Sport | 12:50 / 02.10.2019
25128
7 daqiqa o‘qiladi

Ronalduni to‘xtatib bo‘lmaydi. U yana Messini ortda qoldirdi va Kasilyasni «taxtdan tushirdi»

«Yuventus» «Bayyer»ni yirik hisobda yengdi (3:0), Krishtianu Ronaldu esa Chempionlar ligasida navbatdagi rekordini o‘rnatdi.

Chempionlar ligasi. 2-tur D guruhi
«Yuventus» (Italiya) — «Bayyer» (Germaniya) — 3:0 (1:0)

Gollar: Iguain, 17 (1:0). Bernardeski, 62 (2:0). Krishtianu Ronaldu, 89 (3:0).
«Yuventus» (Turin): SHCHensni, Kuadrado, de Ligt, Bonuchchi, Sandru, Krishtianu Ronaldu, Xedira (Bentankur, 74), Pyanich, Matyuidi, Bernardeski (Remsi, 78), Iguain (Dibala, 83).
«Bayyer» (Leverkuzen): Xradetski, Vayzer, Bender, Ta, Vendell, Xavers, Baumgartlinger, Arangis (Sinkgraven, 80), Demirbay (Amiri, 46), Alario (Paulinyu, 68), Folland.
Ogohlantirishlar: Arangis, 19. Kuadrado, 55.
Hakam: Kollam (Shotlandiya).
1 oktabr. Turin. «Allyans» stadioni.

Iguain uchun sovg‘a
«Yuventus» rahbariyati Chempionlar ligasi orzusi bilan yashayotgan, bu orzu amalga oshishi uchun Krishtianu Ronaldu va de Ligtga katta mablag‘lar sarflagan vaqtda jamoaning yangi bosh murabbiyi kamtarlik qilmoqda. «Yuventus»ning maqsadi — imkon qadar uzoqroqqa borish, ammo turnir favoritlari — ingliz jamoalari», — dedi Mauritsio Sarri «Bayyer» bilan o‘yin arafasida. 60 yoshli murabbiy raqibni ham maqtadi va bu jamoa bundesligada to‘pni nazorat qilish borasida eng yaxshi ko‘rsatkichga ega ekaniga e'tibor qaratdi.

O‘z navbatida Peter Bos hushyorlikni saqlashga harakat qildi. «Biz «Lokomotiv»ni yengmoqchi edik, ammo endi boshqa jamoadan ochko olishimiz kerak», — dedi niderlandiyalik mutaxassis. Birinchi turni o‘tkazib yuborgan Karim Demirbay «Yuventus»ga qarshi o‘yinda jamoaviy o‘yinni tashkil qilib berishi kerak edi. Haqiqatda ham, nemislar xotirjam himoyalanishdi, shu bilan birgalikda raqib xatolarini poylab qarshi hujumlar uyushtirishdi.

Lekin «Bayyer» o‘yini individual xato tufayli buzildi. «Loko»ga qarshi o‘yinda yarimhimoyachi Beyli va darvozabon Xradetski jamoani uyaltirishgandi. Turindagi o‘yinda esa Ta antiqahramonga aylandi, u Kuadradoning jarima maydoniga uzatgan oddiy uzatmasini bosh bilan qaytarib yuborish o‘rniga Iguainning oyoqlari ostiga tashlab berdi, shu vaqtgacha maydonda borligi sezilmagan hujumchi bir harakat bilan to‘pni o‘ziga bo‘ysundirib, ikkinchi harakatda to‘pni darvoza to‘riga aniq yo‘lladi. Pipita uchun bu 2018 yil martidan buyon Chempionlar ligasida urilgan birinchi gol bo‘ldi.

Nemislar birinchi bo‘limda hech qanday javob qaytara olishmadi. «Yuventus»ning ishonchli himoyasi bilan jamoa tanaffusgacha ustunligini oshirishi mumkin edi. Xedira Iguainni ajoyib pas bilan ta'minladi, ammo uning bu safargi zarbasini Xradetski qiyinchilik bilan qaytardi.

Krishtianu uchun alohida kun
Tanaffusda Bos Demirbay o‘rniga Amirini tushirdi. «Bayyer» bu orqali hujumda faollashdi, buning samarasida Arangisda golli imkoniyat ham bo‘ldi. Lekin qarshi hujumda Krishtianu Ronaldu foydalanib qolishi mumkin edi. Chempionlar ligasida 16 yil muqaddam debyut qilgan portugaliyalik futbolchi ikkinchi golga assistentlik qilishi mumkin edi, ammo uning sa'y-harakatlarini Bernardeski yo‘qqa chiqardi, uning zarbasi darvoza to‘sini ustidan o‘tib ketdi. Keyingi vaziyatda Ronaldu qaychi uslubida zarba berishga harakat qildi, ammo bu zarba ham biroz xato ketdi, portugaliyalik esa bu harakati davomida raqib himoyachisidan boshiga zarba qabul qilib oldi.

Keyin u Kuadradodan ideal pas qabul qilib olib, to‘pni Xradetskining qo‘llariga qarata tepdi. «Oltin to‘p»ning besh karra sohibining hadeganda omadi kelavermadi. Ikkinchi bo‘lim boshidagi muvaffaqiyatli hujumlardan birida Iguain qanotdan darvozabon hududiga to‘p uzatdi, Ronaldu esa to‘pga zarba berishga ulgurmadi, undan o‘tib ketgan to‘pni Bernardeski darvoza to‘riga joylab, «Yuve»ning ustunligini oshirdi.

«Bayyer» shundan so‘ng raqibning kuchli zarbasini o‘tkazib yuborib, ring chetidagi kanatga osilib qolgan bokschiga o‘xshab qoldi, futbolda nokaut holati bo‘lmaydi, endi o‘yindagi intriga mezbonlar yana nechta gol urishida edi. Mezbonlarda esa hisobni yiriklashtirish uchun yetarlicha imkoniyatlar bo‘ldi, Pyanichning zarbasi ustundan qaytdi, Ronaldu yana bir marta Iguainning pasini ko‘kka sovurdi. Go‘yo turinliklarning «yettinchi» raqamli futbolchisining zarbalarini Xradetski sehrlab qo‘yayotgandek edi. Ammo u baribir gol urdi. Dibala maydonga tushgach Krishtianuga gol urishda yordam berdi.

Turinliklar yulduzining Chempionlar ligasida gol urishi vaqt masalasi edi, raqiblar uning gollaridan qochib qutula olishmaydi. Ronaldu bu turnirda qatorasiga 14-mavsumda gol urdi, «Bayyer» esa uning 33-qurboni bo‘ldi.

Bu Raulning rekordini takrorlashdir, u Messini (32 raqib) ortda qoldirdi. Lekin Leo chorshanba oqshomida o‘zining abadiy raqobatchisiga yetib olishi mumkin, agar «Inter»ga qarshi o‘yinda maydonga tushsa va gol ursa. Argentinalik yulduz turnirdagi g‘alabalar soni (80) bo‘yicha ancha ortda qolgan: Ronaldu seshanba oqshomida turnirdagi 102-g‘alabasini nishonladi va Kasilyasni taxtdan tushirdi.

Maurisio Sarri shogirdlari ikkinchi turdan keyin guruhda peshqadamlikni o‘z qo‘llariga olishdi.

Mavzuga oid