O‘zbekiston | 12:23 / 16.10.2019
6171
9 daqiqa o‘qiladi

Marg‘ilon va Qo‘qon kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantiriladi

Foto: Advantour

Marg‘ilon va Qo‘qonda arzon uy-joylar quriladi, issiqlik tizimi modernizatsiya qilinadi. Muhokama uchun e'lon qilingan prezident qarori loyihasiga ko‘ra, 2020-2024 yillarda Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlari kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantiriladi.

Hujjatda qayd etilishicha, Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlarida infratuzilma obektlarini yanada rivojlantirish, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalar ko‘lamini oshirish, urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirish, aholiga ko‘p qavatli, shu jumladan arzon uy-joy komplekslarini barpo etish va doimiy ish o‘rinlarini tashkil etish bo‘yicha kelgusi 5 yilga mo‘ljallangan aniq Dastur ishlab chiqib, uni amalga oshirish zarur bo‘lmoqda.

Qaror bilan Farg‘ona viloyati Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlarini 2020-2022 yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanishi mo‘ljallangan. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari Elyor G‘aniyev, Jamshid Qo‘chqorov Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Markaziy bank, tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlarida infratuzilma obektlarini rivojlantirish va urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirish, ko‘p qavatli uy-joylar va ijtimoiy soha obektlarini barpo etish, sanoat va tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan xalqaro moliya institutlari mablag‘larini jalb qilinishini ta'minlaydi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Farg‘ona viloyati hokimligi bilan birgalikda jahon standartlari asosida xalqaro bozorlarda talab yuqori bo‘lgan raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni ta'minlaydigan, zamonaviy texnologiyali ishlab chiqarishlarni tashkil etish uchun xorijiy investitsiyalarni, birinchi galda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Turkiya Respublikasining “GeBZe” sanoat zonasi tajribasini “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida joriy qilish choralarini ko‘radi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, “Davergeodezkadastr” qo‘mitasi, Farg‘ona viloyati hokimligining “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi ishtirokchilariga yer maydoni ajratish, investitsiya loyihalarini joylashtirish, loyiha tashabbuskorlariga erkin iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomini berishni istisno tariqasida “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” DUK tomonidan amalga oshirilishi bo‘yicha taklifiga rozilik berilishi mumkin.

Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Davlat Bojxona qo‘mitasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Mudofaa vazirligi Farg‘ona viloyatidagi “Uzwoolentex” qo‘shma korxonasi tomonidan ishlab chiqariladigan jun aralashmali matolar va ulardan tikiladigan kiyimlarni ikki yil davomida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida sotib olish bo‘yicha zaruriy tadbirlarni amalga oshiradi.

Bunda, yuqoridagi idoralarga jun aralashmali matolardan kiyim tikadigan respublika hududidagi ishlab chiqaruvchilarga zarur matolarni “Uzwoolentex” qo‘shma korxonasidan olish tavsiya etiladi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Farg‘ona viloyati hokimligi bilan birgalikda 2020 yil yakuniga qadar “Uzwoolentex” qo‘shma korxonasini to‘liq quvvatda ishlashini ta'minlash, loyihani ikkinchi bosqichida qo‘shimcha uskunalarni olib kelib o‘rnatish, binolarning qolgan qismidagi qurilish va rekonstruksiya ishlarini yakunlash, belgilangan miqdordagi investitsiyalarni o‘zlashtirish va yangi ish o‘rinlarini tashkil etish choralarini ko‘radi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Farg‘ona viloyati hokimligi Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlarida tadbirkorlik sub'yektlarini jalb qilgan holda 2020 yil yakuniga qadar kamida ikkitadan:

“O‘zcharmsanoat” uyushmasi charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi;

“O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi zargarlik mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi;

AT “Aloqabank” chinni va keramik buyumlar ishlab chiqarish korxonasi;

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tikuv-to‘qimachilik korxonasini tashkil etish choralarini ko‘radi.

Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Qurilish vazirligi, Farg‘ona viloyati hokimligi bilan birgalikda Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlarida qurilishi rejalashtirilayotgan yangi ko‘p 9, 12 va 16 qavatli arzon uy-joylar uchun “O‘zshaharsozlikLITI” DUK tomonidan ishlab chiqilgan yangi turar joy massivlarining bosh rejalariga asosan viloyatning boshqa shahar va tumanlaridan tanlangan yer maydonlarini belgilangan tartibda ajratilishini va ushbu shaharlar hududiga o‘tkazilishini ta'minlaydi.

Qurilish vazirligi, “O‘zshaharqurilishinvest” IK, “Qishloqqurilishinvest” IK, Farg‘ona viloyati hokimligi bilan birgalikda fuqarolarning uy-joyga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish maqsadida Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlarini 2020-2024 yillarda kompleks rivojlantirish dasturi doirasida qurilishi belgilangan ko‘p qavatli (9, 12, 16 qavatli) uylarning 35 tasini joriy yilda qurilishini boshlash choralarini ko‘radi.

Qurilish vazirligi, Urbanizatsiya agentligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Farg‘ona viloyati hokimligi bilan birgalikda Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlarining yangi zamonaviy shaharchalarida aholi joylashuvi, talab va ehtiyojlari hamda kelgusida ularning o‘sish sur'atlarini inobatga olgan holda, yangi infratuzilma obektlarini quradi hamda mavjudlarini ta'mirlaydi.

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Farg‘ona viloyat xokimligi manfaatdor tarmoq xo‘jalik birlashmalari bilan birgalikda Marg‘ilon shahridagi Motrudiy, Aylanma yo‘li, Ibrat ko‘chalarida joylashgan bo‘sh turgan yer maydonlarini o‘rganib chiqib, ushbu hududlarda kichik sanoat zonalarini tashkil etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

Transport vazirligi, Mudofaa vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, “Davergeodezkadastr” qo‘mitasi, Farg‘ona viloyati hokimligi Qo‘qon shahridagi aerodromdan yanada samaralari foydalanishni tashkil etish, erkin iqtisodiy zona ishtirokchilari va yondosh hududdagi tadbirkorlar uchun logistika bo‘yicha qulay sharoit yaratish maqsadida mahsulotlarni tushirish, yuklash va jo‘natish markazi (Cargo)ni tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga aniq takliflarni kiritadi.

Moliya vazirligi Farg‘ona viloyati hokimligi va Xitoyning “SSeSS” kompaniyasi o‘rtasida viloyatning Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlari va boshqa hududlarida oqava suv tizimlarini modernizatsiya qilish uchun Xitoyning “Eksimbank”dan mablag‘larni jalb qilish yuzasidan erishilgan kelishuvga asosan 15 yil muddatga 100 mln. AQSh dollari miqdoridagi mablag‘larni olish uchun belgilangan tartibda kafillik beradi.

Farg‘ona viloyati hokimligi Xitoyning “Eksimbank”dan olinadigan 100 mln AQSh dollari miqdorida mablag‘larni 15 yil davomida mahalliy budjetning orttirib bajarilgan qismi hisobidan qoplash choralarini ko‘radi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi Farg‘ona viloyati hokimligi va Janubiy Koreyaning “Korea District Heating” kompaniyasi o‘rtasida Farg‘ona viloyatining Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlarida issiqlik tizimini modernizatsiya qilish maqsadida imzolangan umumiy qiymati 67 mln. AQSh dollarlik kelishuvlarni amalga oshirish uchun Janubiy Koreyaning KOICA jamg‘armasi grant mablag‘larini jalb etish bo‘yicha muzokaralarni olib boradi.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Energetika vazirligi, Farg‘ona viloyati hokimligi mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Farg‘ona viloyati hokimligi va Janubiy Koreyaning “Posco International Corporation” kompaniyasi o‘rtasida “Issiqlik manbai” ishlab chiqarish davlat boshqarmasi Quvasoy filialini davlat-sherikchiligi asosida modernizatsiya qilish orqali 50 mVt elektr energiyasi hamda 30 gKl issiqlik ishlab chiqarish loyihasini o‘rganib chiqib, aniq hisob-kitoblar asosida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

Mavzuga oid

E`lonlar