Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Viloyatlardagi qator shaharlar va Toshkentdagi tumanlarda soliqlarni to‘liq undirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 noyabr kuni joriy yilda davlat budjetiga tushumlar prognozi ijrosini ta'minlash, tadbirkorlik va kichik biznesni joylarda yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni aniqlash va ishga solish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar samaradorligi hamda bu boradagi dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.
Davlat rahbari yig‘ilish davomida joylarda tadbirkorlar ishtirokida yangi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish quvvatlarini yaratishga kuchli turtki berish kerakligini ta'kidladi.
«Bugungi kunda 49 tumanda ishlab chiqarish va 63 tumanda xizmat ko‘rsatish hajmining juda pastligi – ulardagi mavjud salohiyat, yer, xomashyo va mehnat resurslari to‘liq safarbar qilinmaganidan dalolat beradi.
Shuning uchun Iqtisodiyot va sanoat vazirligi rahbarlari boshchiligida joylarda sanoat va xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha doimiy ishchi guruhlar tashkil qilindi va ularga tarmoqlar biriktirildi.
Ushbu tuzilmalarga tarmoqlar bilan birga har bir tuman va shahar salohiyatini o‘rganib, 2020 yilda yangi quvvatlar tashkil etish, infratuzilma va xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar dasturini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Bunda respublika bo‘yicha qariyb 1,5 mingta davlat mulki va davlat ulushi mavjud obektlarini sotish hamda 70 mingta tadbirkor faoliyatini tiklash muhimligi qayd etildi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Shuningdek, Davlat bojxona qo‘mitasiga kelgusi yil 1 yanvardan boshlab eksport-import operatsiyalari uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni «Yagona darcha» bojxona axborot tizimi orqali elektron shaklda olinishini yo‘lga qo‘yish topshirilgan.
Biznes-ombudsman boshchiligida tuzilgan maxsus ishchi guruhga so‘nggi uch yilda tadbirkorlar tomonidan import qilinib, bugungi kunda ishlatilmay turgan 305 million dollarlik uskunalarni to‘liq ishga tushirish yuzasidan ko‘rsatma berilgan.
2020 yilda «Biznes yuritish» reytingida O‘zbekistonning o‘rnini yanada yaxshilash, jumladan, ruxsatnoma berish va sertifikatlash tizimini soddalashtirish bo‘yicha ham vazifalar belgilangan.
O‘zbekistonning barqaror rivoji, ijtimoiy sohalarning uzluksiz qo‘llab-quvvatlanishi uchun davlat budjeti va uni shakllantiradigan tushumlar muhim rol o‘ynaydi.
Shu nuqtayi nazardan videoselektor yig‘ilishida Soliq qo‘mitasiga noyabr-dekabr oylarida salohiyatiga nisbatan soliq tushumlari yetarli bo‘lmagan Nukus, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qarshi, Namangan, Samarqand, Farg‘ona, Urganch, Qo‘qon shaharlari hamda Zangiota, G‘ijduvon, Urgut, Xazorasp va Toshkent shahrining o‘n bitta tumanida soliqlarni to‘liq undirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilish topshirildi.
«Xabaringiz bor, Xalqaro valuta jamg‘armasi, Jahon banki, xorijiy va milliy ekspertlar ishtirokida yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasi ishlab chiqildi. Joriy yil 1 oktyabrdan qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 20 foizdan 15 foizga pasaytirildi.
Soliq siyosatida olib borilayotgan islohotlarning keyingi bosqichi soliq ma'muriyatchiligini takomillashtirishdir.
Shu munosabat bilan, zamonaviy usullar va axborot texnologiyalaridan foydalangan holda, yashirin faoliyat yuritish orqali soliqdan qochishning oldini olish choralarini ko‘rish zarurligi ta'kidlab o‘tildi. Binobarin, barcha sohalarda «xufiyona iqtisodiyot» ko‘lamlarini keskin qisqartirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» ishlab chiqib, ijrosi ta'minlanadi. Jumladan, qurilish sanoatida soliqdan qochishning oldini olish uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini aniq hisoblash tizimi joriy etiladi», deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston bo‘ylab ishga tushirilayotgan yangi 145ta yirik quvvatlarda shu yilning o‘zida mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, ular budjetga qo‘shimcha daromad olib kelishini nazoratga olish zarurligi qayd etildi.
«Ma'lumki, davlat budjetining barqarorligini ta'minlashda aholi va yuridik shaxslarga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun olingan to‘lovlar ham muhim rol o‘ynaydi.
Avval xabar qilganimizdek, 2020 yildan boshlab mahalliy budjetni shakllantirish tartibi tubdan o‘zgaradi, hududlar o‘z sarf-xarajatlarini mustaqil ravishda hal qiladi. Shu munosabat bilan, endi hokimlar mahalliy budjet daromadlarini ko‘paytirish uchun ko‘proq kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari tashkil etishi, soliqlarni mustaqil ravishda yig‘ishi va bu boradagi mas'uliyatini kuchaytirishi kerak bo‘ladi», deya qayd etilgan prezident matbuot xizmati xabarida.
Videoselektor yig‘ilishida muhokama qilingan masalalar bo‘yicha mutasaddi rahbarlar va hokimlarning hisobot va takliflari eshitildi.
Mavzuga oid
17:49 / 24.04.2026
«Go‘sht va kartoshkadan hech qanday muammo bo‘lmasligi kerak» – prezident
16:59 / 24.04.2026
13 ta tuman hokimiga intizomiy chora ko‘riladi
16:21 / 24.04.2026
Prezident qator hokimlarni tanqid qildi
17:40 / 27.01.2026