O‘zbekiston | 22:38 / 22.10.2019
76257
4 daqiqa o‘qiladi

«Topgan pullarini faqat jarima to‘lashga sarflashyapti». Toshkentda ishlovchi viloyatliklar masalasi parlamentda ko‘tarildi

22 oktabr kuni parlament quyi palatasining navbatdagi majlisida O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotiga doir bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi.

Jumladan, «Aholini ish bilan ta'minlash to‘g‘risida»gi qonun loyihasi deputatlar o‘rtasida turli bahs-munozaralarni keltirib chiqardi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Deputat Rasul Kusherbayev fikricha, qonun loyihasida aholini ish bilan ta'minlashdagi hozirgi real muammolar to‘la aks etmagan. Shu bois u Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanovga ayrim fikrlar bilan murojaat qildi.

Deputat Rasul Kusherbayev

«Janob vazir, 12 sentabr kuni nomzodingizni Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri lavozimiga ma'qullashdan avval sizga Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 223-moddasi (Pasport tizimi qoidalarini buzish-tah.) bo‘yicha joylarda juda ko‘p muammolar yig‘ilib qolgani, bu yo‘nalishda aholining davlatga va qonunlarga bo‘lgan salbiy fikri  saqlanib qolayotgani hamda endilikda mavjud holatni yaxshilash uchun nima ish qilmoqchisiz, deya savol bergandim.

Siz esa vazirlikda qiladigan birinchi ishingiz shu yo‘nalishda bo‘lishini aytgandingiz. 
Mana, aholini ish bilan ta'minlash yo‘nalishida yangi qonun qabul qilinmoqda, lekin unda holatni tuzatish maqsadida yozilgan biror jumlani topolmadim.

Qaytaraman, har kuni aynan shu modda asos qilinib, respublikaning turli hududlaridan Toshkentga ish izlab kelgan yuzlab kishilar avtobuslarni to‘ldirib IIB bo‘limlariga olib kelinadi va jarimaga tortiladi.

Ular ishlagan pulini faqat jarimalarni to‘lashga sarflashmoqda.

Biz ular uchun amal qilish deyarli imkonsiz bo‘lgan qonunlarni yaratib qo‘yganmiz. Tasavvur qiling, Toshkentga ish izlab kelgan fuqaro turar-joy topishi, ma'lum to‘lovlar evaziga ro‘yxatdan o‘tishi kerak. Ro‘yxatdan o‘tishning o‘zi uchun esa qanchadan-qancha hujjat to‘ldiradi.

Biz bir hududdan ikkinchi hududga ishlash maqsadida ko‘chib o‘tayotgan fuqarolar uchun yangi, yengilroq tizim qilishimiz kerak, bizga yangi yechim kerak», – dedi Rasul Kusherbayev.

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov

Deputatning qo‘shimcha qilishicha, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 223-moddasi – fuqarolarning erkinliklarini cheklash bilan birga, korrupsiyaga keng yo‘l ochib, yangidan-yangi qonunbuzarliklarga huquqiy asos bo‘lib qolmoqda.

«Ayrimlar bu moddaning buzilishi va undan keladigan jarima tushumlaridan manfaatdor bo‘lishi mumkin.

Janob vazir, agar haqiqatda odamlarni o‘ylasangiz, ikkala vazirlik (Ichki ishlar vazirligi nazarda tutilmoqda-tah.) eng avvalo shu masalaga yechim toping», – deb ta'kidladi Kusherbayev.

Uning so‘zlarini diqqat bilan eshitgan Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov bu masalaning bugun muhokamaga qo‘yilgan «Aholini ish bilan ta'minlash to‘g‘risida»gi qonun bilan emas, boshqa bir qonun orqali tartibga solinishi kerakligini bildirdi.

Qonun loyihasi uchinchi o‘qishdan keyin ko‘pchilik deputatlar ovoziga ko‘ra qabul qilindi va ma'qullash uchun Senatga yuboriladigan bo‘ldi.

Mavzuga oid