O‘zbekiston | 10:15 / 17.10.2019
5189
2 daqiqa o‘qiladi

Abdulaziz Komilov Nur-Sultondagi forumda nimalar haqida gapirdi?

Foto: TIV axborot xizmati

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya Nur-Sulton shahrida «Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo» 12-hamkorlik forumida ishtirok etdi.

Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Koreya Respublikasi TIV rahbarlari ko‘p tomonlama format doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari va ko‘p qirrali muloqotning mazkur mexanizmini mustahkamlash istiqbollarini muhokama qildilar.

Forumda so‘zlagan nutqida O‘zbekiston TIV rahbari mazkur format faoliyatiga ko‘proq aniqlik beruvchi va barcha ishtirokchi davlatlar manfaatidan kelib chiqqan holda mintaqa mamlakatlari iqtisodiyoti va sanoat salohiyatining barqaror o‘sishiga xizmat qiluvchi maqsadli loyiha va dasturlarni amalga oshirish zarurligini qayd etgan.

Janubiy Koreyaning texnik standartlash, suv resurslarini boshqarish, AKT-o‘qitish, startap-loyihalarni rivojlantirish jabhalaridagi innovatsion ishlanmalarini o‘rganish va joriy etish, yoshlar siyosati va gender tenglik sohalarida tajriba almashish Markaziy Osiyoning barcha davlatlari uchun muhim ahamiyatga ega ekanligi ta'kidlandi.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari forum qatnashchilariga 4 oktyabrda prezident farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekistonning 2019-2030 yillarda «yashil» iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha strategiyasining maqsad va vazifalari to‘g‘risida ma'lumot berdi va shu nuqtai nazardan mamlakat sheriklarning ishlab chiqarishga ekologik toza texnologiyalarni joriy qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohalaridagi tajribasini o‘rganish, mazkur yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanligini e'tirof etdi.

Bundan oldin, 16 oktabr kuni Qozog‘iston poytaxtiga kelgan Abdulaziz Komilov Koreya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Kan Gyon Xva bilan uchrashgandi.

Mavzuga oid