O‘zbekiston | 15:50 / 29.10.2019
3722
5 daqiqa o‘qiladi

Adliya vazirligi samarasiz normativ-huquqiy xujjatlarni «tozalash» bo‘yicha yangi metod qo‘llamoqchi

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekistonda qonunchilikdagi iqtisodiy samarasiz, amalda o‘z ahamiyatini yo‘qotgan, amalga oshirilishi ortiqcha xarajatlar talab qiladigan normativ-huquqiy hujjatlarni bekor qilish maqsadida «Tartibga solish gilotinasi» metodini qo‘llash rejalashtirilmoqda. Bu haqda Kun.uz`ga Adliya vazirligi matbuot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva xabar berdi.

«Tartibga solish gilotinasi» – qanday metod?

Iqtisodiy o‘sishdagi to‘siqlarni bartaraf etish va investitsiyalarni jalb qilish maqsadida amaliyotga joriy etilgan «tartibga solish gilotinasi» prinsipi 1980 yilda Shvetsiyada ishlab chiqilgan. Metodning asosiy g‘oyasi – qisqa muddatlarda amaldagi normativ-huquqiy bazani xatlovdan o‘tkazish va uning natijasida qonunchilikka zid bo‘lgan, samarasiz normativ-huquqiy xujjatlarni bekor qilish hisoblanadi.

«Tartibga solish gilotinasi» metodini amalga oshirishda keraksiz norma va qoidalarni bekor qilish jarayonida siyosiy va ma'muriy xarajatlarni qisqartirish, tadbirkorlar va boshqa manfaatdor shaxslar uchun konsultatsiyaviy muhitni shakllantirish, vazirlik va idoralar o‘rtasida samarali hamkorlikni rivojlantirish kabi maqsadlar ilgari suriladi.

Ushbu metodning bugungi kundagi talqini Jacobs, Cardowa & Associates tomonidan Shvetsiya va Janubiy Koreya davlatlari tajribasiga asoslangan xolda ishlab chiqilgan. «Tartibga solish gilotinasi» metodi quyidagi ketma-ketlikda amalga tatbiq etiladi:

a) Hukumat (yoki reformalarni amalga oshirish vazifasi yuklangan boshqa organ) «Tartibga solish gilotinasi»ning asosiy maqsadlarini belgilaydi;

b) Hukumatning topshirig‘iga binoan mas'ul idora belgilangan muddatda normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxatini shakllantiradi. Ushbu normativ-huquqiy hujjatlar qonuniyligi, dolzarbligi va bozor munosabatlariga qanchalik mosligi yuzasidan uch bosqichli xatlovdan o‘tkaziladi: hujjatni ishlab chiqqan mas'ul idora, mustaqil ekspert-tahlilchilar va tadbirkorlar guruhi tomonidan;

v) Shundan so‘ng, xatlovdan o‘tkazilgan barcha normativ-huquqiy hujjatlar yagona reyestrga jamlanadi. Xatlov natijasiga ko‘ra yuqoridagi talablarga zid deb topilgan normativ-huquqiy hujjatlar esa o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi.

«Tartibga solish gilotinasi»dan qanday natijalar kutiladi?

Hozirgi kunga qadar ushbu metod Vetnam, Keniya, Xorvatiya, Janubiy Koreya, Ukraina va boshqa bir necha davlatlarda normativ-huquqiy hujjatlar, asosan, qonuniylik, biznes uchun foydali yoki foydali emasligi, dolzarblik, xarajatlar mezonlari bo‘yicha amalga oshirilgan. Shuningdek, yuqoridagi davlatlarda «tartibga solish gilotinasi» metodini to‘liq amalga oshirish ikki oydan ikki yilgacha muddat talab qilib, natijada esa YaIM hajmi sezilarli darajada oshgan va qo‘shimcha ish o‘rinlari soni ko‘paygan.

Bunga yorqin misol tariqasida, Janubiy Koreya amaliyotini keltirish mumkin. Davlat 11 oy davomida 11000ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqdi va ularning 50 % qismini bekor qildi. Buning natijasida YaIM xajmi 36 milliard dollarga o‘sgan bo‘lsa, qo‘shimcha bir million ish o‘rni yaratildi.

Xuddi shunday reformalardan biri 2005 yilda Moldovada o‘tkazildi. «Tartibga solish gilotinasi»ni amalga oshirish uchun Milliy ishchi guruh tuzildi. Ishchi guruh 6 oy davomida tadbirkorlik sohasini tartibga solishga doir 1130ta normativ-huquqiy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqdi.

Buning natijasida esa, 426ta hujjatlar barcha mezonlarga javob berdi va reyestrga kiritildi, 285ta normativ-huquqiy hujjatga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Shuningdek, 99ta normativ-huquqiy hujjatlar bekor qilindi.

Adliya vazirligi to‘liq xatlovni yakunladi

Bugungi kunga kelib «tartibga solish gilotinasi»ni amaliyotga joriy qilish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan idoraviy-normativ-huquqiy hujjatlar to‘liq xatlovdan o‘tkazildi. Xatlov natijasida o‘z dolzarbligi yo‘qotgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar aniqlandi.

Shuningdek, tegishli ijtimoiy munosabatlarni idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinishining maqsadga muvofiq emasligi masalasi ham atroflicha tahlil qilindi. Buning natijasida esa 390dan ortiq idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar bekor qilindi.

Shu bilan birga, javobgarlik belgilovchi, bir xil ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi normalarni qayta ko‘rib chiqish yuzasidan vazirlik va idoralarga tegishli takliflar yuborildi.

«Tartibga solish gilotinasi» metodini to‘laqonli amalga oshirish natijasida esa, tadbirkorlarga g‘ov bo‘lib kelayotgan turli ma'muriy cheklovlarni bartaraf etish, iqtisodiyot tarmoqlarida yuqori samaradorlikka erishish va biznes yuritish muhitini yaxshilash ko‘zlangan. Hozirda Adliya vazirligi tomonidan ushbu maqsadga erishish uchun barcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Баҳодир Аҳмедов
Tayyorlagan Баҳодир Аҳмедов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid