O‘zbekiston | 21:20 / 07.10.2019
6214
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Prezidenti Tojikiston Oliy Majlisi Vakillar palatasi raisini qabul qildi 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 oktabr kuni Tojikiston Respublikasi Oliy Majlisi Vakillar palatasi raisi Shukurjon Zuhurov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonlarni qutlar ekan, oliy darajadagi o‘zaro ishonchga asoslangan muntazam muloqot ikki tomonlama hamkorlikni misli ko‘rilmagan yuksak darajaga ko‘tarishga xizmat qilganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Shu munosabat bilan Tojikiston parlamenti delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari mustahkamlanib borayotganining yorqin dalilidir.

Oliy martabali mehmon, o‘z navbatida, Prezidentimizga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi hamda Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuvda o‘zaro aloqalar barcha darajalarda faollashgani qayd etildi.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda, sanoat, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi va boshqa yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Chegaradosh hududlar o‘rtasida, madaniy-gumanitar sohada almashinuvlar kengaymoqda.

Parlamentlararo aloqalarni mustahkamlashga muhim ahamiyat qaratilmoqda. 

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida qo‘mitalar va parlamentlararo guruhlar darajasida yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta'kidlandi.

Uchrashuv so‘ngida Shukurjon Zuhurov Tojikiston parlamenti qardosh mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida do‘stlik va strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga har tomonlama ko‘maklashishga tayyor ekanini bildirdi.

Tojikiston Oliy Majlisi Vakillar palatasi raisi joriy yil dekabr oyida mamlakatimiz parlamentiga saylovlar muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.

 

Mavzuga oid