O‘zbekiston | 11:19 / 07.11.2019
12916
15 daqiqa o‘qiladi

Tibbiyot xodimiga tajovuz uchun javobgarlik: deputatlar qonun loyihasini qayta ishlash uchun qaytarishdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati

Parlament quyi palatasining 6 noyabr kuni o‘tkazilgan navbatdagi majlisida «Tibbiy yordam ko‘rsatish vazifasini bajarayotgan tibbiyot xodimlarini himoya qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Qonun loyihasi xizmat vazifasini bajarayotgan tibbiyot xodimlariga tajovuz qilgan shaxslarga nisbatan ma'muriy va jinoiy javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutadi.

Deputat Zumrad Bekatova ushbu qonun loyihasi 2019 yil 9 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida birinchi o‘qishda qabul qilinganidan so‘ng o‘tgan vaqt mobaynida ishchi guruh tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda qilingan ishlar, deputatlarning birinchi o‘qishda bildirgan takliflaridan kelib chiqib kiritilgan o‘zgartirishlar haqida ma'lumot berdi.

Qonun loyihasi muhokamasida so‘zga chiqqan deputatlar uning dolzarbligini e'tirof etgan holda loyihada ko‘zda tutilmagan jihatlar, yuridik texnika talablariga to‘g‘ri kelmaydigan holatlar haqida fikr bildirishdi.

«Qonun loyihasi Jinoyat kodeksidagi normalari takrorlayapti, bu noto‘g‘ri»

Jahongir Shirinov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi «Milliy tiklanish» fraksiyasi a'zosi:

– Qonun loyihasi konsepsiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Bizningcha, tibbiyot xodimlarining himoyasini yanada kuchaytirish kerak. Chunki bugungi kunda shifokorlarimiz xalqning salomatligi yo‘lida xizmat qilishmoqda. Lekin oxirgi paytlarda ularga nisbatan turli noqonuniy xatti-harakatlar – urish, haqorat qilish, tahdid qilish juda ko‘p uchrayapti. Shunday ekan, tibbiyot xodimlarining huquqiy himoyasini kuchaytirmasdan turib biz tibbiy xizmatning sifati haqida gapirolmaymiz. Qonun loyihasi konseptual jihatdan olganda mavjud ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga xizmat qiladi. Uni qo‘llab-quvvatlashimiz lozim. Lekin qonunning hozirgi tahriri shifokorlarning himoyasini ta'minlay olmaydi. Unda bir qator e'tibordan chetda qolgan masalalar bor. Biz ularni bartaraf qilmasak, ertaga bir qator muammolarni keltirib chiqaradi.

Avvalo, tibbiyot xodimlariga nisbatan har qanday jinoyatni kerak bo‘lsa jazoni og‘irlashtiruvchi holat deb qabul qilishimiz kerak. Shunday ekan nimaga biz Jinoyat kodeksining 56-moddasiga o‘zgartish kiritmayapmiz? Vaholanki, 56-moddada xizmat vazifasini bajargani munosabati bilan shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar jazoni og‘irlashtiruvchi holat sifatida ko‘rsatilgan.

Ikkinchidan, ko‘p hollarda biz ko‘ramizki, shifokorlarni haqorat qilish holatlari ham kuzatiladi. Qonun loyihasida esa faqat shifokorlarga tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq masalalarga e'tibor qaratilayapti-da, lekin haqorat qilish masalasi, ya'ni Jinoyat kodeksining 140-moddasi e'tibordan chetda qolayapti.

Uchinchidan, Jinoyat kodeksining 104, 105-moddalariga kiritilayotgan qo‘shimchalarning matni yuridik texnika qoidalariga, tilshunoslik qoidalariga to‘g‘ri kelmayapti. Qolaversa, taklif etilayotgan qo‘shimchada xizmat vazifasini bajarayotgan yoki tibbiy yordam ko‘rsatayotgan tibbiyot xodimlari nazarda tutilyapti. Holbuki, tibbiyot xodimi tibbiy yordam ko‘rsatib bo‘lgandan keyin ham tahdid, haqorat, tajovuzga uchrayotgan holatlarni ko‘rib turibmiz.

To‘rtinchidan, Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan yangi 1121-moddaning nomi «Tibbiyot xodimlariga tajovuz qilish» deb nomlangan holda uning dispozitsiyasi tibbiyot xodimlarini o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish yo‘li bilan qo‘rqitish deb keltirilyapti. Bu bir-biriga mos emas, ya'ni tajovuz qilish degan masalani ochib bermayapti. Bundan tashqari, ushbu moddaning matni amaldagi 112-moddaning 3-qismi bilan o‘xshash bo‘lib, hatto sanksiyalari ham bir xil. Mazkur moddaning kiritilishi Jinoyat kodeksining konstruksiyasini buzyapti, ya'ni aynan bitta masalani takrorlayapti.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, bu qonun loyihasini yanada kuchaytirishni, ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqmaslikni taklif etaman.

«Bu qonun qabul qilinsa, ertaga MIB xodimlari ham qonuniy himoya talab qilishi mumkin»

Bekzod Ortiqov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi «O‘zLiDep» fraksiyasi a'zosi:

– Haqiqatan ham qonun loyihasining taklif etilayotgan matni, yuqorida aytilganidek, Jinoyat kodeksidagi mavjud moddalarni takrorlayapti. Kiritilayotgan tahrirlar esa amaldagi mavjud normani alohida sohalar bo‘yicha biriktirilsa, boshqalar ham ertaga xuddi shu mazmunda chiqishi xavfini yuzaga keltiradi. Masalan, MIB xodimlari bilan fuqarolar o‘rtasida joylarda muammolar yuzaga kelmoqda. Ular ham ertaga talab bilan chiqishi mumkin.

Shuning uchun Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksdan bu masalani olib tashlab, faqatgina «Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi qonunga kiritilayotgan 411-moddani kuchaytirib qoldirish masalasini taklif qilmoqchiman. Shu bilan biz amaldagi Jinoyat kodeksidagi mavjud normalarni ishlata olgan bo‘lardik.

Chunki agar Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan normalarni ko‘radigan bo‘lsak, u yerdagi sanksiyalar ham o‘zgargani yo‘q. Javobgarligini oshiramiz, kuchaytiramiz deyapmiz, bu masalayam bo‘lgani yo‘q. Sub'yektlar masalasi bor, xizmat burchini bajarish masalasiyam bor. Jinoyat kodeksimizda hamma masalalar berilgan. Muammo faqat amaliyotning masalasi bilan bog‘liq bo‘lib qolayotganini ko‘rishimiz mumkin. Shuning uchun ertaga ishlaydigan darajadagi qonun loyihasi qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Yuqoridagilarni inobatga olib, qonun loyihasini qaytadan ko‘rib chiqish, takomillashtirish zarur deb hisoblayman.

«Odamlar tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuzlar javobsiz qolmasligini bilishi kerak»

Rasul Kusherboyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi «O‘zLiDep» fraksiyasi a'zosi:

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati

– Bu qonun loyihasining kiritilishida profilaktik maqsad yotibdi. Ya'ni tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuzlar javobsiz qolmasligi va bu mumkinmasligini alohida ko‘rsatish va buni fuqarolarning ongiga yetkazish maqsadi turibdi. Boshqa sohalar ham keyinchalik ana shunday himoya normalarini talab qilishadi deb umumiy javobgarlik belgilaydigan bo‘lsak, unda, kelinglar, ichki ishlar xodimlari uchun alohida qonun qabul qilingan, boshqa soha xodimlari uchun alohida qonun qabul qilingan, ulardan ham ana shunday normalarni olib tashlaylik-da, ularga nisbatan tajovuz holatlari uchun javobgarlik ham umumiy bo‘lsin. Nima uchun ushbu qonunlarda ana shunday normalar turibdi? Chunki kasbining o‘ziga yarasha qiyinchiliklari hisobga olinib, ularga nisbatan tahdid, haqorat va tajovuzlar bo‘lganda javobgarlik belgilangan-ku?!

Nega tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuz bo‘lib turganda buni alohida ko‘rsata olmaymiz?! Nima, ularni ko‘rib turibmiz-ku jamiyatning, odamlarning qanchalik e'tiroziga sabab bo‘lyapti. Ba'zi bir odamlarning noto‘g‘ri xatti-harakati orqasidan do‘pposlanyapti. Uyam o‘zining halol ishini qilyapti, xizmatini qilyapti.

Shuning uchun profilaktik nuqtayi nazardan katta ahamiyatga ega. Shu jihatiga e'tibor qarataylik. Mayli, qonun loyihasida belgilangan javobgarlik Jinoyat kodeksidagilar bilan bir xildir, boshqadir, lekin odamlarda: «Shifokorlarga nisbatan, tibbiyot xodimlariga tahdid tajovuz qilib bo‘lmaydi, mana, qonunda turibdi», degan tushuncha bo‘ladi.

Normalarni umumiylashtirish ketmaydi. Shuning uchun profilaktik nuqtayi nazardan buni qoldiraylik va bu tibbiyot xodimlariga o‘zining ishiga nisbatan rag‘bat, ruhiy madad beradi. To‘g‘ri amaliyotda qonunchilik texnikasi nuqtayi nazaridan qanaqadir alohida bir yuk bermasligi mumkindir, lekin buni umuman odamlarga boradigan axborot kuchi bunda judayam katta ahamiyatga ega.

Menimcha, bu qonun loyihasini qo‘mita uzoq o‘ylab muhokamaga olib chiqqan, shu nuqtayi nazardan biz qo‘mitaning taklifini qo‘llab-quvvatlashimiz kerak.

«Tajovuz o‘z-o‘zidan yuzaga kelmaydi, bunda shifokorlarning ham hissasi bor»

Abdurashid Abduqodirov

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi «O‘zLiDep» fraksiyasi a'zosi:

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati

– Jahongir Shirinov, Bekzod Ortiqovning yuqoridagi fikrlarini men ham qo‘llab-quvvatlayman. Sababi, misol uchun, o‘sha shifokorga nisbatan bo‘layotgan tajovuzlarga nima sabab bo‘ldi, degan savol bor.

Bemoringizni davolagani kelib sizga yordam bermoqchi bo‘lgan odamga nahotki o‘zizdan o‘ziz tashlanib qolasiz, tajovuz holatiga tushib qolasiz? Hozir shifokorlarning mana shunaqa holati ko‘payib ketishining oldini olish uchun shularga bo‘layotgan tajovuzga nisbatan javobgarlik kuchaytirilyapti yoki belgilanyapti. Bu noto‘g‘ri yondashuv.

Tajovuz qilish nimadan yuzaga kelyapti? Shifokorning o‘sha yerda yotgan bemorga nisbatan tamagirlik holatini eshitganizdan keyin tepa sochingiz tikka bo‘ladi. Yaqinda o‘zimizdayam shunaqa holat bo‘ldi. Bunga chidab turish qiyin. Shu nuqtayi nazardan, birinchi o‘rinda, qonun loyihasida yuqorida aytilgan kamchiliklarni bartaraf qilib, takomiliga yetkazilib, qaytadan muhokama qilish, shu bilan birga, tibbiyot xodimlarining kasbiy majburiyatini bajarmayotganiga nisbatan ham javobgarlikni loyihaga kiritish kerak.

Sababi, hozir mening fikrim bo‘yicha, tibbiyot xodimlariga bo‘layotgan tajovuzlar ularning zimmasiga qo‘yilgan kasbiy majburiyatini u yoki bu sabab bilan bajarmagani nuqtayi nazaridan kelib chiqadi. O‘zidan o‘zi bo‘lmaydi. Yo tez tibbiy yordam kech qolgan bo‘lishi mumkin, yo chaqiruv bo‘yicha kelgan tibbiyot xodimining malakasi yetishmaydi. Yoki noto‘g‘ri muolaja qilib qo‘yadi, oddiy tomirga tusholmaydiganlar qancha! Shifokorning kichkinagina xatosi bilan butun umr majruh bo‘lib qolgan odamlar ham ko‘p. Buni nima bilan baholash mumkin?

Shu nuqtayi nazardan ayni qonun loyihasi bilan birga shifokorlarning yoki hamma davlat xizmatchilarining kasbiy majburiyatlarini to‘laqonli bajarmayotganiga nisbatan javobgarlik masalasiniyam olib kirish kerak. Sababi qonun loyihasida tibbiyot xodimlariga nisbatan javobgarlik yo‘q, faqatgina ularga qilanadigan tajovuzga nisbatan javobgarlik belgilanadigan bo‘lsa, fuqarolarga nisbatan adolatsizlik bo‘ladi. Tibbiyot xodimlari bir tomonlama himoyalangan bo‘ladi. Yaxshi, himoya qilaylik. Lekin yaqinining joni, hayoti tashvishida turganlar uchunam nimadir qilib berish kerak-ku!

Men tajovuzni oqlamayman, har qanday holatda qonuniy jazo choralari ko‘rilishi kerak. Lekin bu degani kasbiy majburiyatini to‘laqonli bajarmayotganlarga nisbatan javobgarlikni kuchaytirmaslik degani emas-ku! Shuning uchun qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda muhokama qilish uchun loyiq emas deb hisoblayman.

«Qonun loyihasini tibbiyotchilar kutib o‘tiribdi»

Inoyat Hojiyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi:

– Qo‘mitamiz tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasi shu darajada dolzarbki, unga nisbatan 4 nafar deputatimiz fikr bildirishdi, to‘rttasiyam keskin fikr. Deputatlarimizni eshitdik. Qonun loyihasini yana ishlashga biz qarshimasmiz. Deputatlarimizning taklif va e'tirozlarini inobatga olib, parlament quyi palatasining ishonch telefoniga shu loyiha yuzasidan kelib tushgan murojaatlarni o‘rganib, qonun loyihasini qayta ko‘rib chiqib, keyingi yalpi majlislarga muhokamaga qo‘yishni maqsadga muvofiq deb hisoblayapmiz.

Shuniyam aytish kerakki, mazkur qonun loyihasini bugun tibbiyotchilar kutib o‘tiribdi. Deyarli har haftada tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuz bo‘lyapti. Deputatlardan mazkur qonun loyihasini takomillashtirish yuzasidan fikrlari bo‘lsa berishlarini iltimos qilib qolardim.

Qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilganimizga bir oy bo‘layotgan bo‘lsa-da, haligacha bu bo‘yicha takliflar kelishda to‘xtamayapti. Barcha takliflarni ko‘rib chiqib qonun loyihasini takomillashtirishga, yuqorida deputatlarimiz ta'kidlaganidek, ishlaydigan, mukammal qonun loyihasini tayyorlab, parlament muhokamasiga olib chiqishga harakat qilamiz. Hurmatli Spiker, bugun qonun loyihasini ovozga qo‘ymasdan qo‘mitaga qaytarishingizni so‘rayman.

«Tez yordamdagilarning yonida quroli bo‘lmasa, tansoqchisi bo‘lmasa, ichki ishlar xodimi birga bormasa...»

Nurdinjon Ismoilov

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri:

– Qo‘mita raisi yaxshi taklif berdi deb o‘ylayman. So‘zga chiqqan deputatlarimizning fikriga ham qo‘shilaman. Boshqa deputatlarimiz ham mazkur qonun loyihasi yuzasidan fikr bildirish istagida, ulardan ham o‘z mulohazalarini qo‘mitaga taqdim etishlari iltimos qilardim. Qo‘mitaga birinchi iltimosimiz: Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislari, Jinoyat kodeksi, Ma'muriy javobgarlik huquqi, jinoyat huquqi bo‘yicha olimlarimiz, ekspertlarimizni chaqirib, ishlab chiqilayotgan qonun loyihasini Jinoyat kodeksi tuzilishini buzmaydigan qilish kerak.

Qonun loyihasini tezroq ishlab chiqmasak bo‘lmaydi. Xalq kutyapti. Bugungi majlisda so‘zga chiqqan deputatlarning fikrlariyam inobatga olinishi kerak. Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislari zimmasidagi kasbiy majburiyatini bajarmagani yoki chaqiruvga kechikib borgani uchun qancha tibbiyot xodimi javobgarlikka tortilganiniyam tahlil qilib berishsa yaxshi bo‘lardi.

Bu qonun loyihasini hammamiz birinchi o‘qishda ma'qullaganmiz. Haqiqatda tibbiyot xodimlarini himoya qilmasak bo‘lmaydi. Ayniqsa, tez tibbiy yordam xizmati xodimlarini. Hamma kunduzi ishlasa, tez yordamgilar kechasi ishlaydi. Tez yordamdagilar chaqiruv bo‘yicha qayergadir boradigan bo‘lishsa, ularning himoyasi bo‘lishi kerak. Yonida quroli bo‘lmasa, tansoqchisi bo‘lmasa, ichki ishlar xodimi, boshqasi birga bormasa... Bu xavfli. Yana  haqorat eshitgandan keyin, kerak bo‘lsa, do‘pposlangandan keyinam u baribir kasalga yordam berishi kerak, yordam ko‘rsatyapti.

Shuning uchun bu masalada qonun loyihasini konseptual maqullaymiz, to‘g‘ri fikrlar aytildi va loyiha yuridik jihatdan to‘g‘ri bo‘lishi kerak. Qonun loyihasi kelgusi yig‘ilishlardan biriga emas, aynan keyingi majlisimizga tayyor bo‘lishi kerak, ishni bugundan boshlash kerak.

Mavzuga oid