O‘zbekiston | 01:11 / 25.10.2019
106600
3 daqiqa o‘qiladi

Ilk bekatlari qurib bitkazilgan Toshkent yerusti metrosidan fotoreportaj 

24 oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev Yashnobod tumaniga tashrif buyurib, yerusti halqa metrosining qurilishi bilan tanishdi. Ayni paytda «Do‘stlik-2» va «Ohangaron» bekatlari qurib bitkazilgan.

Uzunligi qariyb 55 kilometr bo‘lgan mazkur transport tarmog‘ining umumiy qiymati 422 million dollardan ziyod. Loyiha besh bosqichda amalga oshirilishi belgilangan.

Bugungi kunda uning birinchi bosqichi — metropolitenning «Do‘stlik» bekatidan Qo‘yliq bozorigacha bo‘lgan 11 kilometrlik qismi qurilmoqda. Bu yo‘nalishda 7 ta bekat bo‘ladi.

Shavkat Mirziyoyev stansiyalarda yo‘lovchilar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, shuningdek, «Do‘stlik» bekatidan «Ohangaron» bekatigacha poyezdda borib, yerusti metrosining ilk yo‘lovchisi bo‘ldi.

Bekatlar yo‘lovchilarga qulaylik yaratuvchi zamonaviy texnologiyalar, yo‘lkirani elektron to‘lash imkonini beruvchi turniketlar, eskalator bilan jihozlangan.

Quyida siz yangi yerusti metrosining suratlarini tomosha qilgan holda, u qanday ko‘rinishga ega bo‘lishi borasida to‘liqroq xulosalarni chiqarishingiz mumkin.

Hozirda Qo‘yliq bozorigacha bo‘lgan yo‘lning qolgan qismida ham poydevorlar quyulib, tayanch ustunlar o‘rnatish yakunlangan. Balkalar o‘rnatish, bekatlar qurish ishlari davom etmoqda.

Loyihaning ikkinchi bosqichda Qo‘yliq bozori bilan «Olmazor» bekati bog‘lanadi. Uchinchi bo‘lib «Beruniy», undan keyin «Bodomzor» bekatigacha bo‘lgan qism quriladi. So‘nggi bosqichda esa halqa metro liniyasi yana «Do‘stlik» bekatiga ulanadi.

Avvalroq Prezident tomonidan Toshkent metropolitenining bekatlari yo‘lovchilar uchun shunchaki kutish joyi bo‘lib qolmay, balki, yerusti metrosining atrofi aholi dam olib, hordiq chiqaradigan, oilaviy kelib sayr qiladigan manzilgoh ham bo‘lishi kerakligi aytilgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid