O‘zbekiston | 17:48 / 30.10.2019
13959
4 daqiqa o‘qiladi

Deputatlar Moskva Konvensiyasi Protokolini ratifikatsiya qilishni ma'qulladi

29 oktabr kuni parlament quyi palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. 

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, unda O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotiga doir bir qator qonun loyihalari, jumladan, «1993 yil 22 yanvardagi Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy munosabatlar to‘g‘risidagi Konvensiyaning Protokolini (Moskva, 1997 yil 28 mart) ratifikatsiya qilish haqida»gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan ko‘rib chiqildi.

Majlisda Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a'zosi Dilorom Fayziyevaning Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar to‘g‘risidagi Konvensiya Protokoliga qo‘shilish O‘zbekistonga nima berishi borasidagi ma'ruzasi tinglandi.

Fayziyevaning so‘zlariga ko‘ra, 1993 yil 22 yanvardagi fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar to‘g‘risidagi Minsk Konvensiyasiga muvofiq, a'zo davlatlar adliya muassasalarining markaziy organlari tomonidan shu kabi masalalar bo‘yicha tegishli faoliyatni amalga oshirish nazarda tutilgan.

«Hozirgi vaqtda O‘zbekiston tomonidan markaziy organ Adliya vazirligi hisoblanadi. Minsk Konvensiyasi doirasida ko‘rib chiqilayotgan juda ko‘plab masalalar Adliya vazirligining vakolatlariga kirmaydi. Xususan, so‘rovlarning 80 foizi, O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 2 fevraldagi Farmoniga muvofiq 2018 yilning 1 iyunidan hokimliklar tizimiga o‘tkazilgan FHDYo organlariga tegishli.

Buning natijasida, so‘rovlarni qayta yo‘naltirish orqali qo‘shimcha xarajatlar, sud jarayonlarining kechiktirilishi kabi fuqarolarga kelib chiqayotgan noqulayliklar oldini olish maqsadida O‘zbekiston fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar to‘g‘risidagi 2002 yil 7 oktyabrdagi Kishinyov Konvensiyasiga qo‘shilgan.

Konvensiyaga qo‘shilish Ozarboyjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonning vakolatli organlari tomonidan bevosita munosabatni amalga oshirishning huquqiy asosini yaratadi. Biroq O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida o‘zaro huquqiy yordam ko‘rsatish masalalari bo‘yicha hududiy va boshqa organlari orqali o‘zaro aloqalarni amalga oshirish imkoniyatini yaratmaydi, chunki Rossiya Federatsiyasi bu Konvensiyaning ishtirokchisi emas», deydi u.

Shuningdek, majlisda aytilishicha, hozirda ko‘rib chiqilayotgan so‘rovlarning mutlaq ko‘pchiligi (70 foizdan ortig‘i) Rossiya Federatsiyasidan kelib tushmoqda. Shu sababli, Minsk Konvensiyasiga qo‘shimcha ravishda 1997 yil 28 martida qabul qilingan Moskva Bayonnomasining ratifikatsiya qilinishi Kishinyov konvensiyasiga a'zo bo‘lmagan davlatlar bilan mazkur munosabatlarni davom ettirishga imkoniyat yaratadi. 

Bu esa o‘z navbatida, minglab fuqarolarning fuqarolik, oilaviy va jinoyat ishlari bo‘yicha huquqiy yordam olishiga, mas'ul organlar tomonidan ushbu masalalar yuzasidan huquqiy munosabatlarni izchil davom ettirishiga xizmat qiladi.

Muhokamalar yakunida 1993 yil 22 yanvardagi Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy munosabatlar to‘g‘risidagi Konvensiya Protokolini (Moskva, 1997 yil 28 mart) ratifikatsiya qilish haqida»gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan barcha o‘qishlarda tasdiqlandi va Senatga ma'qullash uchun yuboriladigan bo‘ldi.

Илёс Сафаров
Tayyorlagan Илёс Сафаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid