O‘zbekiston | 19:10 / 30.10.2019
5528
3 daqiqa o‘qiladi

Mehnat vazirligi to‘rtta vazifani vaqtida bajarmagan, ulardan ikkitasi migratsiyaga aloqador

Rossiyada ishlash uchun patent beruvchi markaz va Xalqaro Migratsiya Tashkilotining vakolatxonasi 2019 yil uchinchi choragida O‘zbekistonda ochilishi reja qilingan edi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov

30 oktabr kuni Oliy Majlis Senatining Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2019 yilning 9 oyidagi faoliyati yuzasidan hisobotlari eshitildi.

Ma'lum bo‘lishicha, 2019 yil uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi zimmasiga jami 25ta maqsadli vazifa yuklatilgan bo‘lib, ularning 11tasi to‘qqiz oy ichida bajarilishi lozim edi. Biroq vazirlik tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlar tahliliga ko‘ra, ularning 4tasi bajarilmagan.

Xususan, joriy yilning uchinchi choragida O‘zbekistonda Xalqaro Migratsiya Tashkilotining vakolatxonasini ochish vazifasi nazarda tutilgan. Shu maqsadda O‘zbekiston hukumati va XMT o‘rtasida bitim loyihasi ishlab chiqilgan. Tegishli tashkilotlar bilan kelishilgan holda vazirlik xati Tashqi ishlar vazirligiga kiritilgan. Lekin hozirgi kunga qadar vakolatxona ochilmagan, bu vazifa ijrosi ta'minlanmagan.

Shuningdek, vazirlik zimmasiga uchinchi chorak davomida Rossiyada mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsat (patent) beruvchi Rossiya Federatsiyasining ko‘p tarmoqli markazini O‘zbekistonda tashkil etish vazifasi yuklatilgan. Biroq buning ijrosi ham ta'minlanmagan.

Bundan tashqari, uchinchi chorak davomida bo‘sh ish o‘rinlarining mustahkam va dolzarb bazasini shakllantirish, ish bilan ta'minlangan aholi sonini aniqlash, shuningdek, bandlikka ko‘maklashish markazlari faoliyati samaradorligining asosiy ko‘rsatkichlarini aks ettiruvchi tizim ishlab chiqish va joriy etish vazifasi qo‘yilgan. Vazirlik tomonidan aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarida ushbu tizimni tajriba sifatida joriy etish bo‘yicha buyruq chiqarilgan, lekin hududlarda ushbu tizim hali amalda joriy etilmagan.

Vazir Nozim Husanov o‘z hisobotida respublikadagi ishsizlik va norasmiy bandlik darajasi haqida fikr bildirib o‘tdi.

«Vazirlik tomonidan 6ta mezon bo‘yicha ish olib borilgan. Birinchi mezon bo‘yicha respublikada ishsizlik darajasini 8,8 foizga pasaytirish borasida ishlar olib borish belgilab berilgan edi. Bugungi kunda bu ko‘rsatkich 8,9 foizga erishildi. Yil yakuniga qadar 8,8 foizga tushirishga erishiladi.

Ikkinchi mezon bo‘yicha norasmiy bandlik darajasini 56,6 foizga pasaytirish yo‘nalishi belgilangan edi, yil boshiga bu ko‘rsatkich respublika bo‘yicha 60 foizni tashkil qilar edi. To‘qqiz oy davomida amalga oshirilgan tadbirlar borasida bu ko‘rsatkich 58 foizga kamaytirildi, yil yakunigacha belgilangan parametrga erishiladi», – deya Nozim Husanovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid