O‘zbekiston | 15:10 / 22.10.2019
7596
2 daqiqa o‘qiladi

Qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi mahsulotlarining umumiy hajmi ma'lum bo‘ldi

Foto: KUN.UZ

2019 yilning yanvar - sentabr oylarida qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi mahsulot (xizmat)larining umumiy hajmi 156,6 trln so‘mni tashkil qildi. 

Davstatqo‘m ma'lumotlariga ko‘ra, dehqonchilik va chorvachilik, ovchilik va ushbu sohalarda ko‘rsatilgan xizmatlar – 151,8 trln so‘mni, o‘rmon xo‘jaligi – 4,05 trln so‘mni, baliq xo‘jaligi – 734,9 mlrd. so‘mga teng bo‘ldi.

Qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi mahsulot (xizmat)lar umumiy hajmining 96,9 % dehqonchilik va chorvachilik, ovchilik va ushbu sohalarda ko‘rsatilgan xizmatlar, 2,6 % - o‘rmon xo‘jaligi, 0,5 % - baliq xo‘jaligi hissasiga to‘g‘ri keladi. 

2019 yilning yanvar – sentabr oylarida hududlar kesimida qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi mahsulot (xizmat)larining eng yuqori hajmi Samarqand (21,3 trln so‘m) va Andijon (16,7 trln so‘m) viloyatlariga to‘g‘ri kelmoqda. Aksincha, kam hajmga ega hududlar jumlasiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi (4,8 trln so‘m), Sirdaryo (5,3 trln so‘m) va Navoiy (7,01 trln so‘m) viloyatlarini keltirib o‘tish mumkin. 

Xususan, yuqori o‘sish sur'atlari Farg‘ona viloyatida, Qoraqalpog‘iston Respublikasida, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida kuzatildi. Buxoro, Sirdaryo va Samarqand viloyatlarida esa aksincha o‘sish sur'atlari pastligi kuzatildi. 

Respublikaning qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi mahsulot (xizmat)larining umumiy hajmida Samarqand viloyatining ulushi 13,6 % ni tashkil etdi va hududlar bo‘yicha yetakchilik qilmoqda, Andijon va Toshkent viloyatlari mos ravishda 10,7 % va 9,9 % ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarni egalladi. Eng kam ulush Qoraqalpog‘iston Respublikasi (3,1 %), Sirdaryo (3,4 %) va Navoiy (4,5 %) viloyatlarida qayd etildi. 

Mavzuga oid