Rufat Risqiyev – o‘zbek boksining chinakam afsonasi. «Toshkent yo‘lbarsi» nomi bilan tanilgan bokschining muxlislari orasida bir necha avlod vakillarining borligi shubhasiz.

Bugungi qahramonimiz sportdagi faoliyati davomida jahon va Olimpiada o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilib, AQSh, Kuba, Avstriya, Ispaniya kabi davlatlarda o‘tkazilgan xalqaro turnirlarda raqiblari ustidan olamshumul g‘alabalarga erishgan.

Uch yil avval venalar trombozi og‘irlashgani tufayli o‘ng oyog‘idan ayrilgan Rufat Risqiyev 2 oktabr kuni o‘zining muborak 70 yoshini qarshiladi. Kun.uz muxbiri o‘zbek boksidagi ilk jahon chempioni sanaluvchi taniqli charm qo‘lqop ustasi bilan suhbatlashish maqsadida uning xonadonida bo‘ldi.

– Rufat aka, muborak 70 yoshingiz bilan samimiy tabriklaymiz. Ko‘nglingizdan qanday hislar kechmoqda?

– Qutlov uchun katta rahmat. Bilasizmi, 70 yoshga kirgan bo‘lsam ham, haligacha o‘zimni 25 yoshli yigitdek his qilaman. Ko‘rganlar o‘zgarganimni sezishadi. Ammo hamon ko‘nglim yosh, nazarimda o‘zgarmaganman.

– Bir necha yil avval o‘ng oyog‘ingizni operatsiya orqali kestirib tashlaganingiz haqida gap-so‘zlar tarqalgandi. Hozir esa o‘sha mish-mishlar rostligiga ishonch hosil qildik.

– Bir paytlar devordan asfaltga sakraganimda oyog‘im jarohatlangandi. Og‘rig‘iga ahamiyat bermay, tezda tuzaladi, degan fikrda yuraverganman. Yillar davomida lat yegan joyi yiringlab ketibdi. Shifokorga uchrasam, oyog‘imni kesib tashlash kerakligini aytdi. Shundan so‘ng o‘sha holatda ham yana yarim yil yurdim. Keyin oxiri o‘ng oyog‘imni kestirib tashlashga majbur bo‘ldim.

 – Kun bo‘yi bir joyda o‘tirib zerikmaysizmi?

– Yo‘q, aslo zerikmayman. 16 yoshdan 27 yoshgacha shunaqa ko‘p yurganmanki, samolyotma-samolyot, musobaqama-musobaqa, mashg‘ulotma-mashg‘ulot yurib, o‘n yildan ortiq umrim o‘tdi.

Bir safar Bolgariyadan Rossiyaga uchib keldim. O‘sha zahoti Moskvadan to‘g‘ri Germaniyaga jo‘nashim kerak edi. Ammo mas'ullar Germaniyaga emas, Toshkentga uchib ketishim zarurligi va bir necha kun hordiq olib, so‘ng Germaniya tomon uchishimni aytishdi. Shunda quvonganimdan «Uraa uyga boraman!» deya rosa sakraganman. O‘zim istagan dunyoning ko‘p davlatlarida bo‘ldim. Faqat Italiya va Fransiyaga borolmaganman.