Jamiyat | 21:40 / 30.10.2019
8250
4 daqiqa o‘qiladi

«Inson salomatligiga daxldor har bir vaziyat favqulodda holat hisoblanadi». SSV «Navoiyazot» raddiyasiga javob qaytardi

29 oktabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi saytida «Navoiyazot» AJga qarashli PVX zavodida yuz bergan favqulodda holatdan jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda» sarlavhali xabar e'lon qilingan edi. Ko‘p o‘tmay «O‘zkimyosanoat» AJ matbuot xizmati bu xabarga raddiya berib, 28 oktabr kuni PVX zavodi va umuman «Navoiyazot» AJ hududida hech qanday favqulodda holat yuz bermaganini ma'lum qildi. Raddiyada bemorlarda kimyoviy zaharlanish qayd etilmagani, ular shunchaki ovqatdan zaharlangani aytilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu raddiyadagi ma'lumotlarni inkor qildi. Unga ko‘ra, bemorlar gazdan zaharlangani uchun boshqa bo‘limga emas, aynan toksikologiya bo‘limiga olib kelingandi.

Ma'lum bo‘lishicha, jabrlanuvchilar xorijliklar bo‘lishgan.

«Avvalo ta'kidlashimiz lozimki, inson hayoti va salomatligi bilan bog‘liq har qanday holat biz tibbiyot xodimlari uchun favqulodda holat hisoblanadi. 

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, 2019 yil 28 oktabr kuni soat 18:30da «Navoiyazot» AJ xizmat mashinasida, tarjimon kuzatuvida 4 nafar fuqaro ko‘ngil aynish, qayt qilish, nafas qisishi, bosh aylanishi shikoyatlari bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Navoiy viloyat filiali qabul bo‘limiga olib kelingan.

Kuzatuvchi tarjimonning so‘zlariga ko‘ra, soat 16:00da «Navoiyazot» AJ hududidagi «PVX, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasi» qurilishida to‘satdan havoda o‘tkir gaz hidi paydo bo‘lgan. Natijada uch nafar ishchi ish joyida nafasi siqilib yiqilgan. Jabrlanuvchilar kuzatuvchilar yordamida voqea joyidan zudlik bilan «Navoiyazot» AJ Tibbiy sanitariya qismiga olib borilgan. Birlamchi shifokor ko‘rigidan so‘ng Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Navoiy viloyat filialiga yuborilgan», deyiladi vazirlik xabarida.

«Filialimiz qabul bo‘limida toksikolog vrach ko‘rigidan so‘ng, bemorlarda yuqori nafas yo‘llari shilliq qavatlarida giperemiya, shish aniqlangan. Bemorning shikoyati, anamnezi, obektiv ko‘rigi asosida «Noma'lum gazdan (razdrajayushchiy) ingalyatsion zaharlanish, yengil darajasi» dastlabki tashxisi qo‘yilgan.

Bemorlar tekshirish va davolash maqsadida Toksikologiya bo‘limiga yotqizilgan. Bo‘limda toksikolog ko‘rigidan so‘ng, boshqa turdagi zaharlanish klinik belgilari bo‘lmagani sababli, shuningdek, oziq-ovqatdan zaharlanish tashxisi ham inkor etilgan», – deydi RShTYoIM viloyat filiali direktori O.Inamov.

«Ma'lum bo‘ladiki, bemorlarning shikoyati, anamnezi, klinik belgilaridan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, oziq-ovqatdan zaharlanish alomatlari bo‘lmagan. Noma'lum gazdan zaharlanish tashxisining asosi esa bemorlarning shikoyati, hodisa sodir bo‘lgan vaziyat va ko‘rik vaqtida aniqlangan klinik o‘zgarishlar hisoblanadi.

Kasb mas'uliyatidan kelib chiqqan holda har bir shifokor uchun u kim bo‘lishidan qat'i nazar inson hayoti ustuvor hisoblanadi. Shundan kelib chiqqan holda Sog‘liqni saqlash vazirligi bundan buyon ham odamlar salomatligi tahdid tug‘diruvchi har qanday vaziyatni favqulodda holat hisoblab, zudlik bilan tezkor va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishda davom etadi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid