O‘zbekiston | 15:41 / 02.11.2019
8639
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqand viloyati hokimi isitish tizimi, tabiiy gaz va ko‘mir bo‘yicha ma'lumot berdi

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida isitish tizimi, tabiiy gaz va aholiga ko‘mir yetkazish masalalari bo‘yicha ma'lumot berildi.

Viloyat hokimining ma'lum qilishicha, shu vaqtgacha tabiiy gaz limit asosida berilgan bo‘lsa, endilikda talabga qarab yetkaziladi. Bu tizimda ham asosiy muammolardan biri – o‘tgan asrda qurilgan tarmoqlarning o‘z vazifasini o‘tab bo‘lgani. Tarmoq va inshootlarni yangilash uchun o‘tgan yili 16 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, bu yil 76 milliard so‘m ajratilgan. 

Qish mavsumida eng ko‘p talab qilinadigan mahsulotlardan biri – ko‘mir ta'minoti bo‘yicha ham ma'lumot berildi:

“Bu yilgi kuz-qish mavsumida viloyat bo‘yicha 111 ming tonna ko‘mir yetkazishimiz kerak. Qaysi hududda ko‘mirga ehtiyoj bo‘lsa, yetkazib berishni qat'iy nazorat qilamiz. Bir narsani alohida aytishimiz kerak. Ko‘mir turli narxda sotilib, kelishmovchiliklar bo‘lishi mumkin. Aholi bilishini istardim: bir tonna briket 412 500 so‘mdan sotiladi, bir tonna ko‘mir esa 300 300 so‘m. Viloyatning har qanday hududida shu narx bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, Qozog‘istondan import qilinadigan ko‘mirning bir tonnasi 635 000 so‘mdan beriladi. Agar shu narxda yuqorida sotilsa, demak korrupsiya, o‘g‘irlik sodir etilgan bo‘ladi”.

Shuningdek, tadbirda endilikda issiqlik ta'minotida markazlashgan issiqlik tizimining samara bera olmasligi, uning o‘rniga kichik lokal qozonxonalar barpo etish kengaytirilishi ma'lum qilindi.

Mavzuga oid