O‘zbekiston | 18:52 / 07.11.2019
6074
4 daqiqa o‘qiladi

Qurilish vazirligi delegatsiyasi Rossiya va Turkiya tajribasini o‘rganib qaytdi

Foto: Qurilish vazirligi

Delegatsiya a'zolari Rossiya va Turkiyadagi sohaga aloqador qator tashkilot va vazirliklarda uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi delegatsiyasi xorij tajribasi bilan tanishish maqsadida Rossiya Federatsiyasi va Turkiya Respublikasida bo‘ldi. Bu haqda vazirlik  matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, Rossiya Federatsiyasiga tashrif davomida delegatsiya Moskva shahar Arxitektura va qurilish qo‘mitasi, FAU «Glavgosekspertiza Rossii», Qurilishda normalash, standartlashtirish va muvofiqlikni texnik baholash Federal markazi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Federal g‘aznachiligida uchrashuvlar o‘tkazishdi.

Delegatsiya Moskva shahridagi yangi me'moriy yechimlar, shaharsozlik faoliyati boshqaruvining axborot-tahliliy tizimini o‘rgandi. 

Delegatsiya a'zolari Rossiya Federatsiyasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi qoshidagi FAU "Glavgosekspertiza Rossii"faoliyati va raqamli texnologiyalar qo‘llanishi bilan tanishishdi hamda texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlikka erishdilar. 

Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi faoliyati va Federal g‘aznachiligining qurilish sohasida tutgan o‘rni bilan tanishishdi. G‘aznachilikda tatbiq etilgan davlat xaridlarining elektron tizimi va normativ-huquqiy hujjatlar o‘rganildi.

Shuningdek, safar davomida delegatsiya a'zolari Turkiya Respublikasining bir qator idora va tashkilotlarida, xususan, Turk Dunyosi muhandislari va arxitektorlari ittifoqi, Abdulloh Gyul universiteti, Kayseri shahri munitsipalitetida turli darajadagi uchrashuvlar o‘tkazib, «Qurilishdagi narxlar va BIM texnologiyalar» mavzusi bo‘yicha xalqaro konferensiya va amaliy seminarda ishtirok etishdi.

Delegatsiya Atrof-muhit va shaharsozlik, Qishloq xo‘jaligi vazirliklarida ham qator uchrashuvlar o‘tkazdi.  

Atrof-muhit va shaharsozlik vazirining o‘rinbosari Mujahit Demirtosh bilan uchrashuv chog‘ida qurilish, shaharlarni o‘zgartirish va urbanizatsiya masalalari yuzasidan fikr almashildi. Uchrashuv chog‘ida vazir o‘rinbosari to‘plangan tajribalarni O‘zbekistonga yetkazishga tayyor ekanliklarini, vazirlikning muhim faoliyatlaridan biri bu mamlakatning fazoviy strategiyasi rejasini tayyorlash ekanini aytib o‘tdi. Ushbu reja tufayli qishloq xo‘jaligi va sayyohlik hududlari himoya qilinib, atrof-muhit va tabiatga sezgir bo‘lgan yangi sanoat zonalari yaratilishi, bu esa mamlakat iqtisodiyotiga o‘z hissasini qo‘shishda dunyoda ikkinchi o‘rinda turishini ta'kidladi. 

Bugungi kunda turk qurilish kompaniyalari O‘zbekistonda 3 milliard AQSh dollarilik 148 loyihani amalga oshirmoqda. Joriy yilning  yanvar oyida Atrof-muhit va shaharsozlik vazirligi urbanizatsiya sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi loyihasini taqdim etgan. Ushbu o‘zaro anglashuv memorandumi orqali ko‘plab sohalarda islohotlarni amalga oshirish tezlashadi va ikki mamlakat o‘rtasida bilim va tajriba almashinuvi ta'minlanadi.

Mavzuga oid