O‘zbekiston | 07:48 / 21.10.2019
2498
4 daqiqa o‘qiladi

Qo‘mondon kubogi uchun harbiy sport musobaqalari Qoraqalpog‘iston va Xorazmda har yili o‘tkaziladi

Razvedkachilarning to‘siqli yo‘lagini yengish, granatani gabaritga tushirish, nishonlarga qarata pnevmatik miltiqdan o‘q uzish va yana bir qancha sinovlarga boy bo‘lgan yangicha harbiy musobaqaning ilk g‘oliblari aniqlandi.

19 oktabr kuni Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tashabbusi bilan Nukus shahridagi 10 ta maktabning yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida okrug qo‘shinlari qo‘mondonining kubogi uchun “Yosh vatanparvarlar” harbiy sport estafetasi o‘tkazildi.

O‘zbekiston prezidenti tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus ijrosiga bag‘ishlangan mazkur musobaqa yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning bandligini ta'minlash, sportga qiziqishini orttirish hamda katta hayotga tayyorlash maqsadida tashkil etilgan.

Musobaqani okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Dilshod Choriyev ochib berdi va bellashuv ishtirokchilarini qutladi.

“Sizlar bizning ham farzandimiz. Shu safda turgan har bir  o‘g‘il-qiz qo‘mondonning farzandi. Biz sizlarning sport yo‘nalishida, jumladan harbiy estafetalarda ishtirok etishlaringiz uchun qo‘limizdan kelgancha hamma sharoit yaratamiz”, – dedi polkovnik Dilshod Choriyev.

Shuningdek, qo‘mondon o‘z nutqida kelgusida mazkur harbiy sport estafetasini Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining barcha hududlari yoshlari o‘rtasida har yili o‘tkazishga va'da berdi. 

Nukus garnizoni hududida joylashgan mini-poligonda qizg‘in bahs va munozaralarga boy o‘tgan estafeta yoshlarning jamoa bo‘lib harakat qila olishini ko‘rsatib berdi. Musobaqa shartiga ko‘ra ishtirokchilar razvedkachilarning to‘siqli yo‘lagidan o‘tib, BTR-80 qurolining mo‘ljalga olish optik moslamasini nishonga to‘g‘rilash, avtomatni noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ishi hamda o‘qdonni o‘q dorilar bilan to‘ldirishi, granatani belgilangan joyga tushirishi, pnevmatik miltiqdan merganlik mahoratini sinovdan o‘tkazishi, ommaviy qirg‘in qurollaridan himoya vositalarini kiyishi, shartli yaradorga tibbiy yordam ko‘rsatishi va radioaloqani ishga hozirlashi zarur edi.

Har bir jamoadan 3 nafar o‘g‘il va 3 nafar qiz bolalar qatnashgan bahslar davomida ishtirokchilarning g‘alabaga bo‘lgan ishonchi oxirgi daqiqalargacha sezilib turdi. Barcha me'yorlarni bajarishda texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilinishini ta'minlash maqsadida to‘siqlar oldida harbiy xizmatchilar nazoratni amalga oshirdi. 

Yakuniy natijalarga ko‘ra Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining kubogi uchun kechgan bellashuvda Nukus shahridagi 19-umumta'lim maktabi o‘quvchilari g‘olib bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinni 36-maktab o‘quvchilari va uchinchi o‘rin 17-maktab jamoasiga nasib etdi. 

G‘olib va sovrindor jamoalar harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining kubogi, esdalik sovg‘alari va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

Harbiy sport estafeta doirasida yoshlar uchun qurol-aslaha va harbiy texnika namoyishi hamda konsert dasturi bo‘lib o‘tdi. Okrug qo‘shinlari qo‘mondonligining moddiy ta'minot bo‘linmalari tomonidan ikki yuz nafardan ziyod yoshlar uchun mobil dala oshxonasida harbiycha tushlik tashkil etildi, deyiladi Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi matbuot xizmati xabarida.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid