Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha namunaviy amaliyotni yaratish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Davlat rahbari Toshkent shahri respublikaning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy markazi sifatidagi o‘rnini yanada mustahkamlaganini, bir so‘z bilan aytganda, poytaxtda iqtisodiy rivojlanish darajasi sezilarli oshganini ta’kidladi.

Shu bilan birga, qayerda hayot yaxshilansa, daromad ko‘paysa, o‘sha yerda «yengil pul topish» harakatida bo‘lgan jinoiy tuzilmalar ham faollashib, jinoyatning yangi usul va vositalari ham, eng avvalo, shu yerda paydo bo‘ladi.

Lekin huquq-tartibot tizimi poytaxtdagi yangiliklarga mos ishlamayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Poytaxtning huquq-tartibot idoralari rahbarlari respublikaga namuna bo‘lmayotgani, buning uchun poytaxtda resurs ham, kuch-vositalar ham, ilmiy salohiyat ham yetarli bo‘lishiga qaramasdan, haligacha eski «qolip»dan chiqib keta olmayotgani tanqid qilindi.

Har qanday huquqbuzarlikning oldini olishda asosiy bo‘g‘in – mahalla profilaktikasi. Biroq Toshkent shahridagi profilaktika xizmatlarining ishi to‘g‘ri tashkil etilmagani uchun muammolar to‘planib qolgani qayd etildi.

Respublikadagi 208 ta tuman ichida Chilonzor oilaviy zo‘ravonlik, talonchilik, bezorilik bo‘yicha, Yunusobod bosqinchilik bo‘yicha birinchi o‘rinda. Yoki o‘tgan yili Yashnobod va Mirobodda qotillik, Olmazorda tan jarohati, Shayxontohurda talonchilik holatlari eng ko‘p bo‘lgan.

Toshkent shahrida xavfsiz muhitni yaratish bo‘yicha «poytaxt namunasi» joriy etiladi. Shavkat Mirziyoyev yangi tizimni Chilonzor tumani misolida tushuntirib berdi.

O‘tgan yili tumanda oldini olish mumkin bo‘lgan 1 ming 407 ta jinoyat sodir etilgan. Ularning 40 foizi mahalla hududida bo‘lgan. O‘g‘rilik, talonchilik, tan jarohati, bezorilik kabi jinoyatlar asosan tungi vaqtda sodir etilayotgani qayd etildi.

Shu bois, jamoat xavfsizligi kuch-vositalarini boshqarish yangicha tashkil qilinadi.

Patrul-post, yo‘l-patrul, qo‘riqlash va profilaktika xizmatlari tun-u kun 3 smenali xizmat rejimiga o‘tadi hamda 70 foizi soat 17 dan tungi 3 gacha patrullik qiladi. Patrul guruhlari huquqbuzarlik to‘g‘risida xabar kelib tushganda, voqea joyiga 5 daqiqa ichida yetib keladigan tizim bo‘ladi.