19:56 / 30.10.2019
0
6782

Afg‘onistonda jangarilar tomonidan elektr uzatish tarmog‘iga yetkazilgan zarar bartaraf etilmoqda

O‘zbekistondan Afg‘onistonga elektr energiyasi eksportida yuzaga kelgan muammoga izoh berildi.

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ axborot xizmati ma'lum qilishicha, Afg‘oniston Islom Respublikasining «Da Afghanistan Breshna Sherkat» (DABS) ijrochi direktori janob Omonullo G‘olibdan aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi nomiga rasmiy maktub kelib tushgan.

Unda yozilishicha, elektr energiyasi eksporti bo‘yicha imzolangan elektr energiyaning shartnomaviy miqdori tushib ketganiga ayni paytda ikkita omil ta'sir ko‘rsatmoqda. Birinchisi, Bog‘lon viloyati hududida jangarilar tomonidan olib borilayotgan jangovar harakatlar oqibati, ikkinchisi Afg‘onistondagi iqlim sharoiti, xususan meteorologik va gidrologik sabablar (qor-loy ko‘chkisi, kuchli shamol) o‘tgan yilgi mavsumga nisbatan keskin tus olayotgani. Shunga qaramay, «DABS» shirkati muhandislari ta'mirlash-tiklash ishlarini olib bormoqda, deyiladi bir nechta fotosuratlar ilova qilingan maktubda.

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ bu masalada qo‘shimcha izoh berdi.

«...28 oktabr kuni soat 11:53dan soat 19:07gacha va 29 oktabr kuni soat 10:00dan hozirgi paytgacha Afg‘oniston energetiklari tomonidan olib borilayotgan texnik ta'mirlash ishlari xavfsiz bajarilishini ta'minlash maqsadida «Puli-Humri» va «Chimtala» podstansiyalarini bog‘lovchi 220 kV.lik havo elektr uzatish tarmog‘ining ikkinchi zanjiri o‘chirilgan. Demak, bu vaqt oralig‘ida Afg‘oniston Islom Respublikasiga eksport amalga oshirilmagan va bu hanuz davom etmoqda.

Ko‘rinib turibdiki, eksport masalasida barqarorlik mavjud emas. Qariyb 40 yil davomida notinch mamlakat sifatida tilga olinadigan diyorda nafaqat energetika, balki barcha sohalarda barqarorlik hukmron bo‘lishidan mintaqa davlatlari qatori O‘zbekiston ham manfaatdor», deyiladi izohda.

Eslatib o‘tamiz, 12 oktabr kuni «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan turli sabablarga ko‘ra Afg‘onistonga eksport qilinayotgan elektr energiyasi miqdori yana «0» qiymatga tushgani ma'lum qilingandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top