O‘zbekiston | 15:45 / 17.10.2019
6567
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryo viloyatini ta'lim sifati bo‘yicha namunali hududga aylantirish ishlari boshlandi

Prezident topshirig‘iga muvofiq, Sirdaryo viloyati ta'lim sifati bo‘yicha namunali hududga aylantiriladi. Shu maqsadda, viloyatda qaysi tuman pedagoglarining kompyuter savodxonligi eng yuqori ekanini aniqlash uchun testlar o‘tkazilyapti.

Sirdaryo viloyatini ta'lim sifati bo‘yicha namunali hududga aylantirish maqsadida hududdagi xalq ta'limi xodimlarining kompyuter savodxonligi sinovdan o‘tkazilmoqda.

16 sentabr kuni xalq ta'limini isloh qilish bo‘yicha davlat rahbari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tgan edi. Yig‘ilishda prezident tomonidan ta'lim sifati bo‘yicha Sirdaryo viloyatini namunali hududga aylantirish haqida topshiriq bergan.

«Qo‘yilgan vazifa ijrosini ta'minlash maqsadida Guliston shahri, Boyovut, Yangiyer, Oq oltin, Sirdaryo tumanlarida pedagog xodimlar va xalq ta'limi tizimi mutaxassislarining kompyuter bo‘yicha bilimlari tekshirilmoqda. Testlar pedagoglar uchun umumiy, xalq ta'limi xodimlari uchun esa murakkabroq va chuqurlashtirilgan darajada tuzilgan», – deyiladi Xalq ta'limi sohasida AKTni rivojlantirish markazi axborot xizmati xabarida.

Ma'lum qilinishicha, 16-22 oktyabr kunlari davom etadigan sinovda 12 ming nafarga yaqin xalq ta'limi tizimi xodimlari ishtirok etadi.

Test natijalari tahlil qilinib, kompyuter savodxonligi eng yuqori bo‘lgan tuman aniqlanadi. Xalq ta'limi sohasida AKTni rivojlantirish markazining ta'lim jarayonini kompyuterlashtirish va onlayn platformaga o‘tkazishga yo‘naltirilgan loyihalari aynan shu tumanda pilot tarzida joriy qilinishi hamda ta'lim sifati bo‘yicha yetakchi hududga aylantirilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq maktablarda fundamental ta'lim tizimini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish imkonini beruvchi elektron resurslar haqida ma'lumot berilgan edi

Mavzuga oid