O‘zbekiston | 21:29 / 18.10.2019
80485
13 daqiqa o‘qiladi

«Ishonuvchanligim pand berdi» - Yana bir xususiy bandlik agentligi yuzlab odamlarni chuv tushirdi

Foto: Fotolia

Kun.uz tahririyatiga Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Xurshid D. Chilonzor tumanida joylashgan «Korean and migration xususiy bandlik agentligi» MChJ rahbarlaridan shikoyat qilib keldi.

Fuqaroning hikoya qilishicha, u joriy yilning fevralida o‘z tanishlari hamrohligida mazkur xususiy agentlikka borgan va ularni kutib olgan tashkilot xodimiga Janubiy Koreyaga ishga ketish niyati borligini aytgan. Firma vakillari bilan suhbatlashgach, fevral oyi so‘ngida agentlik va fuqaro o‘rtasida shartnoma tuzilgan, unga ko‘ra Xurshid D. bank orqali 27 million so‘m to‘lov qilgan. Mart oyida KOICA (Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi) ishtirokida Toshkent shahrida tashkil etilgan kasb-hunarga o‘qitish markazida bir haftalik mashg‘ulotlarda qatnashadi. Shundan so‘ng, tashkilot direktori unga mart oyi oxirida Koreyaga ishga ketishini aytadi. Lekin oktabr oyiga kelib ham fuqaroga na ish topilgan va na uning mablag‘i qaytarilgan.

Xurshid D. O‘zbekistonda o‘zi singari ushbu agentlik rahbarlari va'dalariga ishonib yurganlar  soni mingga yaqin ekanini bildirdi.

Shartnomadagi to‘lovdan tashqari «shapka» ham berilgan

«Yoshim 33da. Tayinli ish joyim yo‘qligi uchun haydovchilik qilib, ro‘zg‘or tebrataman. Mazkur agentlik haqida telegram orqali xabar topdim va 22 fevral kuni agentlikning Chilonzorda joylashgan filialiga ikki tanishim bilan birga bordik. Bizni u yerda O‘rol ismli xodim kutib oldi. Taxminan 3 soat davom etgan suhbatimiz avvalida «Koreyaga davlat orqali ishga ketmoqchi bo‘lsangiz 2 yilda yuborishadi. Biz esa 2 yoki 3 oyda jo‘natamiz», dedi.

Muloqot davomida 38 yoshgacha bo‘lganlar zavod, fabrikalarda, 40 yoshdan oshganlar esa qishloq xo‘jaligi sohasida ishlashi, og‘ir qiyinchiliklar yo‘qligi va 2-3 ming AQSh dollari atrofida oylik maosh berilishini aytib o‘tdi. Firma litsenziyasini ko‘rgach, faoliyati qonuniy ekaniga ishondik va xorijda ishlash istagimiz yanada kuchaydi.

Agentlik bilan shartnoma tuzganimizdan so‘ng, O‘rol aka 27 million so‘m to‘lov qilish kerakligini bildirib, qo‘limizga agentlik hisob-raqamini tutqazdi. Bunga rozi bo‘lib, o‘zimda mablag‘ kamligi uchun tanish-bilishlardan qarz so‘radim va bir amallab 27 million so‘m pul yig‘ib, «Turonbank»ning Chilonzor filialida to‘lovni amalga oshirdim.

Koreyaga ishga borganlar albatta, koreys tilini bilishi zarurligidan boxabarligim uchun 2018 yil oxirida 3 oylik kursda o‘qib, sertifikat olgandim. Agentlik xodimlari bir haftalik til kursida tahsil olishim shartmasligi va 3 oyda qo‘lga kiritgan sertifikatim inobatga olinishini aytishdi.

Mendan tashqari Koreyaga ketish orzusidagi yana 90 nafarga yaqin turli viloyatlardagi erkak va ayollar Uchtepa tumanidagi «Navro‘z» mehmonxonasida bir hafta yashab, bu vaqt ichida, ya'ni 25 fevraldan 1 martgacha KOICA’dagi o‘qishga qatnadik. Ochig‘i, yetti kun qanday o‘tib ketganini payqamadim. Chunki mashg‘ulotlar nomiga, shunchaki o‘tilardi. Bir o‘qituvchi noutbuki orqali «Million» jamoasining konsertini qo‘yib bergan holat ham bo‘ldi. Hattoki, bizga o‘qiganlik haqida bir parcha qog‘oz ham berishmadi.

O‘qish kunlari yakuniga yetar payt Xushvaqt ismli direktor o‘rinbosari «Bu firmani ochishimiz oson bo‘lmadi. Ko‘ngillaringni to‘q qilinglar, barchangiz tez kunda Koreyaga ketasizlar», dedi. Bu gaplarni ikki kundan so‘ng direktor Qahramon aka ham takrorladi. 4-5 mart kunlari yana o‘sha birinchi guruhdagi 90 nafar chog‘li kishi yangi ToshMI va bir qancha tibbiyot maskanlariga borib, tibbiy ko‘rikdan o‘tdik.

Meni mart oxirida Koreyaga yubormoqchi bo‘lishdi. Ammo biror amaliy ish bo‘lmaganidan keyin ko‘pchilik qatori tezroq yuborishlari uchun naqd ko‘rinishda 1 ming 700 AQSh dollari miqdorida «shapka» berdim. Biroq, shunda ham oldinga siljish kuzatilmadi. May oyida migratsiya agentligiga (Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi – tahr.) qo‘ng‘iroq qilib, bor holatni aytdim. Men bilan gaplashgan xodim xususiy bandlik agentliklari Koreyaga ishga yuborish vakolatiga ega emasligini ma'lum qildi. Buni Qahramon akaga aytganimda, u Koreyadagi bir qancha korxonalar bilan shartnomasi mavjudligi va albatta, ishga jo‘natishini bildirdi. Barchamizning xorijga kirish-chiqish pasportimiz undaligi bois yana gaplariga ishondik. Biroq quruq gap-so‘zlarini hozirgacha amalda isbotlashmayapti.

Oktabr oyi boshigacha deyarli har kuni bordim. «Bir hafta kuting», «O‘n kun sabr qiling», «Koreyadan 90 nafar odamga kvota keldi, siz ham ketasiz shular ichida. Faqat o‘n besh kun vaqt bor», deya turli va'dalarni aytib, shuncha muddatni o‘tkazib yuborishdi. Sakkiz oydan beri na ishga yuborishdan, na pulni qaytarishdan darak bor. Shu masalani o‘rganib, yordam bersangiz yaxshi bo‘lardi», dedi Xurshid D.

«Ishonuvchanligim pand berdi»

Shahrisabzlik 31 yoshli Obid T. ham «Korean and migration xususiy bandlik agentligi» orqali Koreyaga ketish niyatida firma bilan shartnoma imzolagan va unda belgilangan summani to‘lagan.

Lekin u ham yuzlab fuqarolar qatori aldanganidan kech xabar topgan.

«O‘zim oddiy ustaman. 10 yil Rossiyada muhojirlikda yurdim. Koreyaga ketish va ishlashga juda qiziqardim. Tanish-bilishlarim agentlik to‘g‘risida aytishgani uchun 28 yanvarda Toshkentga kelib, firmaga murojaat qildim. KOICA’da besh kun o‘qiganimizdan so‘ng o‘sha yerda 9 may kuni imtihon topshirdik. 70 balldan yuqori to‘plaganlar Koreyaga yuborilishini aytishdi. Men 75 ball yig‘dim. 28 mayda agentlik binosining o‘zida shartnoma bo‘yicha 32 million 400 ming so‘m to‘lov qildim. U puldan 14 million so‘mi o‘zimniki, qolgan qismini qarindoshlardan qarz olgandim. 28 iyunda Koreyaga ketish oldidan yana tayyorlanib, test sinovlarida qatnashdik.

Tashkilot rahbari avgust oylarida ketishimni aytgandi. Ammo sentabr oyi ichi ham kutdimki, ijobiy javob bo‘lmadi. Onam betobligi uchun uni davolatgani Hindistonga yubormoqchi bo‘lib, pul yetkazolmadim. Shu bois ariza yozib, pulimni qaytarib olish uchun o‘tgan hafta firma ofisiga borsam, u yerda tintuv ishlari bo‘lganini eshitdim. Aytishlaricha, hozir firma rahbari qamoqda ekan. O‘zim ham yuzlab pul berganlar qatorida IIVga ariza yozdim.

Men singari pul berib, ishga ketolmayotganlar Qashqadaryoda ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Tan olaman, ishonuvchanligim pand berdi. Lekin bu kabi agentliklarni litsenziya bergan tashkilotlar nazorat qilmaydimi? Firmaga yuzlab odamlar to‘lov qilgan, uni nega soliq idorasidagilar tekshirmaydi? Yaqinda «Human», «Profelite imp xususiy bandlik agentligi» kabi shunday firmalar orqali ko‘pchilik chuv tushganini hamma bildi-ku? Hozirgacha soddaligimiz tufayli pulni ham ololmayapmiz, Koreyaga ham borolmayapmiz. Vizani kutib, bir yilga yaqin umrim bekor o‘tdi».

700 nafar fuqaroga o‘quv darslari tashkil etilgan

Murojaatchilarning fikrlarini eshitgach, ular suhbatimiz mobaynida tilga olib o‘tgan KOICA (Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi) ishtirokida Toshkent shahrida tashkil etilgan Kasb-hunarga o‘qitish markaziga bordik. Ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitishga (kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash) mo‘ljallangan mazkur muassasa rahbariyati taqdim etgan ma'lumotnomada qayd etilishicha, O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 5 iyuldagi hamda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 sentyabrda imzolangan qarorlariga asosan tashkil etilgan, ustav asosida faoliyat yurituvchi «Korean and migration xususiy bandlik agentligi» MChJ shu yilning 18 fevral kuni markazga murojaat xati yozgan.

Unga asosan, mazkur ikki tashkilot o‘rtasida «Chet ellarga vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib borish istagida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijiy davlatlar madaniyati va tillari hamda ishlab chiqarish kasblari bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish» yuzasidan ikkita hamkorlik shartnomasi imzolangan. 21 fevralda tuzilgan 1-sonli shartnomaga ko‘ra 500 nafar, 8 apreldagi 2-sonli shartnomaga asosan esa 200 nafar, jami 700 nafar fuqaroga 30 akademik soatlik (5 kunlik) o‘quv darslari tashkil etilgan.

«Koreya madaniyati va etikasi» kursi bo‘yicha 12, «Diniy ekstremizm, missionerlik va odam savdosi holatlari oldini olish» kursi bo‘yicha 12, «Elektrotexnika, elektronika va avtomatlashtirish», «Avtomobillarni ta'mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish», «Mashinasozlik ishlab chiqarish texnologiyasi» tayyorlov yo‘nalishlari o‘quv ustaxonalarida «Mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi bo‘yicha» 6 akademik soatlik o‘quv darslari o‘tkazilgan. Mashg‘ulotlar fevral-may oylarida bo‘lib o‘tgan.

Mablag‘lar shaxsiy manfaatlar yo‘lida sarflab yuborilgan

Surishtiruv davomida agentlik rahbarlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgani aniqlandi. IIV huzuridagi Tergov departamenti mas'ul xodimi Adhamjon Abdullayev agentlik faoliyatidagi holat bo‘yicha ma'lumot berdi.

«Ichki ishlar vazirligiga fuqarolardan 2019 yil 4 yanvarda tashkil etilgan «Korean and migration xususiy bandlik agentligi» MChJning mansabdor shaxslariga nisbatan ko‘plab murojaatlar kelib tushdi. Arizalar yuzasidan vazirlik huzuridagi Tergov departamenti tomonidan 10 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi, ya'ni «aldash va ishonchni suiiste'mol qilish» yo‘li bilan o‘zganing juda ko‘p miqdordagi mulkini qo‘lga kiritish holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Aniqlanishicha, fuqaro Qahramon O. va boshqalar «Korean and migration xususiy bandlik agentligi» MChJni ta'sis etib, xorijda ishga joylashtirishga ko‘maklashish niqobi ostida chet elda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarga yolg‘on va'dalar berib, jamiyatga murojaat qilgan 645 nafardan ziyod fuqarolarning har biridan 27 million so‘mdan 32 million so‘mgacha bo‘lgan pul mablag‘larini jamiyat balansiga kirim qilish yo‘li bilan jami 12 milliard so‘mdan ortiq pulni qo‘lga kiritgan va ushbu mablag‘larni shaxsiy manfaatlari yo‘lida sarflab yuborishgan.

Jinoyat ishi yuzasidan olib borilayotgan dastlabki tergov harakatlari davomida fuqarolarning mol-mulkini jinoiy tajovuzdan himoyalash va «Korean and migration xususiy bandlik agentligi» MChJning faoliyati shaffofligini o‘rganish maqsadida moliya-xo‘jalik faoliyati yuzasidan hujjatli taftish tayinlandi.

Jamiyat direktori Qaxramon O., Musurmon A. va Odil K.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan ayblov e'lon qilinib, «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Hozirda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda va natijasiga ko‘ra, qonuniy qaror qabul qilinishi ta'minlanib, jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni undirish choralari ko‘riladi», deyiladi ma'lumotda.

Biz «Korean and migration xususiy bandlik agentligi» MChJ xodimlari bilan suhbatlashish uchun firma binosiga ham bordik. Ammo bino eshigi qulflangan edi. Vaziyatni kuzatishda davom etamiz.

Mirolim ISAJONOV,
Kun.
uz muxbiri.

Mavzuga oid