O‘zbekiston | 09:25 / 30.09.2019
6143
9 daqiqa o‘qiladi

Qishloq xo‘jaligi ekinlarining yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan mahalliy navlari qayta tiklanadi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligi ekinlarining yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan mahalliy navlarini qayta tiklash va ular asosida organik urug‘chilikni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, hududlarda tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, sifatli, eksportbop, yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan mahalliy navlarning seleksiyasini va birlamchi organik urug‘chiligini tashkil etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda mineral o‘g‘itlar, zaharli kimyoviy preparatlardan tizimsiz foydalanish hisobiga ekologik vaziyat yomonlashishi kabi ko‘plab muammolar saqlanib qolmoqda:

birinchidan, respublikada yo‘qolish xavfi ostida turgan qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini yaxshilash yo‘nalishi bo‘yicha seleksiya ishlarini tashkil etish uchun ilmiy-tadqiqot institutlari zamonaviy laboratoriya asbob uskunalari bilan hamda mablag‘ bilan yetarli darajada ta'minlanmagan;

ikkinchidan, respublikada qishloq xo‘jaligi ekinlarining noyob ta'm va foydali xo‘jalik belgilariga ega bo‘lgan mahalliy navlari genofondini boyitish, saqlash va o‘rganish ishlari talab darajasida tashkil etilmagan;

uchinchidan, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi ilmiy-tadqiqot institutlarida qishloq xo‘jaligi ekinlarining yo‘qolib borish xavfi ostida turgan navlari birlamchi urug‘chiligini tiklash asosida ichki hamda tashqi bozorlar uchun organik urug‘chilik tizimi yo‘lga qo‘yilmagan;

to‘rtinchidan, qishloq xo‘jaligi ekinlarining genofondini saqlash obektlari texnik holati zamon talabiga javob bermaydi, urug‘liklarni qayta ishlovchi, tozalovchi, saralovchi, qadoqlovchi maxsus texnikalar mavjud emas, mavjudlari esa ta'mirtalab;

beshinchidan, hozirda organik qishloq xo‘jaligini shu jumladan organik urug‘chilik tizimini yo‘lga qo‘yishning ilmiy–amaliy asoslari hamda huquqiy asoslarini yaratish masalalari hal etilmagan. Bu boradagi ishlar ilmiy ma'ruzalardan nariga o‘tmagan.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar akademiyasi:

qishloq xo‘jaligi ekinlarining mahalliy tur va navlari bo‘yicha yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lganligini baholashga imkon beruvchi mezonlarni ishlab chiqadi;

ishlab chiqilgan mezonlar asosida respublikada yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan qishloq xo‘jaligi ekinlarining mahalliy tur va navlari bo‘yicha reyestrini shakllantiradi.

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan mahalliy nav namunalarini mavjud genetik bank bazasidan foydalangan holda ro‘yxatdan o‘tkazish hamda mahalliy ilmiy ekspeditsiyalar tashkil qilish orqali genetik bankni boyitishning ilmiy, tashkiliy va moliyaviy jihatlarini qamrab olgan asoslantirilgan takliflar ishlab chiqadi hamda ko‘rib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi. Bunda:

respublikada 2021-2022 yillarda zamonaviy texnologiyalar asosida qishloq xo‘jaligi ekinlarining milliy genofondni saqlash uchun maxsus obekt genbanklarni ta'mirlash, jihozlash ishlarini tashkil etish;

qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilmiy-tadqiqot institutlarida tashkil etilgan qishloq xo‘jaligi ekinlari genofondini ekspluatatsiya qilish bilan bog‘liq joriy xarajatlar smetasi va moliyalashtirish manbalarini aniqlash;

qishloq xo‘jaligi ekinlari genetik resurslarini zamonaviy saqlash obektlarini qurish, ta'mirlash ishlarini moliyalashtirish manbalarini aniqlash, shu jumladan Xalqaro moliya institutlarining mablag‘larini jalb etish masalalari ko‘zda tutiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta'minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi, Fanlar akademiyasi 2020 yilning mart oyiga qadar:

organik qishloq xo‘jaligi va shu jumladan organik urug‘chilik tizimini yo‘lga qo‘yishning tashkiliy-iqtisodiy va moliyaviy masalalarini qamrab olgan ilmiy asoslarini ishlab chiqishga qaratilgan amaliy;

qishloq xo‘jaligi ekinlarining noyob mahalliy navlari genofondi asosida hosildorligi va mahsulot sifati yuqori bo‘lgan, transportbop, jahon bozori talablariga mos keladigan navlari va duragaylarini yaratish bo‘yicha fundamental tadqiqotlar grant tanlovlarini tashkil etadi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta'minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi tizimidagi ilmiy-tadqiqot muassasalarini jalb qilgan holda 2020 yilning aprel oyiga qadar respublikada 2020-2025 yillarga mo‘ljallangan qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarining yuqori sifatli organik urug‘liklarini ishlab chiqish bo‘yicha istiqbolli namunaviy texnologik kartalar ishlab chiqadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi, Fanlar akademiyasi, “O‘zagrokimyoximoya” AJ bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi ekinlarining organik urug‘chilik tizimini rivojlantirishni e'tiborga olgan holda qishloq xo‘jaligi ekinlarida uchraydigan kasallik va zararkunandalarga biologik usulda kurash ishlarini tizimli ravishda amalga oshirish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqadilar hamda ijrosini ta'minlaydilar.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan birgalikda 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallarida qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarining organik urug‘chiligi va urug‘shunosligi bo‘yicha ta'lim yo‘nalishini tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Urug‘chilikni rivojlantirish markazi  qishloq xo‘jaligi ekinlarining yo‘qolib borish xavfi ostida turgan noyob sifat xususiyatlariga ega bo‘lgan mahalliy navlarining yuqori hosilli, sifatli, jahon andozalariga mos eksportbop mahsulotlar yetishtirish imkonini beruvchi navlarining organik urug‘larini ko‘paytirish hamda mahsulot ishlab chiqaruvchi sub'yektlarga muntazam ravishda yetkazib berishning samarali tizimini yo‘lga qo‘yadi.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar akademiyasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi qishloq xo‘jaligi ekinlarining yo‘qolib borish xavfi ostida turgan mahalliy navlari bo‘yicha yuqori avlodli organik urug‘liklar yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi urug‘chilik fermer xo‘jaliklari tanlovlarini o‘tkazish mezonlari va shartlarini ishlab chiqadi hamda belgilangan tartibda tasdiqlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zstandart” agentligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda yo‘qolib borish xavfi ostida turgan qishloq xo‘jaligi ekinlarining navlari bo‘yicha ishlab chiqilgan yuqori avlodli urug‘liklarni majburiy sertifikatlash tartibini ishlab chiqishadi hamda belgilangan tartibda tasdiqlaydi.

Belgilab qo‘yilishicha:

yo‘qolib borish xavfi ostida turgan qishloq xo‘jaligi ekinlarining ishlab chiqarilgan yuqori avlodli organik urug‘liklarini sertifikatlash, bunday vakolat olish uchun akkreditatsiyadan o‘tgan davlat organlari tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi;

Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi qishloq xo‘jaligi ekinlarining organik urug‘liklar elektron bazasi shakllantiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi ekinlarining yo‘qolib borish xavfi ostida turgan mahalliy navlari bo‘yicha yuqori avlodli organik urug‘liklar yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi originatorlar va urug‘chilik fermer xo‘jaliklarini iqtisodiy rag‘batlantirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi hamda tasdiqlash uchun belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritishni ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta'minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining ilmiy-tadqiqot institutlari rivojlangan davlatlarning ilg‘or tajribalarini e'tiborga olgan holda qishloq xo‘jaligi ekinlari navlari bo‘yicha birlamchi organik urug‘chilik tizimini tashkil etish yuzasidan ilmiy asoslangan tavsiyalar, qo‘llanmalar ishlab chiqib joylarda ilmiy-amaliy, ko‘rgazmali seminarlar tarzida fermer xo‘jaliklariga yetkazib berishni tashkil etadilar.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid