AQSh Kongressi Vakillar palatasining maxsus qo‘mitasi avvalroq ushbu rezolyutsiyani ma'qullagan edi. Ovoz berish jarayoni AQShning sharqiy qirg‘og‘i mahalliy vaqti bilan payshanba kuni ertalab (Toshkent vaqti bilan payshanba kuni kechqurun) bo‘lib o‘tdi.
Rezolyutsiya qabul qilinishi uchun shunchaki vakillarning ko‘pchilik qismi ovozi yetarli bo‘lar edi. Yakunda demokratlar tomonidan nazorat qilinadigan quyi palataning 232 nafar a'zosi rezolyutsiya uchun ovoz berdi, 196 kishi qarshi bo‘ldi. To‘rt kishi ovoz berishda qatnashmadi.
Tramp o‘z odatiga ko‘ra tvitterida ushbu rezolyutsiya qabul qilinishiga munosabat bildirdi.

«Bu AQSh tarixidagi eng katta «jodugar ovi» bo‘ldi», - deya yozdi prezident.
Trampning 2020 yilgi prezidentlik saylovi kampaniyasi menejyeri Bred Paskal ko‘proq so‘z bilan izoh qoldirdi.
«Bu qonuniy saylangan prezidentni siyosiy vaj bilan hokimiyatdan chetlatishga bo‘lgan navbatdagi urinish ekanini har bir amerikalik tushunib turibdi. Bugungi ovoz berish jarayoni shuni ko‘rsatmoqdaki, impichment jarayoni avvalboshdan qalloblik bo‘lgan va Nensi Pelosi [Palata spikeri, demokrat] uni qonuniylashtira olmaydi. Har kim Ukraina prezidenti bilan telefon muloqoti rasshifrovkasini o‘qib ko‘rishi va u yerda hech qanaqa xizmat almashuvi haqida gap ketmaganiga ishonch hosil qilishi mumkin», deya yozdi u.
Ovoz berish natijalari qanday bo‘lishini oldindan aytish qiyin edi.
Ovoz berish jarayoni arafasida Vakillar palatasida faqatgina uch nafar demokrat rezolyutsiyani ma'qullamasligi, respublikachilar partiyasining kongressdagi vakillaridan olti vakili esa «Ukrainageyt» nomini olgan ushbu ish bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilishini yoqlashini bildirdi.
«Ertaga (Vashington vaqti bilan 31 oktabr kuni) Vakillar palatasining har bir a'zosi o‘zi uchun axloqiy me'yorlar partiya istaklaridan ustunmi yoki yo‘qligi, Konstitutsiya korrupsion manfaatlardan, demokratiya tamoyillari rasmiy maqomdan foydalanishdan ustunroqligiga ishonadimi yoki yo‘qligini hal qilishi kerak. Umid qilamanki, demokratlar ushbu rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlashadi va u ma'qullanadi», - degandi chorshanba kuni demokratlar vakili Xakim Jyeffris.


















