O‘zbekiston | 12:26 / 26.10.2019
7687
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyati turizm industriyasi nimasi bilan investorlarni jalb qila oladi?

Foto: KUN.UZ

Invest in Tashkent region forumi doirasida Toshkent viloyatining turizm salohiyati va sohadagi yangiliklar bo‘yicha sessiya o‘tkazildi.

Tadbirda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Abdulaziz Oqqulov so‘zga chiqib, ushbu yo‘nalishda O‘zbekistonda chet ellik investorlar va turistlarga yaratilayotgan qator yengilliklar haqida ma'lumot berdi.

Abdulaziz Oqqulov

«Turizm bo‘yicha O‘zbekistonda bir qancha imtiyozli preferensiyalar amal qilmoqda. Masalan, davlat rahbarining qarori bilan investorlar va tashkilotlar uchun mehmonxona qurish va uni jihozlashga sarflagan xarajatlarning bir qismini qoplash maqsadida 2022 yilning 1 yanvariga qadar foydalanishga topshiriladigan mehmonxonalar uchun subsidiya ajratilishi ko‘zda tutilgan», deya ta'kidladi Abdulaziz Oqqulov.

Qo‘mita raisi bergan ma'lumotga ko‘ra, bunda 3 yulduzli mehmonxonalarda har bir xona uchun 40 million so‘m, 4 yulduzli mehmonxonalarda esa har bir xona uchun 65 million so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.

«Ta'kidlash joizki, O‘zbek turizmi haqida gap ketganda Toshkent viloyatiga alohida to‘xtalmaslikning imkoni yo‘q. Chunki hudud bu yo‘nalish taraqqiyotida alohida rol o‘ynaydi. Ayni paytda viloyatda ekoturizm, agroturizm, sport turizmi kabilar rivojlanmoqda.

Hudud noyob tabiiy resurslarga ega ekani bilan ekoturizmni rivojlantirish uchun katta imkon beradi. Masalan, Chotqol shahri O‘zbekistondagi eng toza havoli hudud hisoblanadi. Toshkent viloyatida Chorvoq, Toshkent, Ohangaron kabi turistik zonalar ham alohida ahamiyatli», deya ma'lumot berdi Abdulaziz Oqqulov.

Bundan tashqari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi gastronomik turizmni rivojlantirish uchun ham imkoniyat borligi haqida aytib o‘tdi.

Shuningdek, tadbirda Chorvoq erkin turistik zona direksiyasi rahbari Jamshid Sobirov ushbu hududda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi.

Aytilishicha, turistik zonada qish mavsumida ekoturizm, ekstremal turizm, sport turizmi, tog‘ kurort xizmatlari, yoz oylarida esa agroturizm tabobat turizmi va boshqa turlarni ham rivojlantirish imkoni bor.

Jamshid Sobirovning ta'kidlashicha, Chorvoq erkin turistik zonasida ma'qullangan va qurilish jarayonlari boshlangan barcha obektlarda umumiy 1800 ta mehmon o‘rinlari va 1500 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, yana 40 dan ortiq loyihalar bilan tanishuv ishlari olib borilayotgani ham aytib o‘tildi. 

Ular, asosan, Rossiya, Qozog‘iston, Fransiya, Yaponiya, Xitoy davlatlari investorlarining loyihalaridir.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid