Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Hayvonlarni identifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.
Hayvon egalari, shu jumladan xo‘jaliklar, hayvondan olingan mahsulotni ishlab chiqaruvchilar, identifikatsiya vositalarini ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar hayvonlarni identifikatsiya qilish sub'yektlari hisoblanadi.
Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan saqlanadigan (parvarishlanadigan) va urchitiladigan qoramol, qo‘y va echki, cho‘chqa, ot, eshak, tuya, it, mushuk, sirk va hayvonot bog‘i hayvonlari, shuningdek, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlardagi hayvonlar hayvonlarni identifikatsiya qilish obektlari hisoblanadi.
Hayvonlarni identifikatsiya qilish sohasining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
hayvonlarni identifikatsiya qilishni tashkil etish;
hayvonlarni identifikatsiya qilish sohasidagi tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
davlat tomonidan hayvonlarni identifikatsiya qilish sohasidagi normalarni belgilash;
hayvonlarni identifikatsiya qilishda nazoratni amalga oshirish;
hayvonlarni identifikatsiya qilish sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
O‘zbekiston Respublikasi hududida saqlanayotgan (parvarishlanayotgan) va urchitilayotgan hayvonlar belgilangan tartibda identifikatsiya qilinishi, ro‘yxatga olinishi va so‘yilganda (nobud bo‘lganda), eksport qilinganda ro‘yxatdan chiqarilishi majburiydir.
Identifikatsiya qilinmagan hayvonlar, ulardan olingan mahsulot va xomashyolar import qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Identifikatsiya qilinmagan hayvonlar hamda ulardan olingan mahsulot va xomashyolarni realizatsiya qilish taqiqlanadi.
Shaxsiy ehtiyoj uchun xonadonlarda hayvonlarni saqlashda ularning bosh sonlarining chegaralari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilanadi.
Qoramol, qo‘y va echkilar, tuyalarning bolalari tug‘ilganidan o‘n to‘rt kundan keyin bir oylikdan kechikmasdan, qulunlar va xo‘tiklar to‘rt oyligidan, cho‘chqa bolalari bir oyligidan, it va mushuklar uch oyligidan identifikatsiya qilinadi.
Tsirk va hayvonot bog‘i hayvonlari foydalanishga olinishidan oldin, shuningdek, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlardagi hayvonlar bosqichma – bosqich identifikatsiya qilinadi.















