Ijtimoiy tarmoqlarda G‘allaorol tumanida uyda gaz portlagani va buning oqibatida yosh er-xotin halok bo‘lgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Kun.uz holatga oydinlik kiritdi.
G‘allaorol tumani hokimi 2025 yil 28 oktyabrda ushbu baxtsiz hodisa sabablarini tekshirish uchun ishchi guruh tuzish haqida farmoyish qabul qilgan. Hujjatda tumanning Tozaurug‘ qishlog‘ida yashovchi E.S. xonadonida 25 oktyabr kuni soat 6:50 larda baxtsiz hodisa sodir bo‘lgani, bu uning 2004 yilda tug‘ilgan o‘g‘li S.R. hamda 2006 yilda tug‘ilgan kelini Yu.R. bilan bog‘liqligi keltirilgan.
Farmoyish bilan tuzilgan ishchi guruh tarkibiga tuman hokimi o‘rinbosari, FVB bo‘limi rahbari o‘rinbosari, “G‘allaorol tumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi bosh muhandisi va boshqalar kiritilgan. Ishchi guruhga baxtsiz hodisani 15 kun muddatda atroflicha o‘rganib chiqish va belgilangan tartibda dalolatnoma tuzish topshirilgan.
Kun.uz Tozaurug‘ mahallasi raisi Arslon Mamatov bilan bog‘lanib, holat bo‘yicha izoh so‘radi. Mahalla raisi uyda gaz portlaganini rad qildi.
“Hozircha ekspertiza xulosasini kutyapmiz. Gazdanmi yoki oziq-ovqatdanmi, aniq emas hali. Portlash bo‘lgani yo‘q. Ta’ziya bo‘lgan kuni mutaxassislar bilan borib, tekshirib ko‘rdik: xonadonda portlash yoki boshqacha holatlar kuzatilmagan, gaz tarmog‘ini ham ko‘rganmiz. Uyning tashqi yoki ichki qismiga shikast yetmagan”, deydi mahalla raisi.
Hozircha holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berilmadi.











