23:02 / 02.10.2019
1
74877

Dunyoning eng nufuzli 500 musulmoni reytingi e'lon qilindi 

Dunyoning eng nufuzli 500 musulmoni reytingi - The Muslim 500 30 sentyabrda Ummonning Sultonlik Islomiy ctrategik tadqiqotlar markazi tomonidan o‘ninchi marotaba e'lon qilindi

Unga dunyo musulmonlariga siyosiy, mafkuraviy, madaniy yoki boshqa ta'sir ko‘rsatgan shaxslar kiritiladi. 

Reytingda keltirilgan ma'lumotlarga ko‘ra, hozirda dunyoda 1,9 mlrd musulmon bor bo‘lib, bu butun dunyo ahlining choragini tashkil qiladi. 

Reytingda BAA, Turkiya, Qatar, Pokiston, Indoneziya, Saudiya Arabistoni, Misr, Kuvayt va boshqa an'anaviy musulmon davlatlar vakillari ko‘pchilikni tashkil qilgan. Biroq unga Yevropa, Janubiy va Shimoliy Amerikadan din va jamoat arboblari, siyosatchilar, jurnalistlar, sportchilar, olimlar, saxovatpeshalar ham kiritilgan. 

Reytingning birinchi o‘rnini islom huquqshunosligi (fikh), iqtisodiyoti, hadis va tasavvuf ilmi sohasidagi mutaxassis, 60 dan ko‘proq kitob va ilmiy maqolalar muallifi 76 yoshli Shayx Muhammad Taqiy Usmoniy egallagan. 2-o‘rinni Eron oliy rahbari Oyatulloh Sayid Ali Homanaiy, 3-o‘rinni Abu-Dabi valiahd shahzodasi, BAA qurolli kuchlari oliy bosh qo‘mondoni o‘rinbosari Muhammad bin Zoid Ol Nahayon egallagan.

Shayx Muhammad Taqiy Usmoniy

Yetakchi o‘ntalikdan, shuningdek, Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud, Iordaniya podshohi Abdulloh II, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an, Marokash podshohi Muhammad VI, Iroq vakili Oyatulloh Sayid Ali Husayn Sistaniy, Yaman vakili Shayx al-Habib Umar bin Hofiz, Ummon sultoni Sulton Qobus bin Said Ol Said o‘rin olgan.  

Markaziy Osiyo vakillaridan reytingga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, Tojikiston ulamolari kengashi rahbari Sayidmukarram Abdulqodirzoda va Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuxamedov kiritilgan.

Bundan tashqari, reytingga Pokiston bosh vaziri Imron Xon, Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev, Checheniston rahbari Ramzon Qodirov, dog‘istonlik yakkakurashchi Xabib Nurmagomedov, misrlik futbolchi Muhammad Saloh ham kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, reytingning eng yuqori pog‘onasini egallagan Shayx Muhammad Taqiy Usmoniy joriy yilning aprelida O‘zbekistonga tashrif bilan kelgandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top