Kun.uz’ning mahalliy hokimliklar va boshqa davlat idoralari rahbarlari bilan suhbatlari davom etadi. Saytning navbatdagi suhbatdoshi Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov bo‘ldi.

Hokim bilan suhbatimiz joylarda Toshkent viloyati aholisini qiynab kelayotgan turli masalalar, xususan, kanalizatsiya muammolari, hududlarda ko‘pgina ishlab chiqarish korxonalarining to‘la quvvat bilan ishlamayotgani, aholining uy-joyga muhtoj qatlamini uy-joy bilan ta'minlash, shuningdek, Toshkent viloyati hududidan chiqarilib, Toshkent shahar boshqaruviga o‘tgan hududlardagi hujjat ishlari, turizmni rivojlantirish hamda boshqa masalalar haqida kechdi.

«Ishlab chiqarish korxonalarining yopilib ketishiga, aksariyat hollarda bozordagi raqobat sabab bo‘lmoqda»

Shu yilning 18 sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining spikeri ishtirokida Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada ayrim tumanlar (Parkent, Ohangaron, Bo‘stonliq, Bo‘ka, Quyi Chirchiq)da tadbirkorlik sub'yektlari soni o‘tgan yilgiga nisbatan kamaygani, faoliyat olib borayotgan 798ta sanoat korxonasi tomonidan yillik quvvatiga nisbatan 30 foizgacha foydalanib kelinayotgani keskin tanqid ostiga olindi. Bu kamchiliklarning sababi, shuningdek, uning yechimlari bo‘yicha nima ishlar qilinayotgani bilan qiziqdik.

Bu borada Rustam Xolmatov o‘z kuzatuvlari orqali fikrlarini ifodaladi.

Yaxshi bilamiz, xususiy tadbirkorlik jadal rivojlanmas ekan, ijtimoiy muammolar yechimi, mahalliy tushumlar, bandlik masalasida muammolar kelib chiqaveradi.

Bugun Toshkent viloyatida 64 ming kichik tadbirkorlik sub'yektlari faoliyat olib bormoqda. Shulardan 400ga yaqini siz aytganingizdek, kam quvvat bilan ishlayapti. 6000ga yaqini faoliyat ko‘rsatmayotgani ham bor gap. Biz vazirlik va idoralar bilan birgalikda bularning sabablarini o‘rganib chiqdik.

O‘tgan yilning 1 sentabr holatiga ko‘ra, 345ta yangi korxona ishga tushgan bo‘lsa, bu yil deyarli ikki barobar ko‘proq kichik biznes subektlari ishga tushirilgan. Bu albatta budjetga tushumlarni, ish o‘rinlari sonini oshirdi, lekin ijtimoiy muammolarni to‘la yechdi degani emas.