijasida keladigan kuchli sel va toshqinlar ko‘prikning asos qismidagi shag‘al-qumlarni «drabilkachilar» kavlab tashlagan chuqurlar tomon yuvib ketmoqda.
















