DBQ ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan videolavha yuzasidan munosabat bildirdi
Davlat bojxona qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilgan Toshkent xalqaro aeroportida xizmatni o‘tayotgan bojxona xizmati xodimlari tomonidan fuqaro A.Sh.ga tegishli dori vositalarini go‘yoki noqonuniy ravishda olib qo‘yilganligiga doir videolavha yuzasidan munosabat bildirdi.
“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan videolavhadagi holat o‘rganilganida, joriy yilning 22 oktabr kuni “Dehli-Toshkent” reysi yo‘nalishi bo‘yicha parvozini yakunlagan fuqaro A.Sh. qisqa fursatda bojxona nazoratidan o‘tish maqsadida «yashil» yo‘lak orqali harakatlanganligi ma'lum bo‘ldi”, deyiladi unda.
Ammo yo‘lovchining qo‘l yuklari va yo‘l sumkalari nazorat tartibida zamonaviy skaner qurilmalari yordamida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, bojxona xodimining og‘zaki so‘rovida ma'lum qilinmagan va yo‘lovchi tomonidan taqdim qilingan shifokor retseptida ko‘rsatilmagan 11 turdagi dori vositalari, xususan, 59 dona “Metoksalen” dori vositasi, 39 quti “Diklofenak” dori vositasi, 44 quti “Klindamitsin fosfat” antibiotigi, 31 quti “Pigmento” mazlari, 48 ta konvaluta “Height grow” dorilari, 37 quti “Entavir” dori vositasi, 17 quti “Pigmento” tabletkalari va turli nomdagi bir nechta dorilar borligi aniqlangan.
“Ushbu dorilarning ichki bozordagi narxlari o‘rganilganda ularning umumiy o‘rtacha narxi bir necha o‘n million so‘mni tashkil etishi ma'lum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro A.Sh. tomonidan berilgan tushuntirishda mazkur dori vositalarini u “Dehli” xalqaro aeroportidagi notanish ayolning iltimosiga ko‘ra O‘zbekistonga olib kelayotganligini ma'lum qilgan.
Videomurojaatda esa, fuqaro jigar sirrozi bilan og‘riganligi sababli ushbu dori vositalarini olib o‘tganligini ma'lum qilgan. Vaholanki, yuqorida sanab o‘tilgan dori vositalarining aksariyati ushbu kasallikni davolashga mo‘ljallanmagan”, deyiladi DBQ izohida.
Bojxona ko‘rigidan so‘ng fuqaro A.Sh.ga shifokor retseptida ko‘rsatilgan barcha dori vositalari hech bir moneliksiz qaytarilgan.
Ta'kidlanishicha, Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 8 iyundagi 191-sonli qaroriga muvofiq, jismoniy shaxslar yashash yoki bo‘lish mamlakati tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan hujjat taqdim etmasdan shaxsiy foydalanish uchun har biri 5 o‘ramdan ortiq bo‘lmagan, turli nomdagi 10 tagacha dori vositalarini olib kirishlari mumkin.
Agarda dori vositalarini ushbu miqdordan ortiq olib kirish va olib chiqish zaruriyati tug‘ilsa, jismoniy shaxslar bojxona organlariga bo‘lish yoki yashash mamlakatining tibbiyot muassasasidan uning shaxsiy foydalanishi uchun mo‘ljallangan dori vositasining nomini, uning dorivor shaklini va davolash kursiga tavsiya qilingan miqdorini ko‘rsatgan holda muayyan jismoniy shaxsga berilgan hujjatni taqdim etadilar.
Davlat bojxona qo‘mitasi fuqarolardan bojxona qonunchiligi talablariga to‘liq rioya qilishlarini so‘rab qoladi va ularning qonuniy huquq-manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha yaqindan hamkorlikka tayyor ekanligini ma'lum qiladi.
Mavzuga oid
16:02 / 26.04.2022
Davlat bojxona qo‘mitasi raisiga yangi o‘rinbosar tayinlandi
21:04 / 10.04.2022
Toshkentda qalbaki 6900 dollarni sotmoqchi bo‘lgan guruh qo‘lga olindi
20:37 / 18.11.2021
Akmalxo‘ja Mavlonov rasman Davlat bojxona qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlandi
15:59 / 18.11.2021