– Odiljon Karimovich, mavzu bo‘yicha fikringizni bilishdan oldin bir savol bermoqchiman: hozirgi kunda bu borada juda kuchli bahs-munozaralar ketmoqda, ularni kuzatib boryapsizmi? Odamlarning faolligini qanday baholaysiz?

– Albatta kuzatib boryapman va xursand bo‘lyapman. Bir tarafdan yurtdoshlarimizning davlatimizdagi iqtisodiy jarayonlarga befarq emasligiga, ikkinchi tomondan ayni shu mavzu xalqimiz e'tiboriga tushganiga va atroflicha tahlil qilinayotganiga. Demak, bu masala barchaning diqqatini o‘ziga torta oldi. Ammo har qanday muhokamalar real faktlarga asoslansa, mazmunli bo‘ladi.

Ko‘pchilik bu ittifoqqa kirish masalasi Rossiyaning Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenko kelganidan keyin ko‘rila boshlandi, deb o‘ylaydi. Aslida, mutlaqo unday emas. Bu masala deyarli uch yildan beri muhokama qilinmoqda. Sababi, juda ma'noli maqolimiz bor – birlashgan o‘zar. Dunyoda turli-tuman ittifoqlar bor. Masalan, AQSh, Kanada va Meksika kabi davlatlarni o‘zida jamlagan NAFTA tashkiloti erkin savdolarga imkoniyat beradi. Yoki Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va JAR kabi davlatlar qo‘shilgan BRIKS ittifoqidagi mamlakatlar hatto bir-biriga qo‘shni ham emas. Davlatlar iqtisodiyoti yuksak darajada integratsiyalashgan, hatto yagona pul birligiga ega Yevropa Ittifoqi bu borada eng katta va eng namunali misol bo‘ladi.

– Bu masala deyarli uch yildan buyon muhokama qilinmoqda, dedingiz. Demak, jarayonni Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka saylanishi bilan bog‘lash mumkinmi?

– Davlatimiz rahbari o‘zining ilk safarlarini yaqin qo‘shni davlatlarga uyushtirganini yaxshi bilasiz. Odatda yangi saylangan prezidentlar o‘z safarlarini yirik va rivojlangan davlatlardan boshlashadi. Ammo prezidentimiz yaqin qo‘shnilardan boshladi va bunda chuqur ma'no bor. E'tibor bergan bo‘lsangiz, ma'ruzalaridan birida hatto «o‘z qo‘shnilarimiz bilan yaxshi munosabat o‘rnata olmasak, uzoq davlatlar bizga qanday ishonsin?» degan mazmundagi so‘zlar ham bor edi.

Rejadagidek, barcha qo‘shnilarimiz bilan munosabatlar iziga tushirildi, shu bilan bir paytda, iqtisodiy jihatdan katta bog‘liqlik bo‘lgan davlatlar bilan ham o‘zaro hamkorlik kuchaytirildi. Bu ittifoqqa e'tibor qaratish va kirish imkoniyatlarini o‘rganishni o‘sha jarayonlarning mantiqiy davomi deb qarashimiz mumkin.