O‘zbekiston | 16:00 / 23.10.2019
2346
3 daqiqa o‘qiladi

Nukusda «Orolbo‘yi - ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi» deb nomlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi 

Foto: KUN.UZ

Anjuman sessiyalari va yig‘ilishlari davomida O‘zbekistonning Orolbo‘yi hududini innovatsion rivojlantirish bo‘yicha loyihaviy takliflari alohida taqdim etiladi.

24-25 oktabr kunlari Nukus shahrida BMT shafe'ligida "Orolbo‘yi - ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi" deb nomlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi.

Xalqaro konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 24 avgustda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta'sischi davlatlari rahbarlari sammitida e'lon qilingan tashabbuslari va takliflari doirasida tashkil etilmoqda. 

Anjumanning ochilish marosimida BMT Bosh kotibi A. Guterrishning videomurojaati namoyishi, yalpi majlis, 4 ta tematik sessiya, shuningdek, Orol dengizining qurigan tubiga tashrif ("Kemalar qabristoni", Mo‘ynoq tumanidagi madaniyat markazi va muzey) rejalashtirilgan.

Anjuman doirasida Barqaror rivojlanish bo‘yicha davlatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi ham rejalashtirilgan bo‘lib, yig‘ilishda komissiya raisligi Turkmanistondan O‘zbekistonga o‘tadi.

Tadbirda 230dan ortiq, jumladan 200dan ortiq xorijlik mehmonlar ishtirok etishi kutilmoqda.

Ular orasida BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Natalya German, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Piter Burian, BMT Bosh kotibining yordamchisi, BMT Taraqqiyot dasturi administratorining maxsus maslahatchisi Abdulayye Deyyeu, BMTning doimiy koordinatori Xelena Freyzer, BMTEIK Ijroiya kotibiyati ofisining direktori Kire Ilioski kabi mehmonlar bor.

Konferensiyada Prezidentning uchta tashabbusini ilgari surish: Orolbo‘yida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududini tashkil etish konsepsiyasi loyihasi; Orolbo‘yi mintaqasini "Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi" deb e'lon qilish to‘g‘risidagi BMT Bosh assambleyasining maxsus rezolyutsiyasi; Markaziy Osiyoda suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha mintaqaviy dastur taqdimoti va muhokamasi o‘tkaziladi.
Anjuman sessiyalari va yig‘ilishlari davomida O‘zbekistonning Orolbo‘yi hududini innovatsion rivojlantirish bo‘yicha loyihaviy takliflari alohida taqdim etiladi (umumiy qiymati 33 million dollarlik 24 loyiha).

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid