Jahon | 00:40 / 22.10.2019
7738
2 daqiqa o‘qiladi

Tsukerberg Rossiya, Xitoy va Eronni AQShdagi saylovlarga tayyorgarlik jarayoniga aralashayotganlikda aybladi

Facebook kompaniyasi asoschisi va rahbari Mark Tsukerberg Rossiya, Xitoy va Eron AQShda 2020 yilda o‘tadigan saylovlarga tayyorgarlik jarayoniga aralashishga urinayotganini aytdi. U bu boradagi fikrlarini NBC telekanaliga intervyusida aytib o‘tdi.   

Foto: EPA

“Biz hozir Rossiya, Eron va Xitoy saylovlarga aralashish uchun yanada nozik taktikani qo‘llayotganini ko‘rmoqdamiz. 2020 yilgi saylovlar borasida bunday ishonch bilan aytishimning sabablaridan biri – biz 2016 yildan beri Fransiya, Germaniya, Yevropa Ittifoqi, Hindiston, Meksika va Braziliyadagi barcha muhim saylovlarga aralashuvdan himoyalanishda rol o‘ynadik”, deb aytgan Facebook rahbari.    

Tsukerberg Facebook ijtimoiy tarmog‘i ma'muriyati soxta ma'lumot tarqatish va AQShdagi saylov jarayonlariga ta'sir ko‘rsatishga urinishlarga qarshi kurash usullarini takomillashtirish doirasida Rossiya va Eronning 4 guruh akkauntlarini o‘chirganini eslatib o‘tgan. “Bu ma'lumotlarning aniqlanib, o‘chirilishi tizimimiz avvalgidan ancha mukammallashganidan darak beradi”, deb hisoblamoqda Tsukerberg.

Facebook rahbariyati saylovlarga aralashuvlarga qarshi kurashda yetarlicha jonbozlik ko‘rsatmasligi uchun AQSh hukumati tomonidan bir necha marotaba tanqidga uchragan.

Oxirgi baholashlarga ko‘ra, Facebook ijtimoiy tarmog‘ining bir oylik umumiy auditoriyasi 2,4 mlrd foydalanuvchidan oshadi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid