Bugungi kunning eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzusi bu shubhasiz non narxi liberallashtirilishi, ya'ni qat'iy narxdan voz kechilishi, buning ortidan narx oshishi bo‘ldi. Ko‘pchilik tabiiy e'tirozlar bildira boshladi – nega davlat bunga yo‘l qo‘yib berdi?

Shu va shu kabi savollarga javob olish uchun Moliya vazirligiga yuzlandik. Suhbatdoshimiz vazirlikning agrosanoat majmuasi moliyasi va atrof muhitni muhofaza qilishni moliyalashtirish boshqarmasi boshlig‘i To‘lqin Eshqobilovich Mirzayev bo‘ldi.

– To‘lqin aka, non narxi erkinlashtirildi, shu bilan sohaga davlat aralashuviga butunlay barham berildimi?

– Don, un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaror e'lon qilib bo‘lindi. U bilan ko‘pchilik tanishdi. Albatta, har qanday soha singari don, un va non yetkazib berish tizimi ham bozor tamoyillariga asosan, talab va taklifga ko‘ra shakllanishi lozim. Shunchaki ijtimoiy nuqtayi nazardan bu masala ortga surib kelingan. Ammo ertami kechmi, bu islohot amalga oshirilishi kerak edi, shu kun ham yetib keldi.

Endi non narxi oshib ketishi, muhtojlarning bu mahsulotni xarid qila olmay qolishi bo‘yicha hadiklarga kelsak, men bu fikrlarga qo‘shila olmayman. Sababi, hatto oshgan narxida ham non bizning bozorlarimizda eng arzon mahsulotlardan biri. Mana bugungi o‘rganishlar buxanka nonning 1350-1500 so‘m narxda sotilayotganini ko‘rsatdi. Bu baholar bizning prognozlarimizga ham mos tushadi. Yana bir jihatni unutmaslik kerak: buxanka non bu xaridorni chaqiruvchi mahsulot. Do‘konchilarimiz buni yaxshi tushunishadi. Shuning uchun hech bo‘lmaganda nonni imkon qadar arzon sotib, xaridor jalb qilishga harakat qilishadi. Foydasini boshqa mahsulotdan chiqarib olishlari mumkin. Bugungi narxlardagi tafovut ham ana shu raqobatning belgisi.

– Bu hali boshlanishi, narx muntazam oshishda davom etadi, degan fikrlarga qanday qaraysiz?

– Qo‘shilmayman. Sababi bugungi kunning o‘zidayoq non ishlab chiqaruvchi zarariga ishlasa, yoki foyda qilmasa, bu narxni belgilamasdi. Qolaversa, davlat tizginni butunlay qo‘ldan chiqarib yubordi deyish ham noo‘rin. Endi tizimga aralashuv ham bozor mexanizmlariga asoslanadi. Ya'ni non narxi unga, un narxi o‘z navbatida bug‘doyga bog‘liq bo‘lsa, davlat erkin savdodagi bu mahsulotlar narxlarini muntazam kuzatib boradi va lozim bo‘lgan paytda un yoki bug‘doy intervensiya qilinadi (bozorga qo‘shimcha chiqariladi).

Bu o‘z navbatida birjalarda, boshqa savdo nuqtalarida spekulyatsiyalarning oldini oladi, narx barqarorligini ta'minlaydi. Albatta, dastlabki kunlarda keskin tebranishlar kuzatilishi mumkin, ammo bu vaqtincha xarakterda bo‘ladi.