O‘zbekiston | 18:34 / 02.11.2019
67174
15 daqiqa o‘qiladi

«Ishla, ishla va yana ishla». Muhojirlarning shiori, aviachipta narxlari va o‘zaro munosabatlar haqida

Kun.uz muxbiri Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib, ushbu mamlakatda mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari bilan uchrashdi hamda ularni qiynayotgan muammolar, umuman, Turkiyadagi migrantlar hayoti, aviachiptalar va albatta vatandan ish qidirib ketishga sabab bo‘lgan bosh omil haqida, O‘zbekistonga qaytish uchun qanday shart-sharoitlar taqdim etilishi xususida suhbat o‘tkazdi.

Suhbatning birinchi qismi avvalroq e'lon qilingan edi. Endi e'tiboringizga mehnat migrantlari bilan suhbatning to‘liq talqini havola etiladi. Vatandoshlar bilan suhbatlar kunning turli vaqtlarida bo‘ldi, ammo bir xil savollar bilan olib borildi, so‘ngra ular mavzular bo‘yicha montaj qilindi.

Turkiyaga kelishga kimni nima majbur qildi?

— Farzandlarimiz kelajagi, uy-joy qurish. Hech kim bizni majburlab ket,demadi. Oilamizni oyoqqa turg‘azish, dalda bo‘lish maqsad. Xo‘jayini yo‘q ayol kishi nima qila oladi farzandlari uchun?! Ayol kishi bo‘lib, o‘zimiz hayot uchun kurashishga keldik. Biz o‘zimizning kuchimiz bilan, ota-onamizning tarbiyasi bilan katta bo‘ldik. Lenin aytardiki, o‘qish, o‘qish va yana o‘qish, deb. Bizning Turkiyadagi shiorimiz ishla, ishla va yana ishla.

— O‘zbekistonda 10 yil amaliyotchi hamshira bo‘lib ishladim. Ertalab ishga ketamiz, ertasiga uyga kelamiz. Eshakday ishlaysiz, bir oylik maoshni olasiz, KRUdan keldi, SES keldi, unga pul, munga pul yig‘di-yig‘dilari bilan 400-500 mingdan ortiq pul qolmaydi. Farzandlarimiz uchun shu yerdaman. Qizim 17 yoshga kirdi. Toshkentda pulingiz bo‘lsa o‘qiysiz, bo‘lmasa yo‘q. Baribir ozgina mablag‘ingiz bo‘lmasa, men o‘zim ham o‘qiganman, a'lochilar qolib ketardi, ikkichilar kirib ketardi.

Suhbatdoshlardan biri nevaralarining to‘yini ko‘rish orzusi haqida so‘z ochdi.

— Mening ikki kelinim va ikki o‘g‘lim bor. 4 o‘g‘il, bir qiz nevaram bor, nevara to‘y ko‘ray deyman. Ularning to‘yini qilay deyman.

To‘y faqat o‘zbekning orzu-havasimi, yoki butun dunyoda ham shunday qiladimi?

— Faqat o‘zbekning orzu-havasi. Turklarning ham to‘yiga bordik, misol uchun, xonada faqat ichimliklar. (Bularda) bizga o‘xshab sakkiz ber, to‘qqiz ber degan narsa yo‘q, ovqat berish, qarz to‘lash uchun Turkiyaga kelib yashashmas. Hammasi uy-joy olib, dam olishga ketadi, bir oyga, masalan asal oyiga. Biznikilar, qarz to‘la, hoy dadasi, mana shuncha qarz bo‘libmiz, deymiz, qarz to‘laymiz faqat.

Suhbatni mehnatga haq to‘lash, mehnat sharoitlari mavzusiga burib,  ularning nima uchun Turkiyaga kelib ishlashga qaror qilganliklari, buning sabablari, oilaviy sharoitlariga qiziqamiz.

O‘zbekistonga qancha oylik berganda ketgan bo‘lardingiz?

— Tikuvchilik qilaman. Bu yerda 400 dollar topayotgan bo‘lsam, O‘zbekistonda 200 dollar ham topolmayman. Mehnat bir xil, ammo ish haqi yuqori. Shuning uchun ham (vatandan) chiqib ketasiz. Chunki, vaqt o‘tib ketaveradi. Bekorga vaqt o‘tkazishning nima keragi bor. Birov uni qaytarib bermaydi. Keyinchalik, yanayam mukammal bo‘lsangiz, 2-3 yildan so‘ng, maoshingiz 1000 dollarga borishi mumkin. O‘zbekistonda bunday imkoniyat yo‘q.

— Men o‘zim akusherkaman. 9 yil shu sohada ishlaganman. O‘zbekistonda uy ham ololmadim. Oylik kam, bola-chaqa bor, yetmaydi. (Bu yerga) uy olish uchun kelganman. Turkiyada eng kam ish haqi 2 ming TL (turk lirasi). Bu 400 dollar atrofida. Bizda ham maoshni shu qadar qilib qo‘yishsa, boshqa mamlakatga borib ishlamaydi ham.

Nima uchun o‘zbek mehnat muhojirlari hujjat qilishmaydi? Nega e'tibor berishmaydi shu masalaga?

— Masalan, meni kutib olgan tanishim, «o‘tirim izni» (Turkiyada qonuniy yashash ruxsatnomasi) qilasizmi, deb so‘raydi. Qancha ketadi, desam, 1,5 ming deydi. 1,5 mingga men bolalarimga narsa yuboraman, qildirmayman, qo‘yaver, yuraveraman, deb qunt qilmaymiz. O‘zimizda ayb.

— Bu yerga ilk kelgan odam «o‘tirim izni» rasmiylashtirishi kerak. Bundan 2-3 yil, ko‘proq yillar oldin kelganlar bunga e'tibor berishmagan. Ruxsatsiz yuraverishgan, olti oy, bir-ikki yil. O‘n yillab, hatto biometrik pasportdan oldingi pasport bilan yurgan vatandoshlar bor. Ular O‘zbekistonga ketib, xorijga chiqish pasporti bilan kelishsa, keyin bu yerda hujjat qilish mumkin.

O‘sha yashash uchun ruxsatnoma olganidan keyin bemalol yurish mumkin. Biroq, ishlashga ruxsat bermaydi bu hujjat. Ishlasangiz ham noqonuniy ishlaysiz. Ishlash uchun ruxsatnoma (chalishma izni) patentga o‘xshash narsa, ishlashga ruxsat beradi. Ish beruvchi roziligida Mehnat vazirligiga hujjat topshirgan holda, davlatga oyma-oy to‘lov turadi. Ko‘pchilik vatandoshlarimiz ayni shu hujjatsiz ishlagani uchun ushlansa, mamlakatga deportatsiya qilinmoqda. Eng katta muammo shu bugungi kunda bu yerda. Noqonuniy ishlashga umuman yo‘l qo‘yishmayapti.

— Bir yil oldin hujjatga talab yo‘q edi. Ishga kirsangiz ham hujjat so‘ralmas edi. Hozirda qayerda ishlashidan qat'i nazar, turklarning ham xorijliklarga ishonchi yo‘qoldimi, bilmayman, hujjat so‘rashyapti. Politsiya nafaqat o‘zbeklar, balki barcha xorijliklarni tekshirmoqda. Noqonuniy qolganlarni Turkiyadan chiqarib yubormoqda. Endi hamma, xohlaydimi-yo‘qmi, puli bormi-yo‘qmi, ishlash niyati bo‘lsa hujjat qilishi kerak bo‘ladi.

— O‘zbekistonda Turkiyada ishlayotganlar oyiga 400, 500 yoki 700 dollar topyapti, degan fikr mavjud. Bu bo‘lmagan gap. Har joyda bor tosh-u tarozi deyishadi, bu yerda yashash O‘zbekistondan ham qiyin. Masalan, bir haftalik ishga 100 dollarga kelishasiz, 30-50 dollar berib qo‘yadi. Haqingizni talab qilsangiz o‘zining mamlakati yo bo‘lmasa 10 kishilab keladi. Hujjat qilishga qurbimiz yetmagani bois, politsiyani chaqirish bilan ham tahdid qiladiganlari ham bor.

Demak, ishlatib ish haqini bermasdan javob berish holati ham bo‘lishi mumkinmi?

— «Mumkinmi» emas, shunday bo‘lgan. Biz kimga borib murojaat qila olamiz?

Shikoyat qilaylik desak, qo‘limizda hujjatimiz yo‘q. Politsiya ham hujjat so‘raydi. Hujjatimiz bo‘lmaganidan so‘ng, ichkariga (qamoqqa) oladi. Kelgan vaqtlarimizda juda qiynalganmiz. O‘ziga yarasha qiyinchiliklardan o‘tganmiz.

Ular Turkiyadagi mehnat migrantlari bo‘lib ishlayotgan ayollar haqida turli xil asossiz uydirmalar, ba'zi hollarda tuhmatdan iborat gap-so‘zlarga ham munosabatlarini bildirishdi.

— Bor shunaqa qizlarimiz ham. O‘z ko‘zim bilan ko‘rganman ishdan qaytayotganda yoshi katta turklarning tizzasiga o‘tirib olgan o‘zbek qizlarini. Ammo bittaning kasriga mingtasi qolib ketmoqda. Halol ishlayotganlar ko‘p.

Muloqot davomida turkiyalik suhbatdoshimiz ham ayni mavzuga to‘xtalar ekan, o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

— Bir narsa aniqki, qanchalik inkor etmang, o‘zbeklarning ko‘pchiligi (ayollarni nazarda tutmoqda) bu yerga yomon ish qilish istagida keladi. Besh barmoq bir bo‘lmas. Bizda yomonlar yo‘qmi? Bizda ham yomonlar ko‘p. Sizlardan kelganlarning yuzdan saksoni boshqa maqsadlarda keladi. Men pulni u-bu yo‘l bilan topay, deya maqsad qilishmaydi. Ularning yuzdan yetmishi u yoqda ham shu ishni qilib yurgan bo‘ladi. O‘sha iflosliklar bilan bu yerda ko‘proq pul ishlashni istaydi. Yana 10 foizi bu yerda buziladi. Qolgan 20 foizi o‘zlarini saqlab qoladi yoki yo‘q. Qanchalik inkor qilsalar-da haqiqat shu.

Suhbatimiz Turkiyada mehnat qilayotgan o‘zbek mehnat muhojirlarining o‘zaro munosabatlari mavzusiga ko‘chadi.

— Men adashib qoldim. Til bilmayman. Til bilmagandan keyin o‘zbekdan so‘raysizmi? Bir o‘zbekni ko‘rib qolib so‘rasam, vaqtim yo‘q gaplashishga deb ketvordi. Turkdan o‘zbekchalab so‘rasangiz, manzilni aytib qo‘ysangiz hisob-da, vaqti bo‘lsa oborib qo‘yadi. O‘zbeklar orasida oqibat yo‘q.

Mehnat muhojirlarining ta'kidlashlaricha, o‘zbeklarni, asosan, o‘z vatandoshlari, ya'ni u yerlarda joylashib olgan o‘zbeklar aldaydi.

— Hujjat to‘g‘rilashga e'tiborsizlik ham o‘z o‘rniga, ko‘pchilik aldanib qolishdan qo‘rqadi. Necha kishi soxta hujjat tayyorlovchilarga duch kelgan. Bu narsa (soxta hujjat qiluvchilar) migrant ko‘p bo‘lgan hamma davlatda bor. Hatto, samolyot chiptasini soxtalashtirib sotishmoqda. Qanchasi aldanib, puliga kuyib qoldi.

— Ha, to‘g‘ri. Mana yaqinginada bir tanishim O‘zbekistonga ketdi. Chiptani Kumkapidan olgandi. Aeroportga borsa, chiptasi kompyuterdan chiqmagan. Keyin, majbur 200 dollarga, o‘sha kunga joy bor ekan, yangi chipta xarid qilib ketdi.

Vatandoshlarimizga aviachiptalar haqida savol berdik. Ular «O‘zbekiston havo yo‘llari» va Qozog‘iston aviakompaniyalari taklif qilayotgan narxlar o‘rtasidagi tafovut haqida so‘zlashdi.

— «O‘zbekiston havo yo‘llari» chiptalari juda qimmat. Yaqinda davolanishga borib kelishimga to‘g‘ri keldi. Borish uchun 405 dollarga chipta oldim. Qaytishimga 300 dollardan oshiq bo‘ldi.

— Negadir, Qozog‘istonning Olmaota yoki Chimkent shaharlari orqali uchsangiz, qariyb teng yarmiga arzonroqqa chipta xarid qilish mumkin. Masalan, 3 kun keyinga «O‘zbekiston havo yo‘llari» yoki «Turk havo yo‘llari»dan chipta olsangiz, 600 dollardan arzonga topish amrimahol. Chimkentga uchadigan bo‘lsangiz, 3 kun keyinga 200 dollar atrofida. 

Kimlar osongina ish topa oladi, yuqori maoshli ish topish imkoniyati bormi, degan savol bilan murojaat qilamiz.

— Yana bir narsani aytmoqchiman. Qo‘lida hunari bor vatandoshlarimizning ish topishi muammo bo‘lmaydi. Kimdir oshpaz, kimdir elektrik. Kimdir musavvir yoki yaxshi bo‘yoqchi, suvoqchi. Kasbi bor, hunarini yaxshi bajaradigan bo‘lish kerak. Turklardan ko‘p maosh oladigan o‘zbeklar ham bor. 6000 lira – 1000 dollardan ziyod bo‘ladi, shunaqa maosh oladigan vatandoshlarimiz ham bor.

Muhojirlar hayotini yengillashtirishi mumkin bo‘lgan takliflar ham bildirildi.

— Hammayam bu yerga ishlagani kelavermaydi. Dam oladigani bor, lekin barchasi ham turk tilini bilib kelmaydi. Taklifim, aeroportda turkchani mukammal biladigan insonlarni qo‘yishsa. Yana bir narsani iltimos qilardim, bu yerda ish topib beradigan turk shirkatlari bor. Xuddi shunday o‘zbeklarga qarashli shirkatlar bo‘lishini xohlardim. Misol uchun, turk shirkatlari temizlik-tozalashga borgin, deb ishga yuboradi, lekin u yerda zo‘rlangan qizlar ham bo‘ladi. Eshikni yopib qo‘yib, bilganini qiladi. Ayrimlari pasportingni olib kel, deb olib qo‘yadi. Biror joyga shikoyat ham qila olmaydi. Aytmoqchimanki, ish topib beruvchi, shu kabi vaziyatlarga tushib qolganlarning ortida turadigan shirkatlar bo‘lishi xohlayman.

Istanbulda O‘zbekiston konsulligi bor. Ularning vakillari bilan shu yerdagi o‘zbeklar o‘rtasida biror uchrashuv bo‘ldimi?

— Umuman bo‘lgani yo‘q. Bizning holimizdan xabar oladigan odam yo‘q. O‘lamizmi-qolamizmi, o‘zimiz uchun kurashamiz. Kasal bo‘lsak ham o‘zimizni o‘zimiz davolaymiz. Rus dorixonasi bor, shu yerdan dori olib, bir-birimizga ukol qilamiz, shu bilan bo‘ldi. Shifoxonaga borsak qimmat.

Bu yerga kelib yutgan narsalaringiz nima?

— Men olgan qarzlarimdan qutuldim. Bitta qoramol oldim. Ammo yo‘qotgan narsalarim ko‘p bo‘ldi. Men bolamning tarbiyasini yutqazdim. Farzandim kasal bo‘lganida (ikkinchisi) bir ko‘rolmagan edim. 2 yildan buyon bu yerdaman. 3 yil mehr berolmadim.

— Men xursandman, prezidentlarimiz shunday yo‘lni ochib qo‘yganidan. Nima qilish kerag-u, nima qilmaslik kerakligini o‘rgandim. Halol va haromning farqiga bordim. To‘g‘ri-noto‘g‘ri yo‘lning farqiga bordim. Yaxshi va yomon odamlarni ajratadigan bo‘ldim. Qaysi yo‘ldan yursam, manzilimga tezroq, to‘g‘ri yetib borishimni o‘ylab ko‘rish imkoni bo‘ldi. Yo‘q, men yutqazmadim, yutdim Turkiyadan.

Xullas, Turkiyadagi vatandoshlarimizning so‘zlarini tingladingiz. Bular o‘zbek mehnat muhojirlari olamidan bir parcha xolos. Xo‘sh, Turkiyadagi vatandoshlarimiz duch kelayotgan muammolar nimalardan iborat?

1.    Migrantlarning o‘zi borayotgan xorijiy mamlakatda qonuniy yashash, mehnat faoliyati olib borishga doir huquqiy ma'lumotlarga ega emasligi;

2.    Qonuniy yashab, ishlashning huquqiy-ijtimoiy foydalariga e'tiborsizlik;

 3.    O‘zbekistonlik mehnat migrantlariga huquqiy yordam bera oladigan konsalting xizmatlariga o‘xshash xizmatlarning mavjud emasligi;

4.    O‘zbekistonning Turkiyadagi konsulliklarida shtat birliklarining kamligi;

5.    Xorijda 6 oydan ko‘p muddatga qolishni rejalashtirgan o‘zbekistonliklarning O‘zbekiston elchixonasi konsullik xizmatida ro‘yxatdan o‘tishsa, turli huquqiy tomondan yordam ko‘rsatilishi qulaylashiga doir ma'lumotga ega emasligi;

6.    Aviachiptalarning bozordagi o‘rtacha narxdan qimmatligi.

Albatta, yuqoridagi ro‘yxatni ancha davom ettirish mumkin. Shu o‘rinda ta'kidlashni istardikki, so‘z borgan ayrim masalalar o‘ta shaxsiy muammolar kabi tuyulsa-da, aslida har bir inson o‘zbek jamiyatining bir bo‘g‘ini e'tiboridan mehnat muhojirlari bilan bog‘liq masalalarni aynan kichik ko‘ringan muammolarni hal etishdan boshlashimiz zarur. Bunda barcha birdek harakat qilishi, tashabbus ko‘rsatishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi, nazarimizda.

Tolib Rahmatov
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid