O‘zbekiston | 09:30 / 02.10.2019
12621
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Yaqin Sharqdan ayollar va bolalarni qaytarish masalasida O‘zbekistonga ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

2019 yilning 27 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya AQShga tashrifi doirasida Vashington shahrida muzokaralar o‘tkazdi.

AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisining yangi tayinlangani o‘rinbosari Mett Pottinger bilan qisqa uchrashuv bo‘lib o‘tdi. U Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha mamlakatining sa'y-harakatlarini muntazam qo‘llab-quvvatlagani uchun O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik so‘zlarini yetkazishni so‘radi.

Ta'kidlanganidek, Vashington prezident Donald Trampning Janubiy Osiyodagi strategiyasini amalga oshirish, jumladan Markaziy Osiyodagi mintaqaviy savdo-iqtisodiy va infratuzilma jarayonlariga Afg‘onistonni faol jalb qilishda O‘zbekistonni ishonchli va asosiy sherik deb hisoblaydi.

Shuningdek, Milliy xavfsizlik kengashining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha katta direktori Liza Kyortis bilan ham muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda 22 sentabr kuni Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan «C5+1» vazirlar uchrashuvining mazkur shakldagi hamkorlikning zarur ekanligini yana bir bor tasdiqlagan samarali yakunlari mamnuniyat bilan ta'kidlandi.

Liza Kyortis Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va ishonch muhitini mustahkamlashda O‘zbekistonning faol pozitsiyasini alohida qayd etdi. U O‘zbekistonning Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar hududidan ayollar va bolalarni qaytarish bo‘yicha sa'y-harakatlarini olqishladi hamda mazkur masala bo‘yicha ko‘mak berishga tayyor ekanligini bildirdi.

Suhbat davomida ikki tomon kun tartibining boshqa masalalari jumladan siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanatar aloqalarni rivojlantirishning amaliy jihatlari ham muhokama qilindi.

Mavzuga oid