Sport | 20:46 / 27.10.2019
12151
2 daqiqa o‘qiladi

«Bosh vazir kubogi»da Oliy sud jamoasi chempion bo‘ldi

«Bunyodkor» stadionidagi finalda sudyalar jamoasi «O‘ztelekom» AJ xodimlarini 1:0 hisobida yengdi.

Ilk marta tashkil etilgan «Bosh vazir kubogi»da O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jamoasi g‘olib chiqdi.

Sud jamoasi 27 oktabr kuni «Bunyodkor» stadionida kechgan final bahsida «O‘ztelekom» aksiyadorlik jamiyati jamoasini 1:0 hisobida mag‘lub etdi. Bu haqda Kun.uz`ga Oliy sud matbuot xizmati ma'lum qildi.

Sudyalar jamoasi yarim finalda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligini 3:0 hisobida mag‘lub etgan, «O‘ztelekom»chilar esa Suv xo‘jaligi vazirligi jamoasidan 3:1 hisobida ustun kelgandi.

Taqdirlash marosimida Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ishtirok etdi.

Vazirliklar, tashkilot va idoralar o‘rtasidagi «Bosh vazir kubogi – 2019» musobaqasi erkaklar o‘rtasida futbol, ayollar o‘rtasida esa voleybol bahslaridan iborat bo‘ldi.

26 oktabr kuni voleybol musobaqasining hal qiluvchi o‘yinlari O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida bo‘lib o‘tdi.

Finalda «O‘zbekiston temir yo‘llari» jamoasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining voleybolchi xotin-qizlarini mag‘lub etib, chempion bo‘ldi. 3-o‘rin esa Maktabgacha ta'lim vazirligi jamoasini yenggan O‘zbekiston milliy axborot agentligiga nasib etdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, turnirda qatnashish uchun 148ta vazirlik, idora, xo‘jalik birlashmalari, yirik korxona va tashkilotlarga xat yuborilgan, yakunda erkaklar o‘rtasidagi futbol musobaqalarida qatnashish uchun 64ta, voleybol musobaqalarida ishtirok etish uchun esa 11ta jamoa talabnoma taqdim etgan.

Mavzuga oid