Jamiyat | 11:32 / 07.11.2019
15573
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ayrim avtobuslarning harakat yo‘nalishi vaqtincha o‘zgartirildi

Toshkent shahrining Yangi Sergeli yo‘li va Choshtepa ko‘chalari chorrahasi yopilganligi munosabati bilan “4-avtobus saroyi” MChJga biriktirilgan 57-, 84-, 122-avtobus yo‘nalishlari harakati vaqtincha o‘zgartirildi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahrida keng ko‘lamda davom etayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari jamoat transporti harakatiga ham o‘z ta'sirini ko‘rsatmoqda. Shu sabab yo‘llarda tirbandliklar yuzaga kelmoqda, bu jamoat transporti – avtobuslar harakati, ular o‘rtasidagi intervallarning uzayib ketishiga olib kelmoqda. Ana shunday muammolarning oldini olish maqsadida avtobus yo‘nalishlariga vaqtincha o‘zgartirishlar kiritildi.
 
“Toshshahartransxizmat” xabariga ko‘ra, 57-sonli “Erkin qo‘rg‘oni – Oloy bozori” va 84-sonli “Obod turmush MFY – Gulobod ko‘chasi” avtobus yo‘nalishlarining “Erkin qo‘rg‘oni” bekatidan harakatlanish yo‘nalishi bir tomonlama, ya'ni, Choshtepa, Yangi Sergeli yo‘li ko‘chalari, THAY ko‘prigi va Yangi Sergeli yo‘li ko‘chasi orqali o‘tib, keyingi harakatni o‘z yo‘nalishida davom ettiradi. 

122-sonli “Karvon bozori – Qo‘yliq M2” avtobus yo‘nalishining “Qo‘yliq bozori” bekatidan harakatlanish yo‘nalishi bir tomonlama — THAY, Yangi Sergeli yo‘li ko‘chalari, Yangi Sergeli yo‘li va Gavhar ko‘chalari chorrahasi, Yangi Sergeli yo‘li va Choshtepa ko‘chalari orqali o‘tib, keyingi harakatni belgilangan yo‘nalishda davom ettiradi.

Mavzuga oid